3. Qiymatning turli xil nazariyalari
Iqtisodiy fanda tovar qiymatining negizini nima tashkil qiladi degan savolga javob berishda ikki xil yo’nalish bo’lib, ular o’rtasida doimiy munozaralar bo’lib kelmoqda.
Qiymatning mehnat nazariyasi tarafdorlari qarashicha, tovarlarni ayirboshlash ularning qiymati asosida amalga oshiriladi. Qiymatning miqdori esa, ijtimoiy zaruriy mehnat sarflari bilan, ya’ni ijtimoiy zaruriy ish vaqti bilan o’lchanadi.
Ijtimoiy zaruriy ish vaqti ishlab chiqarishning mavjud ijtimoiy normal sharoitida va shu jamiyatda mehnat mahorati va jadalligining o’rtacha darajasida biron iste’mol qiymatini tayyorlash uchun talab qilinadigan ish vaqtidir.
Ijtimoiy normal (yoki tipik) ishlab chiqarish sharoiti muayyan turdagi tovarlarning aksariyat qismi yaratiladigan sharoitdir. Bu odatda o’rtacha sharoit, faqat shu sharoitda o’rtacha mahoratga ega bo’lgan va o’rtacha jadallik bilan ishlaydigan ishlab chiqaruvchi bir soatlik mehnat mobaynida bir ijtimoiy normal sharoitga mos qiymat vujudga keltiradi. Xodimning mahorati va mehnatining jadalligi jamiyatda qaror topgan o’rtacha darajadan yuqori yoki pastroq bo’lsa, bu holda bir soatlik mehnat mobaynida yaratgan qiymat tegishlicha ko’p yoki kam bo’ladi.
Qiymatning mehnat nazariyasiga ko’ra ijtimoiy zarur ish vaqti o’ziga xos ijtimoiy mehnat me’yori rolini o’ynaydi. Bu me’yor bozorda aniqlanadi va tovar ishlab chiqaruvchilar unga amal qilishlari zarur. Keragidan ortiqcha mehnat sarflari jamiyat tomonidan e’tirof etilmaydi. Bozorda muayyan turdagi tovarlarning asosiy massasini ishlab chiqarish uchun zarur bo’lganidan amaldagi ortiqcha mehnat sarflariga hech kim haq to’lamaydi.
Tovar qiymatida oddiy mehnat ifodalanadi. Oddiy mehnat deganda maxsus tayyorgarlik talab qilmaydigan mehnat tushuniladi. U shunday boshlang’ich negizki, boshqa mehnat turlari malakasi jihatidan unga tenglashtiriladi. Binobarin, murakkab mehnat darajasiga ko’tarilgan yoki ko’paytirilgan oddiy mehnat sifatida namoyon bo’ladi. Murakkab mehnatni oddiy mehnatga tenglashtirish bozorda individual sarflarni ijtimoiy zarur sarflariga tenglashtirish bilan birga sodir bo’ladi.
Qiymatning mehnat nazariyasi tarafdorlari – tovar xo’jaligi sharoiti-da ishlab chiqaruvchilar o’rtasidagi aloqalarni, tartibga soluvchi, ob’ektiv qiymat qonunini mavjud bo’lishini tan oladi. Ular fikriga ko’ra, bu qonunga binoan tovar ishlab chiqarish va ayirboshlash ularning qiymati asosida amalga oshiriladi.
Qiymat qonuni tovar ishlab chiqaruvchilarni ularning individual mehnat sarflari bilan ijtimoiy zarur mehnat sarflari o’rtasidagi farqqa bog’liq holda tabaqalashtiradi, sarflarni kamaytirgan ishlab chiqaruvchilarni rag’batlantiradi va iqtisodiy resurslar hamda ishchi kuchining tarmoqlar va sohalar bo’yicha taqsimlanishini tartibga solib turadi. Masalan, eng yuksak mehnat unumdorligiga erishgan ishlab chiqaruvchilar o’z tovarlarini ijtimoiy zarur sarflaridan kamroq lekin ayrim individual sarflaridan yuqori baholarga sotishlari va yuqori foyda olishlari mumkin.
Qiymat qonunining tartibga solib turuvchi mexanizmi raqobat kurashi natijasida bozor narxlarining stixiyali ravishda tebranib turishidan, ularning ijtimoiy qiymatdan farq qilib turishidan iborat. Tovar narxi-ning ijtimoiy qiymatidan chetga chiqish shart-sharoitlari quyidagilardan iborat deb hisoblanadi:
Talab = taklif, bo’lsa narx = qiymat
Talab > taklif, bo’lsa narx > qiymat
Talab < taklif, bo’lsa narx < qiymat
Shunday qilib, tovarlar narxining ular qiymatidan farq qilishi tovar ishlab chiqaruvchilarning xohishi bilan sodir bo’lmay, balki ob’ektiv qiymat qonunining kuchi ta’siri ostida ro’y beradi.
Qiymat qonunining resurslarni taqsimlashni tartibga solib turish vazifasi shunda ko’rinadiki jamiyatda mavjud bo’lgan iqtisodiy resurslar foyda normasi past bo’lgan tarmoqlardan uning normasi yuqori bo’lgan boshqa tarmoqlarga to’xtovsiz o’tib turadi.
Qo’shilgan miqdor nafliligi nazariyasi. Yuqorida qarab chiqqanimizdek, qiymatning mehnat nazariyasiga ko’ra, mehnat sarflarining ijtimoiy zaruriy darajasi faqat bozorda, ayirboshlashda yuzaga chiqadi. Qiymat faqat bozorda almashuv qiymat ko’rinishida o’zining ifodalanish shaklini oladi. U ishlab chiqarishda yaratiladi, bozorda esa namoyon bo’ladi. Shu erda qo’shilgan miqdor nafliligi nazariyotchilari qarashlari bilan qarama-qarshilik paydo bo’ladi. Uning mohiyati nimadan iborat? Agar tovar bozorda sotib olinsa, bu kimdir tovar ishlab chiqarishiga ketadigan sarflarni ijtimoiy zaruriy mehnat sarflari sifatida baholashi natijasida emas, balki mazkur tovar xaridor uchun foydali samaraga ega bo’lishi sababli ro’y beradi.
Kishilar tomonidan juda xilma-xil moddiy va ma’naviy ne’matlar (hamda xizmatlar) ularni ishlab chiqarishga ijtimoiy zaruriy mehnat sarflanganligi uchun emas, balki ushbu ne’matlar naflilikka ega bo’lishi sababli qadrlanadi va u yoki bu tovarni ishlab chiqarishga mehnat sarflari faqat shu sababli amalga oshiriladiki, kishilar aniq nafliliklarga ehtiyoj sezadi. U yoki bu mehnat sarflarining ijtimoiy zarurligi kim tomonidan yoki nima bilan aniqlanadi? Oddiy qilib bozor tomonidan! - deb, javob berish so’zsiz to’g’ri, lekin bu juda umumiy javob. Keyingi qo’shilgan miqdor nafliligi nazariyasi tarafdorlari fikrlariga ko’ra, faqat tovarning nafliligi, mehnat sarflariga ijtimoiy zaruriy deb nomlanadigan xarakter berishi mumkin.
Keyingi qo’shilgan miqdor (tovar) nafliligi nazariyasi bilan qiymatning mehnat nazariyasining bir-biriga to’g’ri kelmasligi turli xil iste’mol qiymatlarini yoki nafliliklarni hisobga olish muammosi bilan bog’liq.
Keyingi qo’shilgan miqdor foydaliligi nazariyasi tarafdorlari, foydalilikning ikki turini ajratib ko’rsatish zarur deb hisoblaydi. a) tug’ma foydalilik, ya’ni ne’matlarning kishilar biron-bir ehtiyojlarni qondirish layoqati; b) aniq foydalilik, bu ne’mat mazkur nusxasi foydaliligining sub’ektiv bahosini bildiradi. Bu sub’ektiv baho ikki omilga bog’liq; mazkur ne’matning mavjud zaxirasi va unga bo’lgan ehtiyojning to’yinganlik darajasi.
Keyingi qo’shilgan miqdor nafliligi nazariyasi tarafdorlari sub’ektiv foydalilik miqdorini hisoblashda G.Gossen qonunidan foydalanadi (nemis iqtisodchisi, 1810 – 1858 y). Bu qonunga binoan, ehtiyoj qondirilib borilishi bilan «to’yinganlik darajasi» o’sadi, aniq qo’shilgan miqdor nafliligi esa tushadi («zaruriy ehtiyoj» darajasi). Bu mazkur ehtiyojni qondiruvchi har bir navbatdagi qo’shimcha ne’mat oldingisiga qaraganda kamroq naflilikka ega bo’lishini bildiradi, ne’matlar zahirasi cheklangan bo’lganda esa uning «zaruriy ehtiyojini» qondiruvchi keyingi nusxasi mavjud bo’ladi. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, mazkur turdagi ne’mat qiymati, eng zarur ehtiyojni qondiruvchi keyingi nusxaning nafliligi bilan aniqlanadi.
Qiymat va narx nazariyasida yangi yo’nalishni boshlab bergan kishi, mashhur ingliz iqtisodchisi M.A.Marshall hisoblanadi. U qo’shilgan miqdor nafliligi nazariyasining bir tomonlama yondashuvga asoslanganligini qiymatni faqat naflilik bilan tushuntirishida ko’rdi. A.Marshall keyingi qo’shilgan miqdor nafliligi nazariyasini, talab va taklif hamda ishlab chiqarish harajatlari nazariyasi bilan bog’lashga harakat qildi.
A.Marshallning tovar qiymati nima bilan aniqlanishini bilishda qo’shilgan miqdor nafliligi va ishlab chiqarish harajatlarini sintez qilish (umumlashtirish) zarurligi haqidagi fikri juda mashhur. Yangi klassik-larning qiymat va narxning bir negizli (monistik) nazariyasini yaratishga urinishdan chekinish xususan A.Marshall ishlari bilan bog’liq. Bunday yagona manba, masalan, klassiklar nazariyasida mehnat, marjinalistlarda qo’shilgan miqdor nafliligi hisoblanadi. A.Marshall nazariyasida esa qiymat va narx ham talab (qo’shilgan miqdor nafliligi) va ham taklif (tovar ishlab chiqarish harajatlari) tomonida yotuvchi bozor kuchlari o’zaro ta’siri orqali aniq-lanadi.
A.Marshall fikricha, tovar qiymati teng darajada keyingi qo’shilgan miqdor nafliligi va ishlab chiqarish harajatlari bilan aniqlanadi. Shunday qilib, A.Marshalldan boshlab iqtisodiyot nazariyasida qiymatning tub asosini qidirib topishdan chekinish ro’y beradi va funktsional tahlilga, ya’ni bir vaqtda narx va talab – takliflarning o’zaro ta’sirini aniqlashga o’tildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |