Transkripsiya haqida umumiy tushuncha Asosiy tushunchalar:
Transkripsiya gen ekspressiyasining ilk qadami hisoblanadi. U gendagi DNK ketma-ketligini RNK molekulasiga koʻchirib olish jarayonini oʻz ichiga oladi.
Transkripsiya RNK polimerazalari deb nomlangan fermentlar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda DNK molekulasidan andoza sifatida foydalanib, RNK zanjiri sintezlanadi.
Transkripsiya uchta bosqichga boʻlinadi: initsiatsiya, elongatsiya va terminatsiya.
Eukariotlarda transkripsiyadan soʻng RNK molekulasi bir qancha oʻzgarishlarga uchraydi, bular: splaysing, oxirgi uchlariga 5ʼ qalpoq va poli-A dum biriktirish.
Transkripsiya davomida organizmda har bir genning nazorati alohida amalga oshiriladi.
Kirish Nimanidir koʻchirib olishingiz kerak boʻlganini eslay olasizmi? Balki, sizga kimdir ovozli xabar qoldirgan va siz uni qogʻozga tushirishingiz kerak boʻlgandir. Yoki sinfda yozgan narsalaringizni qayta koʻrib chiqish uchun yangidan yozishga toʻgʻri kelgandir.
Ushbu misollar transkripsiya bu maʼlumot qayta yoziladigan jarayon ekanini koʻrsatib turibdi. Transkripsiya – kundalik hayotimizda roʻy beradigan, shuningdek, bizning hujayralarimiz yanada ixtisoslashgan va aniq belgilangan tarzda bajarishi kerak boʻlgan jarayon. Biologiyada transkripsiya bu genning DNK ketma-ketligini RNK alifbosida nusxalash jarayonidan iborat.
Transkripsiya haqida umumiy tushuncha Transkripsiya genlar ekspressiyasidagi birinchi bosqich boʻlib, bunda gendagi maʼlumot yordamida oqsil funksional mahsuloti ishlab chiqariladi. Jarayonning maqsadi – DNK ketma-ketligini RNK molekulasiga koʻchirish. Oqsil kodlovchi gen uchun RNK yoki transkript polipeptid sintezida zarur boʻlgan maʼlumotni tashish vazifasini bajaradi. Eukariotlarda transkriptlar translyatsiya bosqichidan oldin bir qancha jarayonlardan oʻtadi.
Transkripsiyada DNKning maʼlum qismi ochiladi. Bitta zanjir komplimentar RNK transkriptini sintez qilish uchun andoza boʻlib xizmat qiladi. Ikkinchi zanjir, kodlovchi zanjir, RNK transkripti bilan bir xil, faqat uning tarkibida timin (T) asoslari oʻrniga uratsil (U) asoslari mavjud.
Masalan:
Kodlovchi zanjir: 5ʻ-ATGATSTSGTAA-5ʼ Andoza zanjir: 3ʻ-TASTAGAGSATT-5ʻ RNK transkript: 5ʻ-AUGAUSUSGUAA-3ʻ
Oqsil kodlovchi gen boʻla olishi uchun RNK transkripti maʼlum bir aminokislota ketma-ketligiga ega polipeptid (oqsil yoki oqsil subbirligi) sintezi uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi zarur. Ushbu holatda:
RNK transkript (messenjer (xabar yetkazuvchi) RNK sifatida): 5ʻ-AUGAUSUSGUAA-3ʻ Polipeptid: Met-Ile-Ser-STOP