5. Asosiy kapitalni takror ishlab chiqarish va undan foydalanish samaradorligi
Tadbirkorlik kapitali tarkibida asosiy kapital, belgilovchi rol o’ynaydi. Uning miqdor va sifat jihatdan o’sishi, takomillashib borishi ishlab chiqarishning yuksak texnika darajasini ta’minlaydi va shu asosda samaradorligini o’stiradi.
Asosiy kapitalning miqdor jihatdan o’sishi unga qo’yiladigan investitsiyalar hajmiga, sifat jihatdan takomillashishi esa investitsiya-larning tarkibiga bog’liq bo’ladi. 2008 yil Respublikada asosiy kapitalga qo’yilgan investitsiyalar xajmi 8483,7 mlrd. so’mni tashkil qilib, uning 386,5 mlrd. so’mi yoki 55,5 foizi ishlab chiqarish ob’ektlarini qurish, kengaytirish, rekonstruktsiya qilish va texnikaviy qurollantirish ishlariga sarflangan3. 2009 yilda «...iqtisodiyotga investitsiyalar kiritish xajli 8,2 milliard dollarni tashkil etdi, bu esa 2008 yilga nisbatan 24,8 foizdan ko’p demakdir, jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 68 foizga o’sdi, eng muximi ularning asosiy qismi to’g’ridan-to’g’ri kiritilgan investitsiyalar bo’lib, ularning hajmi 1,8 barobar oshdi.2
Mamlakatimizda 2010 yilda 2009 yilga nisbatan 13,6 foizga ko’p, ya’ni 9 milliard 700 million AQSh dollariga teng miqdordagi investitsiyalar o’zlashtirildi, bu yalpi ichki mahsulotning qariyb 25 foizini tashkil etadi.
Ushbu investitsiyalarning salkam 72 foizi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etishga, jumladan, 38 foizga yaqini asbob-uskuna va ilg’or texnologiyalar sotib olishga yo’naltirildi. Shu boradagi umumiy qo’yilmalar hajmida xorijiy investitsiyalar va kreditlar ulushi 28,8 foizni, to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar miqdori esa 2 milliard 400 million dollardan ziyodni tashkil etdi4.
Yarmidan ko’prog’i ishlab chiqarish ob’ektlarini qurish, kengaytirish, rekonstruktsiya qilish va texnikaviy qurollantirish ishlariga sarflangan. Ta’minlanish manbalari bo’yicha asosiy kapitalga qo’yilgan investitsiyalar tarkibi quyidagi ma’lumotlar bilan xarakterlanadi.
Milliy ishlab chiqarishning iqtisodiy samaradorligi ko’p jihatdan asosiy kapitalning miqdoriy o’sishiga emas, balki undan olinadigan samarani oshirishga, ya’ni asosiy kapitalning har bir so’miga to’g’ri keladigan mahsulot hajmini ko’paytirishga bog’liqdir. Kapitalning samaradorlik darajasi turli omillarning ta’siri ostida shakllanadi, ular orasida: asosiy kapitalning tarkibi (tarmoq tarkibi, turlari bo’yicha tarkibi) asosiy kapitaldan foydalanish va taqsimlash samaradorligi; eskirgan mehnat vositalarini yangilari bilan amashtirish yo’llari va usullari muhim ahamiyatga ega.
Asosiy kapitalning tarmoq tarkibi ularning ayrim tarmoqlar bo’yicha taqsimlanishi va kapitalning umumiy qiymatida har bir tarmoqning hissasi bilan tavsiflanadi. Agar asosiy kapital tarkibida ko’proq texnika taraqqiyoti va ishlab chiqarish samaradorligini belgilaydigan tarmoqlarning ulushi oshsa, ularning tarmoq tarkibining yaxshilanganligini bildiradi.
Asosiy kapitalning turlari bo’yicha tarkibi ularning umumiy qiymatida, har bir turlarining hissasi va nisbati bilan tavsiflanadi.
