“Zamonaviy moliya” – o‘ziga xos ilmiy-amaliy fan. Unda, afsuski, hanuzgacha amaliyotimizda yetarli darajada e’tibor berib kelinmayotgan hamda qadriga yetilmayotgan vaqt va noaniqlik sharoitida defitsit pul mablag‘larining taqsimlanish masalalari o‘rganiladi. Bu o‘rinda, “vaqt” va “noaniqlik sharoitida” deb nomlangan so‘z va so‘zlar birikmasiga jiddiy e’tibor berishingizni so‘raymiz. Zamonaviy moliya ilmida bular shunchaki so‘zlar yoki so‘z birikmalari emas. Muayyan (aniq) moliyaviy qarorni qabul qilib, biznesmen (tadbirkor yoki ishbilarmon) uni moliyaviy tizim yordamida amalga oshiradi (hayotga tatbiq etadi). Moliyaviy bitimlar tuzish, aktivlar va riskni almashishda foydalaniladigan bozorlar va boshqa institutlar majmuiga moliyaviy tizim (financial system) deyiladi. Bu tizim aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa moliya instrumentlari bozori, moliyaviy vositachilar (bank va sug‘urta kompaniyalari kabi), moliyaviy xizmatlar taklif etadigan firmalar (masalan, moliya-maslahat firmalari) va shu barcha muassasalar faoliyatini nazorat qiluvchi organlarni o‘z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |