6
endigina shakllanib kelayotgan nazariy fikrning ifodasi falsafiy tafakkur olamni yaxlit va bir butun holda
tushunish mujassamiga aylangan edi.
Qadimgi Yunonistonda «Filosofiya» atamasini dastlab, matematika fani orqali barchamizga yaxshi ma’lum
bo‘lgan, buyuk alloma Pifagor ishlatgan. Evropa madaniyatiga esa, u buyuk yunon faylasufi Aflotun asarlari
orqali kirib kelgan. Filosof so‘zini, yuqorida aytganimizdek ilk bor buyuk matematik va mutafakkir Pifagor
qo‘llagan. Bu tushunchaning ma’nosini u Olimpiya o‘yinlari misolida quyidagicha tushuntirib bergan:
anjumanga keladigan bir guruh kishilar bellashish, kuch sinashish, ya’ni o‘zi va o‘zligini namoyon etish
uchun, ikkinchi bir guruh – savdo-sotiq qilish, boyligini ko‘paytirish uchun, uchinchisi esa, o‘yindan
ma’naviy oziq olish, haqiqatni bilish va aniqlashni maqsad qilib oladi. Ana shu uchinchi guruhga mansub
kishilar, Pifagor talqiniga ko‘ra, faylasuflar edi.
Bu, bir qarashda, oddiy va jo‘n misolga o‘xshaydi. Ammo uning ma’nosi nihoyatda teran. Chunki, inson
umrining o‘zi ham shunday. «Dunyo teatrga o‘xshaydi, unga kelgan har bir kishi sahnaga chiqadi va o‘z
rolini o‘ynab dunyoni tark etadi», degan fikr bejiz aytilmagan. Kimdir bu dunyoga uning sir-asrorlari
to‘g‘risida bosh ham qotirmasdan kelib ketadi, umrini eyish-ichish, uy-ro‘zg’or tashvishlari bilan o‘tkazadi.
Boshqasi – nafs balosiga berilib, mol-mulkka ruju qo‘yadi. Uchinchisi esa, olam hikmatlarini o‘rganadi,
umrini xayrli va savob ishlarga sarflaydi, boshqalar uchun ibrat bo‘larli hayot kechiradi.
Qadimgi Sharq va Yunonistonda har tomonlama chuqur bilim va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan,
inson ma’naviyatini boyitish va haqiqatni bilishga intiluvchi kishilarni faylasuf deb ataganlar. Fozil va komil
insonlargina falsafa bilan shug‘ullanganlar. Aslida, o‘sha davrlarda falsafani o‘rganish deyilganda, ilmning
asoslarini egallash ko‘zda tutilgan. Grek mutafakkiri Geraklit (eramizdan avvalgi 520-460 yillarda
yashagan) shogirdlariga murojaat qilib, «Do‘stim, sen hali yoshsan, umringni bekor o‘tkazmay desang,
falsafani o‘rgan», deganda aynan ana shu haqiqatni nazarda tutgan.
Boshqa bir buyuk grek faylasufi Epikur (eramizdan avvalgi 470-399 yillarda yashagan) bu haqiqatni
quydagicha ifoda etgan: «o‘z-o‘zingni erga urish, tubanlashish nodonlikdan boshqa narsa emas,
o‘zligingdan yuqori turish esa – faylasuflikdir».
Lev Tolstoy donishmand kishilarning uch xislatini alohida ta’kidlab, shunday yozgan: «Ular, avvalo,
boshqalarga bergan maslahatlariga o‘zlari amal qiladilar; ikkinchidan, hech qachon haqiqatga qarshi
bormaydilar; uchinchidan, atrofidagi kishilarning nuqsonlariga sabr-toqat bilan chidaydilar».
Xuddi shuningdek, Sharqda ham Konfutsiy va Moniy, Xorazmiy va Forobiy, imom Buxoriy va imom
Termiziy, Beruniy va ibn Sino, Naqshband va Navoiy kabi donishmand bobolarimiz o‘z hayotiy kuzatishlari
va tajribalarini umumlashtirish, insonga xos xato va kamchiliklardan saboq chiqarish, bashariyat tomonidan
to‘plangan bilim va tajribalarni o‘zlashtirish orqali faylasuf darajasiga ko‘tarilganlar.
Jamiyat ma’naviy taraqqiyotining dastlabki davrlarida falsafa insonning olam haqidagi barcha bilimlarini
o‘z ichiga olgan. Keyinroq, falsafa kengroq mazmunga ega bo‘lib, mustaqil fan sifatida shakllanadi va
rivojlanadi. U tabiat, jamiyat va insonning mohiyati haqidagi eng umumiy bilimlarni o‘zida ifodalab,
insonni borliqqa bo‘lgan munosabatining metodologik asoslarini belgilab beradi, tabiat, jamiyat va tafakkur
taraqqiyotining eng umumiy muammolarini o‘rganadi va falsafiy dunyoqarashni shakllantiradi.
Kishilar qadim zamonlardan boshlab, borliq dunyo, tabiat nima, ular qanday tuzilgan, borliqning asosida
nima yotadi, insonning o‘zi nima, u dunyoga qanday qaraydi, kabi savollarga javob berishga harakat qilib
kelganlar. Falsafiy tafakkur insonning o‘z-o‘zini anglashidan boshlanadi, uning olam haqidagi bilimlarini
umumlashtirish asosida rivojlanib boradi.Inson bilishining ob’ekti bo‘lgan olam cheksizligi sababli, bu
savollarga javob berish imkoniyati ham cheksizdir. Kishilar borliqni va unga bo‘lgan o‘zlarining
munosabatlarini o‘rgana borishi, ularning o‘z turmush tajribalari asosida ongli va ongsiz ravishda hosil qila
borgan tasavvurlari va qarashlari miyalarida qayta ishlanib, o‘ziga xos turli xil dunyoqarashni hosil qiladi.
Inson dunyoga kelar ekan, u yashashi, ulg‘ayib borishi bilan o‘z hayoti xaqida, kundalik ishlari
xaqida, hayotdagi o‘z quvonch va tashvishlari, baxti va baxtsizligi haqida, o‘zining va o‘z atrofidagi
kishilarning tug‘ilishi, yashashi, olamdan o‘tishi haqida, narsa va hodisalarning esa o‘zgarishi, rivojlanishi,
boshqa yangi narsa va hodisalarning paydo bo‘lishi haqida ma’lum tasavvurlarga, tushunchalarga ega bo‘lib
boradi. Bu tasavvurlar va tushunchalar uning borliqni, o‘zi yashayotgan dunyoni qanday tushunishi,
dunyodagi o‘z o‘rnini qanday anglashini ifodalaydi. Bular insonning dunyo to‘g‘risidagi oddiy ong
darajasidagi qarashlaridir. Bu avvalo,inson o‘zini va dunyoni zaruriy ravishda anglashi, tushunishi, bilishi
va baholashi natijasida yuzaga kelgan xulosalari, bilimlari asosida shakllangan umumlashmalar tizimidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |