1. Totemizm. Totem so’zi - Shimoliy Amerikada yashaydigan Ojibva qabilasi tilida «uning urug’i» ma`nosini anglatadi. Uning mohiyati «odamlarning hayvonot yoki o’simlikning muayyan turlariga qarindoshlik aloqalari bor», deb e`tiqod qilishdir. Ehtimol, ma`lum bir jamoaning avvalda asosiy ozuqa manbaini tashkil qilgan hayvon yoki o’simlikka nisbatan e`tibor keyinchalik vujudga kelgan qabilaning diniy tasavvurlarining asosiy shakllaridan biriga aylangan bo’lishi mumkin. Urug’dosh guruhlar o’zlarini umumiy belgilari va totemlari bo’lgan hayvon yoki o’simlikdan kelib chiqqan deb bilar edilar. Ammo bunday totemlar va odamlar orasidagi aloqalar uzoq o’tmishga tegishlidir va bilvosita ularning mavjud bo’lganligini faqatgina qadimgi rivoyatlar tasdiqlaydi. Masalan, hozirgi davrgacha Avstraliya Aborigenlari orasida saqlanib qolgan afsonalardan ularning tasavvurlarini bilib olish mumkin.
Urug’dosh jamiyatning shakllanishi jarayonida totemizm muhim rol o’ynadi. Ayniqsa, ular qarindosh guruhlarning boshqalardan ajralishiga sabab bo’ldi. «O’zimizniki», ya`ni bir totemga tegishli degan aniq taassurot paydo bo’ldi. Totemizm ta`sirida paydo bo’lgan urf-odatlar va normalar asrlar davomida qat`iy ravishda qo’llanildi. Bu totemga xos bo’lmagan begonalar bu jamoa urf-odati va normalaridan chetda hisoblangan. Totemizmning bunday ijtimoiy roli totemistik ko’rinishlarni evolyutsion xarakteriga ham ta`sir ko’rsatdi. Vaqt o’tishi bilan qarindoshlik tizimining mustahkamlanib borishi jarayonida birinchi darajali totem tartibi haqida tasavvur ilgari surildi. Zooantropofomorf ko’rinishi bilan aralashgan holda odam bilan uning totemi qarindoshligi orasida oilaviy munosabatlar haqida, ya`ni odam vafot etgach uning o’z totemiga aylanishi yoki aksincha - totemdan qayta inson shakliga kelishi haqidagi tasavvurlar paydo bo’ldi. Birinchi tomondan buning hammasi o’tgan ota-bobolar ruhlarining kuchayishiga va ilohiy kuchlarga ishonchni oshishiga olib kelgan bo’lsa, ikkinchi tomondan totemga bo’lgan munosabatlarni o’zgarishiga, totemni ozuqa sifatida iste`mol qilishni taqiqlanishiga olib keldi. Tabu - ta`qiqlash tizimi paydo bo’ldi. Ulardan eng muhimi totemni ovqat sifatida is`temol qilishni taqiqlash edi. Faqatgina ba`zi diniy marosimlarda ruhoniylar yoki qabila boshliqlariga totemni eyish ruxsat etilardi. Shunday qilib, totemizm urug’chilik jamoasi - ijtimoiy jamoalarning eng birinchisida diniy ko’rinishlarning tarixiy asosi bo’lib qoldi.
Insoniyat rivojlanishining dastlabki bosqichlarida totemizmning asosiy vazifalari - birinchi ma`ruzada aytib o’tilganidek birlashtiruvchilik, tartibga soluvchilik edi. Totemizm diniy shakllarning dastlabkisi bo’lishiga qaramasdan, hozirda ham ko’plab xalqlarning urf-odatlarida, e`tiqodlarida uning unsurlari saqlanib qolgan (Masalan, Hindistonda sigir, Avstraliyada kenguru, Qirg’izlarda oq bug’u afsonaviy baxt keltiruvchi hayvon sifatida ulug’lanadi).
Do'stlaringiz bilan baham: |