Asosiy kapitalning ayrim turlari ishlab chiqarishda o’z ishtiroki bo’yicha bir xil rol o’ynamaydi. Agar binolar asosan ishlab chiqarish jarayonining bir me’yorda borishini ta’minlab mehnatning umumiy sharoi-tini tashkil kilib, ishlab chiqarish samaradorligiga bilvosita tasir ko’rsatsa mehnat qurollari (ish mashinalari, uskunalar, va boshqalar) ishlab chiqarish jarayonida faol rol o’ynaydi va ishlab chiqarish samaradorligiga bevosita ta’sir ko’rsatadi.
Asosiy kapitalning mulk shakllari bo’yicha tarkibi, kapitalning umumiy qiymatida har bir mulk shaklining hissasi bilan tavsiflanadi.
Respublikamizning bozor iqtisodiyotiga o’tishi, davlat mulkini uning tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijasida asosiy kapitalning mulk tarkibida davlat mulkining ulushi kamayib, boshqa mulkchilik shakllari va shu jumladan, xususiy mulkning ulushi ortib boradi. Bu o’z ifodasini mulkchilik shakllari bo’yicha asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar tarkibida ham topadi. Respublikada mulkchilik shakllari bo’yicha asosiy kapitalga qo’yilgan investitsion mablag’lar tarkibi quyidagi ma’lumotlar bilan xarakterlanadi. (6-jadval).
Asosiy kapitalni takror ishlab chiqarish o’zaro bog’langan ichki jarayonlarga: asosiy kapital eskirishi, amortizatsiya jarayoni va amortizatsiya fondidan mehnat vositalarini jismoniy shaklda tiklash uchun foydalanishga tayanadi.
Mehnat vositalari jismoniy eskirishining ikki shakli mavjud: ulardan foydalanish jarayonida va harakatsiz turish natijasida, tabiiy kuchlarning ta’sirida jismoniy eskirish.
Mehnat vositalari ishlab chiqarish jarayonida foydalanish natijasida jismoniy eskirganda, ular texnik, ishlab chiqarish xossasini va iste’mol qiymatini asta-sekin yo’qotib boradi. Ayni vaqtda asosiy kapital tabiiy kuchlarning ta’sirida jismoniy eskirishi ham mumkin. Bunday eskirish qiymati qoplanmaydi va uning yo’qotishni bildiradi. Bu yo’qotish asosiy kapitalning harakatsiz turish natijasidagi eskirishiga teng bo’ladi.
Mehnat vositalari jismoniy eskirish bilan birga ma’naviy jihatdan ham eskiradi. Ma’naviy eskirishning ikki xil turi mavjud bo’lib, u bir-biridan farq kiladi.
Ma’naviy eskirishning birinchi turi mehnat vositalari tayyorlanadigan tarmoqlarda mehnat unumdorligi oshganligi natijasida ular qiymatining pasayishida ifodalanadi. Bu ishlab turgan uskunalarni yangilari bilan almashtirishni zarur qilib qo’ymaydi, chunki ishlab turgan va yangi uskunalarning texnika darajasi bir xil bo’lib qolaveradi. Biroq, ancha past qiymatga ega bo’lgan mehnat vositalarining keng qo’llanishi shunga olib keladiki, ilgari sotib olingan mehnat vositalari qiymatining bir qismi yo’qoladi. Masalan: Agar oldin bironta uskuna 100 ming so’mga olib kelib o’rnatilgan bo’lsa, bu yil uni 70 ming so’mga sotib olish mumkin bo’ladi. Shunda oldingi uskunaga sarflangan qiymatning 30 foizi yo’qoladi.
Ma’naviy eskirishning ikkinchi turida ancha mukammal, arzon va unumli mashinalarning ishlab chiqarishga kirib kelishi bilan ilgari o’rnatilgan mehnat vositalaridan foydalanish maqsadga muvofiq bo’lmay qoladi va natijada ular yangilari bilan almashtiriladi. Ma’naviy eskirishdan ko’riladigan zararning oldini olishning asosiy yo’li mehnat qurollaridan ancha samarali foydalanish hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |