Tahlil fanining “Moliyaviy hisobot” fani bilan bog‘liqligi.
Moliyaviy hisobotlar moliyaviy tahlil fanining axborot asosi hisoblanadi.
Moliyaviy hisobotlar – foydalanuvchilar keng doirasining axborotga bo‘lgan talabini qondirish uchun tuziladi va vaqti-vaqti bilan taqdim etiladi. Moliyaviy hisobot ko‘pchilik foydalanuvchilar uchun asosiy moliyaviy axborot hisoblanadi. Ayrim foydalanuvchilar, tegishli vakolatlar bo‘lganda, moliyaviy hisobotda bor bo‘lgan axborotga qo‘shimcha axborotni talab qilishlari mumkin. Moliyaviy hisobotlar Buxgalteriya hisobining milliy standartlari (BHMS) asosida tuziladi. Zarur hollarda kompaniyalar Moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlari (MHXS) asosida tuzishlari mumkin.
Moliyaviy hisobot ana shu hisobotlarga asoslangan yoki ular bilan bog‘liq bo‘lgan izohlar, mo‘ljallar va tushuntirishlarni ham o‘z ichiga oladi. Bunday axborot sanoat va jug‘rofiy hududlarning faoliyat turlari to‘g‘risidagi moliyaviy axborotni aks ettirishi va narxlar o‘zgarishining moliyaviy natijalarga ta’sirini tushuntirib berishi kerak.
Moliyaviy hisobot – investitsiya qarorlari, kreditlar berishga doir qarorlarni qabul qilish, subyektning bo‘lg‘usi pul oqimiga baho berish, unga ishonib topshirilgan resurslarga munosabatiga, majburiyatlariga baho berishda, rahbar organlarining ishiga baho berishda muhim manba hisoblanadi. Bu baho berishlarni tahlilsiz amalga oshirishni tasavvur qilish qiyin.
Foydalanuvchilar pul mablag‘larini ko‘paytirish qobiliyatini yaxshiroq baholaydilar, agar u xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy ahvoli faoliyatini va moliyaviy ahvolidagi o‘zgarishlarni aks ettiradigan axborot bilan ta’minlangan bo‘lsa.
Xo‘jalik yurituvchi subyektning kelgusida pul mablag‘larini ko‘paytirish, ularning ko‘payish vaqtini aniq hisob-kitob qilish va natijaga erishish qobiliyatini baholash orqali boshqaruv qarorlarini sifatliligi albatta axborotlarning to‘liqligi, ishonchligi, haqqoniyligiga bog‘liqdir. O‘z navbatida axborotlarning to‘liqligi, ishonchligi, xaqqoniyligi tahlil sifatini ham belgilab beruvchi bosh omildir.
Moliyaviy tahlil shuningdek, turli xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy hisobotlarini qiyoslashni imkonini beradi.
Moliyaviy hisobot – har bitta korxonaning hisob siyosatidan kelib chiqqan holda buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobot tuzish uchun qabul qiladigan usullar va ularning qoidalari hamda asoslariga muvofiq ravishda tuziladi.
Buxgalteriya hisobini guruhlarga ajratish va xo‘jalik faoliyati faktlariga baho berish, aktivlar qiymatini to‘lash, hujjatlar aylanmasi, mol-mulkni ro‘yxatga olishni tashkil etish usullari, buxgalteriya hisobida hisobotlarni qo‘llanish usullari, hisob registrlari tizimi, axborotlarni ishlab chiqish va o‘ziga tegishli usullar, uslubiyatlar buxgalteriya hisobini yuritish usullariga kiradi.
Moliyaviy hisobot xo‘jalik yurituvchi subyekt alohida mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyektligi yoki xo‘jalik yurituvchi subyektlarning jamlangan guruhiga kirishidan qat’i nazar‚ shu xo‘jalik yurituvchi subyektning ma’lum bir davrdagi faoliyatini ko‘rsatuvchi moliyaviy axborotni taqdim etish usulidir.
Moliyaviy hisobotlar‚ shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektning rahbariyati tomonidan resurslarni boshqarish natijalarini ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |