Psixik taraqqiyot va ta’lim o‘rtasidagi o‘zaro munosabat.
Kichik maktab yoshining oxirlariga kelib, o‘quvchilarda faoliyat maqsadi bilan motivi o‘rtasida aloqa o‘rnatish malakasi shakllanadi. Shunday qilib, faoliyat psixologik strukturasining rivojlanish jarayonida bola xatti-harakatining xususiyatlari va faoliyatining tuzilishi o‘zgaradi. Maqsadga yo‘nalganlik, ixtiyoriylik, uyushqoqlik rivojlanadi.
Ong rivojlanish jarayonida bola tomonidan voqelikni ideal ravishda aks ettirish mexanizmlari, struktura va mazmuni o‘zgaradi. Bu ayniqsa, bola aqliy faoliyati xususiyatlarining o‘zgarishida namoyon bo‘ladi.
Ong rivojlanishining muhim ko‘rsatkichi, o‘z-o‘zini, o‘zining “Men”ini anglashdir. O‘zining “Men” ini anglash bola shaxsi rivojlanishining turli tomonlarini xarakterlovchi asosiy mexanizmlardir.
Bola psixik rivojlanishining harakatlantiruvchi kuchlari haqidagi masala ham eng muhim masalalardan biridir.
Rivojlanish, taraqqiyot haqidagi bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan 2 ta qonsepsiya mavjud. Bular:
Dialektik.
Metafizik.
Birinchi qonsepsiyaga muvofiq, taraqqiyot qarama-qarshiliklar birligidan iborat bo‘lsa, ikkinchisiga binoan taraqqiyot ko‘payish va kamayish, o‘sish, takrorlanish sifatida qaraladi. Taraqqiyotga metafizik qarashga ko‘ra, harakat taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib, uning manbalari, motivi chetda qolib ketadi. Bu qonsepsiyaning mohiyati shundan iboratki, unga muvofiq taraqqiyot – miqdoriy o‘zgarish, muayyan xususiyatning ko‘payishi yoki kamayishidan iborat. Masalan: bolaning lug‘at boyligining ko‘payishi, ya’ni so‘z boyligini to‘plash; nutq rivojlanishida xatolarning kamayishi; xotira, diqqat, ko‘nikmalar hajmining kengayishi – bolaning psixik rivojlanishi, deb qaraladi.
Dialektik qarashga ko‘ra, jamiyat va tabiatdagi har qanday harakat singari rivojlanish, taraqqiyot ham ichki qarama-qarshiliklar kurashidan iborat.
Har bir insonning, shu jumladan butun jamiyatning rivojlanish jarayonida eski shakl, g‘oya, odat, qiziqishlar o‘zgaradi, ularning o‘rniga keluvchi yangi g‘oya, odat, qiziqishlar ta’sirida qayta tuziladi. Demak, bu erda eskilik bilan yangilik o‘rtasida kurash ketadi. Shunday qilib, rivojlanish jarayonida yangi bosqich boshlanadi.
Bundan tashqari, dialektik qonsepsiya taraqqiyot deganda faqat miqdor o‘zgarishlarni emas, sifat jihatdan yangi forma va xususiyat, sifatlarining vujudga kelishini tushunadi.
Taraqqiyotning metafizik qonsepsiyasi rivojlanish manbalarini ochib bermaydi, balki uni o‘z - o‘zidan, to‘satdan amalga oshadigan jarayon deb hisoblaydi va Shuning uchun uning sabablarini bilish mumkin emas. Demak, ularning fikricha, taraqqiyot jarayonini boshqarish imkoniyatlari haqidagi masala ham o‘z-o‘zidan avtomatik ravishda yo‘q qilinadi. Bu qonsepsiyaga ko‘ra, bola – bu kichkina katta odam. Psixik rivojlanish esa – dastlab berilgan xususiyatlarning kengayishi holos.
Bola psixikasidagi eskilik bilan yangilik o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar, ziddiyat ta’lim va tarbiya jarayonida namoyon bo‘ladi hamda bartaraf qilinadi.
Kichik maktab yoshida psixik rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchi o‘qituvchi tomonidan o‘quvchi oldiga qo‘yiladigan yangi talablar bilan ularni qondirishning eski usullari, bola psixik rivojlanish darajasi, uning bilim, ko‘nikma, malakalari o‘rtasidagi ziddiyatdir. Vujudga kelgan yangi ehtiyojlarni qondirish uchun, pedagog talablarini bajarish uchun o‘quvchiga faoliyat va xatti-harakatning ancha murakkab usullarini o‘zlashtirish zarur bo‘ladi. Masalan: darsda o‘zini yaxshi tutish, tanaffus vaqtida intizomli bo‘lish talabi bilan maktabga kelgunga qadar bolada mavjud bo‘lgan odatlar (ya’ni ixtiyorsiz, impulsiv harakatlar qilish, xohishiga qarab ish tutish, irodaviy zo‘r berishning kuchsiz, zaifligi) o‘rtasidagi ziddiyatning bartaraf qilinishi natijasida bolada intizomlilik kabi ijobiy odat rivojlanadi.
Bunda bolaning potensial imkoniyatlari ham uning psixik taraqqiyotini harakatlantiruvchi kuch sifatida chiqadi.
Demak, bola psixik taraqqiyotini ta’lim-tarbiya jarayonida boshqarib borish uchun har bir Yosh davrining asosiy ziddiyatlari, qarama-qarshiliklarini yaxshi bilish va ularni hisobga olish zarur.
Ta’lim va psixik o‘sish bir-biriga mos keladigan nazariyaning namoyandalari (amerikalik psixologlar Djeyms, Torndayk va ingliz psixologi Makdugall) ning da’vo qilishicha :
ikkala jarayon bir-biriga yaqin va parallel holda boradi – ta’lim- tarbiya bilan psixik o‘sish qadam- baqadam boradi;
ta’lim va psixik o‘sish bir vaqtda amalga oshadi. Bu nazariya ikki jarayonni aralashtirib, bir-biriga tenglashtirib qo‘yadi. Bu ta’lim jarayoni o‘rganilsa, psixik o‘sish jarayoni ham o‘rganilgan bo‘ladi, degan xulosaga olib keladi. Bu nazariya bir tomonlama nazariya bo‘lib, butun e’tiborni bilish faoliyatiga qaratadi-yu, bola shaxsining hissiyoti va irodasini e’tiborga olmaydi. Odam ongining roli, inson shaxsini tarkib toptiruvchi ijtimoiy hayot va amaliyotning roli kamsitiladi yoki inkor qilinadi.
Ta’lim-tarbiya va psixik rivojlanish garchi har xil jarayon bo‘lsa-da, bir-biriga qarama-qarshi qo‘yiladigan jarayonlardir, degan uchinchi nazariyaning namoyandasi – Koffkadir. Bu nazariya dastlabki ikki nazariyani birlashtirishga urinadi, nerv sistemasining etilishi va o‘qitish jarayonlarining o‘zaro bog‘lanishini va bir-biriga ta’sir etishini aniqlamoqchi bo‘ladi. Nerv sistemasining etilish jarayoni bolani o‘qishga tayyorlaydi va o‘qiy oladigan qilib qo‘yadi, deb e’tirof etadi. O‘qitish esa, o‘z navbatida, nerv sistemasining etilish jarayonini kuchaytiradi va oldinga suradi, deydi. Bu nazariya ikki jarayonning bir qadar o‘zaro bog‘langanligini ta’kidlashi bilan oldinga qarab bir qadam qo‘yadi. Ammo bu o‘zaro bog‘lanishni abstrakt ravishda, ijtimoiy tarixiy hayot sharoitining ta’siridan tashqari, bolalarga ta’lim-tarbiya berish ta’siridan tashqarida tan oladi. Bu nazariyalarning hammasi bolalar kamolotining hal qiluvchi tomonini ko‘rmaydi, ya’ni bolalar psixikasining tarbiya va aktiv faoliyat jarayonida tarkib topishini payqaydi.
Demak, psixologiyadagi muhim masalalardan biri taraqqiyot bilan ta’limning o‘zaro munosabati haqidagi, ya’ni ta’lim o‘z orqasidan rivojlanishni ergashtirib boradimi yoki aksincha, rivojlanishga moslashib, sust ravishda uning orqasidan boradimi? degan masaladir.
Do'stlaringiz bilan baham: |