III. Markazning boshqaruv asoslari va tizimi 3.1. Ishtirokchilar Kengashi Markazning rahbar organi hisoblanadi.
3.2. Ishtirokchilar Kengashi Markazning hay’at organi bo‘lib, uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasining raisi uning raisi etib tayinlanadi.
Kengash o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Kengashga oila muammolari va masalalari yuzasidan faoliyat ko‘rsatayotgan vazirliklar, jamg‘armalar, davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari a’zo etib tayinlanadilar.
3.3. Ishtirokchilar Kengashining huquq doirasiga quyidagilar kiradi:
Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash va ularning bajarilishini nazorat qilish;
Markazga oila manfaatlariga oid ilmiy-amaliy hamda uslubiy-o‘quv-tarbiyaviy dasturlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish yuzasidan buyurtmalar berish;
Markazga homiy tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatish va hamkorlik qilish, moliyaviy mablag‘lar, o‘quv-uslubiy va ilmiy ishlar uchun grantlar olish hamda chet el investitsiyalarini Markaz faoliyatiga jalb qilishda ko‘maklashish;
Markaz direktori lavozimiga nomzodlarni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etish;
Markaz direktorining o‘rinbosarlarini va ilmiy kotibini tasdiqlash;
Markaz ilmiy-uslubiy Kengashi nizomini va uning tarkibini tasdiqlash;
Markaz direktori tomonidan taqdim qilingan Markaz faoliyatining va Markaz huzuridagi ilmiy-uslubiy Kengashning yillik ish rejalarini tasdiqlash;
Markaz direktori va ilmiy-uslubiy Kengashning yil choragi bo‘yicha va yillik hisobotlarini muhokama qilish va tasdiqlash;
Markazga yuklangan vazifalarni bajarish uchun tuziladigan maqsadli dasturlarning joylardagi tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilishini ta’minlash.
3.4. Markazga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan direktor rahbarlik qiladi.
Markaz direktori maqomiga ko‘ra ilmiy-tadqiqot institutlarining direktorlariga tenglashtiriladi. Markaz direktori o‘z faoliyati bo‘yicha Ishtirokchilar Kengashi rahbariga bo‘ysunadi.
3.5. Direktor:
Markaz xodimlarining ishlarini tashkil qiladi va boshqaradi, Markaz nomidan faoliyat ko‘rsatadi, shu jumladan, uning moliyaviy-xo‘jalik ishlarini amalga oshiradi, Markaz nomidan bitimlar tuzadi, Markazning joriy, faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan barcha vazifalarni amalga oshirishga rahbarlik qiladi;
direktor o‘rinbosari va ilmiy kotib lavozimlariga nomzodlar, Ilmiy-uslubiy Kengash tarkibi bo‘yicha takliflarni tasdiqlash uchun Ishtirokchilar Kengashiga kiritadi;
o‘z vakolatlari doirasida Markazning barcha xodimlari bajarishi majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi, amaldagi qonunlarga muvofiq xodimlarni ishga qabul qiladi va ishdan bo‘shatadi. Markazning Nizom doirasidagi barcha faoliyati uchun javob beradi.
3.6. Markazda ilmiy-uslubiy faoliyat bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun direktor rahbarligida Ilmiy Kengash tuziladi. Ilmiy Kengash o‘z Nizomi asosida ishlaydi.
3.7. Markaz tizimi quyidagi bo‘limlardan iborat:
— oila salomatligining tibbiy-biologik asoslari;
— oila psixologiyasi;
— oila ma’naviyati;
— demografiya va oilaning ijtimoiy-iqtisodiy istiqboli asoslari;
— oila va huquq asoslari.
Bo‘limlarga ilmiy darajali mutaxassislar mudirlik qiladi.