Talab — bu pul mablag’lari bilan ta’minlangan ehtiyojning bozorda namoyon
bo’lishidir. Boshqacha aytganda talab to’lov qobiliyatiga ega bo’lgan ehtiyojdir.
Ko’ylak
olgingiz keldi, lekin pulingiz bo’lmasa, u xohishligicha qoladi, pul bo’lgandagina u talabga ay-
lanadi.
Talab o’z ichiga aholining iste’mol buyumlari va xizmatlarga, tovar ishlab
chiqaruvchilarning iqtisodiy resurslarga talabi, turli tashkilot, muassasalar talablarini oladi.
Ayrim xaridor, turli iste’molchilar, guruhiy yoki butun mamlakat miqyosida xarid qilib olishni
xohlayotgan aniq turdagi tovar hajmi talab qilingan tovar miqdori deyiladi. Iste’molchilar xarid
qilishni xohlayotgan tovarlar bilan xaridorlar tomonidan real sotib olingan tovarlar miqdorini
farqlash kerak. Chunki, ular mos kelmasligi mumkin. Sababi, xohlaganlariga qaraganda kamroq
sotib olishlari mumkin. Bu shu tovarni sotib olish uchun zarur miqdorda pulga ega emasliklarini
ko’rsatadi.
Odatda, talab deganda eng avvalo, aholi talabi nazarda tutiladi. U yuqori darajada
dinamizm — o’zgarishi bilan ajralib turadi. Aholi talabiga ko’ra ishlab chiqarish talabi
shakllanadi.
Umuman iste’molchilar talabini ikkiga bo’lish mumkin:
1. Individual talab — ayrim alohida xaridorning talabi.
2. Bozor talabi — xaridorlarning turli xil tovarlarni sotib olishga bo’lgan talablarining
yig’indisi. Tovarlar va xizmatlarga bo’lgan talablarni xarakteri va boshqa jihatlaridan qarab turli
guruhlarga bo’lish mumkin. Jamiyat miqyosida talabni, o’z navbatida iste’molning maqsadiga
ko’ra ikki guruhga bo’lish mumkin: iste’mol mollariga talab, iqtisodiy resurslarga talab. Iste’mol
mollari aholini ehtiyojini qondirsa, resurslar esa ishlab chiqarish ehtiyojini qondiradi. Qanday
ehtiyojlarni qondirishlariga ko’ra talab quyidagi guruhlarga bo’linadi:
1. Fiziologik talab — oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar joy, shunga o’xshashlar.
2. Ijtimoiy-psixologik talab — obro’-e’tibor, moda va boshqalar.
3. Iqtisodiy talab — daromad, narx-navo va shunga o’xshashlar.
4. Sotsial talab — turmush darajasi, jamiyatdagi muhit va bosh-qalar.
Tovarlar va xizmatlarga bo’lgan talabning qondirilish darajasiga qarab:
qondirilishi kechiktirilgan talab, barqaror qondirilgan talab, normal talab, aynigan
talablarga bo’linadi.
Kechiktirilgan talab nosog’lom iqtisodiyot va muvozanati buzilgan bozorga xos. Uning
ortib borishi iqtisodiy tanglikni, inqi-rozni yanada chuqurlashtiradi, inflyatsiyani kuchaytiradi.
Korxona, tashkilot, aholi qo’lida to’plangan pul bozorga tazyiq o’tkazadi.
Talab borgan sari o’sib boradi. Buning sababi:
— ehtiyojlar o’sib boradi;
— daromadlar o’sadi;
— mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish o’sadi. Muvofiq ravishda taklif o’sadi;
— madaniyat yuksalib boradi.
Talab odatda tez o’zgaradi. Talab o’zgarishi deganda u yoki bu tovarga bo’lgan talabning
absolyut miqdorining o’zgarishi tushuniladi.
Tovarlar va xizmatlarga bo’lgan talabning o’zgarishiga juda ko’p omillar ta’sir qiladi.
Ularning barchasini sanab o’tish qiyin. Lekin asosiylarini ko’rsatish mumkin.
1.Talabga, eng avvalo narx ta’sir qiladi. Talab bilan narx o’zaro funktsional bog’langan
bo’lib, birining o’zgarishi, albatta ikkinchisida namoyon bo’ladi. Ko’p omillarning o’zgarishi
oxir-oqibat narx o’zgarishi orqali yuzaga keladi.
2.O’rinbosar tovarlarning narxi. O’rinbosar yoki bir-biriga bog’liq tovarlarning bo’lish
yoki bo’lmasligi talabga katta ta’sir ko’r-satadi.
Asosiy tovarning narxi yuqori bo’lib, o’rinbosar tovarlarni narxi arzon bo’lsa, o’rinbosar
tovarlarga talab ortadi yoki aksincha. Masalan, sariyog’ bilan margarin, qo’y go’shti bilan mol
go’shti va h.k.
Yana shunday tovarlar borki, ular bir-birini to’ldiruvchi hisoblanadi. Aytaylik, benzinning
narxi past bo’lsa, mashinada ko’p yuriladi, u o’z navbatida motor moyiga bo’lgan talabni
ko’paytiradi. Aksincha, benzin narxining oshishi motor moyiga bo’lgan talabni kamaytiradi.
Demak, benzin va motor moyiga bo’lgan talab bir-biriga bog’liq, bir-birini to’ldiradi.
3.Xaridor didi, ta’bi, moda o’zgarishi. Mavjud tovar turi uchun iste’molchilar didining
o’zgarishi yoki afzal ko’rish, ya’ni modaning xaridor didiga mos kelishi shu tovarga bo’lgan
talabning ortishiga sabab bo’ladi. Yoki aksincha holat yuz berishi mumkin.
4.Xaridor daromadi. Ta’kidlab o’tganimizdek, talab haqida gapirganimizda to’lov
qobiliyatiga ega bo’lgan talabni nazarda tutamiz. Shuning uchun uni hajmiga ta’sir qiladigan
muhim omil aholi daromadi.
Xaridorlar daromadining o’zgarishi kundalik ehtiyoj mollariga qaraganda uzoq muddat
foydalanish mumkin bo’lgan tovarlarga ko’proq ta’sir qiladi.
Boshqacha aytganda daromadning o’sishi sanoat tovarlariga mebel, gilam, changyutgich,
televizor, musiqa asboblari va boshqalarga bo’lgan talabni oshiradi.
5.Kutiladigan o’zgarishlar.
Hozirgiga nisbatan tovarlarning kelgusi narxi va bo’lg’usi daromad iste’molchilarning
talabini o’zgartiradi.
Kelajakda narxlar ko’tarilishi kutilsa, xaridorlar kelajakda daromadlarini yo’qotmaslik
uchun tovarlarni ko’proq sotib olishga harakat qiladilar. Talab ortadi. Aksincha, narx tushishi
yoki daromadning kamayishi kutilsa, joriy talab pasayadi.
6.Demografik omil.
Bozordagi talabga xaridorlar soni, yoshi, jinsi, ma’naviy ahvoli, mintaqaviy, milliy
psixologik omillar ham ta’sir qiladi.
Mintaqaviy omilga iqlim sharoiti, ishlab chiqarishning tuzilishi, mahalliy urf-odatlar,
milliy omilga mamlakat doirasida ehtiyojning yuksalish darajasi, umumiy iste’mol darajasi,
milliy-diniy an’analar va ko’nikmalar, xalqaro tovar reklamasi va axborotlarning mavjudligi va
boshqalar kiradi. Natijada bir mamlakatda yaratilgan tovarlarga talab, shu tovar yo’q, ya’ni
ishlab chiqarilmaydigan mamlakatda ham talab uyg’otadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |