Ko’kaldosh madrasasi - Koʻkaldosh madrasasi — Oʻzbekistonning Toshkent shahridagi meʼmorlik yodgorlik. Shahar markazining Chorsu maydonida joylashgan. Qulbobo koʻkaldosh qurdirgan (1551—1575). Madrasa (umumiy oʻlchami 62,7X44,9 metr) bosh tarzi janubga qaragan. Darvozadan kiraverishda chapda masjid, oʻngda darsxona joylashgan. Masjid va darsxonalarning tomi oʻzaro kesishgan ravoqlar ustiga oʻrnatilgan gumbazlardan iborat. Miyonsaroy 7 gumbazli. Chorsi hovlisi keng (38X26,9 metr), hujralar va ochiq ayvonlar bilan oʻralgan. Hovlining atrofidagi hujralar 38 ta boʻlib, darsxona va masjid bilan oʻzaro bogʻlangan. Madrasa dastlab 3 qavatli boʻlgan. Meʼmorlar madrasani bezashda, asosan, binoning old tomoniga eʼtibor berishgan. Peshtoqi bilan birga balandligi 19,73 metr boʻlib, sirkor parchin va girih naqshlar bilan bezatilgan. Bosh tarzining 2 burchagidagi guldastalar tepasi qafasa bilan yakunlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |