Bu qonunga binoan ehtiyojlar qondirilishiga qarab to’yinish darajasi o’sadi, naflilik esa
pasayadi, ya’ni ehtiyojni qondiruvchi ne’matning har bir yangi birligi avvalgisiga qaraganda
kamroq naf keltiradi. Ana shu ne’matning zaxirasi talabni qondirishning chegarasi bo’ladi.
Zaxiraning o’zgarishiga qarab chegara ham o’zgaradi. Me’yoriy naflilikni E. Bem-Baverk, K.
Menger keltirgan misol bilan quyidagicha tushuntiradi: tarkidunyo qilgan, o’rmonda yashovchi
zohidning 5 qop doni bor. Uning birinchi qopi o’z iste’moli uchun, ikkinchi qop zaxira,
uchinchisi parrandalar boqish uchun, to’rtinchisi pivo tayyorlash uchun,
beshinchisi ermakka
boqilayotgan to’tiqush uchun mo’ljallangan.
Agar u qoplardan birini yo’qotsa, birinchi navbatda to’tiqush boqishdan voz kechadi.
Chunki, u ehtiyojlarni qondirish zarurligi nuqtai nazaridan qaralsa, eng oxirida turibdi. Donning
qiymati aynan ana shu beshinchi qopning qadri bilan o’lchanadi.
Ana shu eng oxirgi ehtiyojni qondiradigan naflilik me’yoriy naflilik bo’ladi. Ehtiyoj
o’zgarmagani holda zaxira ko’paysa, me’yoriy naflilik kamayadi, aksincha bo’lsa, naflilik
ko’tariladi. Shunga muvofiq ravishda narx ham o’zgaradi. Shunday qilib, har bir ne’matning
qadr-qimmati: a) ehtiyojni qondirishning zarurlik darajasiga; b) shu ne’matning to’kinlik
darajasiga bog’liq.
Har xil ehtiyojlar va ularni qondirishning to’yinish darajasi insonning farovon turmush
kechirishini ta’minlashda har xil rol o’ynaydi. Ehtiyojlar to’yingan sari nafliligi kamayib boradi.
Narxni me’yoriy naflilik asosida tushuntirish hayotdagi ko’pgina
jumboqlar,
paradokslarni echib beradi. Ko’pincha misol tariqasida mashhur «Smit paradoksi» yodga
tushiriladi. Nima sababdan inson uchun zarur suv shunchalik arzon, olmos esa undan keladigan
naf kam bo’lishiga qaramay qimmat turadi? Bu savolga A. Smit quyidagicha javob beradi:
Ko’pincha katta iste’mol qiymatiga ega narsalar uncha ko’p bo’lmagan almashuv qiymatiga,
hattoki hech qanday almashuv qiymatiga ega bo’lmasligi mumkin. Suvdan foydaliroq narsa
yo’q, lekin unga deyarli hech narsa almashib bo’lmaydi. Aksincha, olmos deyarli hech qanday
iste’mol qiymatiga ega emas, lekin unga juda ko’p miqdorda boshqa tovarlarni olish mumkin.
Xuddi shu savolga me’yoriy naflilik nazariyasining asoschilaridan K.
Menger shunday
javob beradi: Brilliant va oltin shunday kamyobki, birinchisini barchasini yig’ishtirsa bir
yashikka, ikkinchisini esa bir xonaga joylashtirsa bo’lar edi. Aksincha, ichimlik suv Erda
shunday katta miqdorda mavjudki, uning hammasini sig’diradigan rezervuarni ko’z o’ngimizga
keltirish qiyin.
Mohiyati jihatdan xarakterli ikki misol bir-biriga yaqin, deyarli bir xil bo’lsa ham, uning
sababini izohlash printsipial jihatdan farq qiladi. Adam Smit fikricha, brilliant bilan suv
qiymatining notengligi ularni olish uchun zarur bo’lgan mehnat xarajatlarining farqida bo’lsa, K.
Menger fikricha, ularning Er yuzidagi zaxirasining turlichaligida: birining serobligi,
ikkinchisining kamyobligida. Kundalik hayotda
ham qadr-qimmat tushunchasi, odatda
cheklangan kamyob ne’matlarga nisbatan qo’llaniladi. Shuning uchun ham «xalqimizdagi
«oldingdan oqqan suvning qadri yo’q» naqli ham naflilik nazariyasi mohiyatini ifodalaydi.
Naflilik nazariyasi iste’mol qiymatiga ahamiyat berib, qiymat nazariyasi izohlab bera
olmagan savollarga javob bergan bo’lsa ham, ayirboshlashdagi nisbatni to’la tushuntirib bera
olmadi. Chunki, birinchidan, sub’ektiv naflilik tarzida qandaydir miqdorni ko’rsata olmaydi,
sababi uni o’lchash uchun ob’ektiv birlik yo’q. Nazariyada qo’llanilgan me’yoriy naflilikni
ko’rsatuvchi miqdoriy belgilar real mazmundan yiroq, ixtiyoriy xarakterga ega. Natijada juda
ko’p marta naflilik va uning me’yoriy miqdorini o’lchash uchun ko’p marta behuda urinishlar
qilindi.
Ikkinchidan, naflilikning pasayib
borish qonuni universal emas, u odatda eng cheklangan,
birinchi navbatda, zarur kundalik ehtiyojlar doirasidagi tovarlarga tegishli bo’lib (oziq-ovqat,
kiyim-bosh, turar joy), har bir inson uchun individual bo’lib, ma’lum bir to’yinish chegarasi
mavjud. Lekin bu qonunni tovarlarning asosiy massasi, ko’plab nooziq-ovqat mahsulotlari,
ayniqsa ishlab chiqarish vositalariga nisbatan qo’llab bo’lmaydi.
Uchinchidan, K. Menger naflilikning pasayib borishini ko’rsatish, aniq biron-bir tovarni
nafliligini taqqoslashda mavjud narxlar va iste’molchilarning daromadlaridan kelib chiqib tahlil
qiladi. Demak, sub’ektiv baholashning o’zi (me’yoriy foydalilik, naflilik ko’rinishida) narx
darajasi va daromad miqdori bilan bog’liq ekan. U holda mantiqan noto’g’ri
fikr vujudga keladi,
tovarlar narxini sub’ektiv baholash kelib chiqadi, sub’ektiv baholash esa narxlarga bog’liq.
To’rtinchidan «Avstriya maktabi» asoschilari tovar nafliligini sub’ektiv baholashdan
qanday qilib real bozor narxlariga o’tiladi degan savolga javob berolmaydi. Chunki, har bir
kishining shaxsiy, sub’ektiv his-tuyg’usini ob’ektiv qiymat va pul birliklari bilan o’lchab,
taqqoslab bo’lmaydi.
Naflilikni ko’rsatuvchi yagona o’lchov topishga harakat qilindi. Naflilikning o’lchov
birligini yutil (inglizcha utility — naflilik) deb ataldi. Lekin uni ob’ektiv miqdor o’lchovi sifatida
qo’llab bo’lmaydi. Chunki naflilik har bir kishi uchun qat’iy individual tarzda belgilanadi. U
butun insoniyat uchun umumiy bo’lishi mumkin emas. Uning yordamida turli-tuman ne’matlarni
o’lchab bo’lmaydi. Aytaylik, basseyn bilan musiqa, non yoki avtomobilni yutil buyicha hisoblab
taqqoslab bo’ladimi? Albatta, yo’q.
Nobel mukofoti laureati P. Samuelson va professor V. Nordxaus bu haqda shunday
deyishadi. Naflilik — bu mahsulotni iste’mol qilishdan olingan sub’ektiv
qonunni ifodalovchi
abstraktsiya. Naflilikni o’lchab bo’lmaydi. U faqat tahliliy konstruktsiyaning mohiyatini
ko’rsatuvchi iste’molchilarni o’zlarining cheklangan daromadlarini naf keltiradigan tovarlar
o’rtasida ratsional taqsimlashlarini tushuntirishga mo’ljallangan sxema, xolos.
Xullas, bozorda tovarlarni ayirboshlash mohiyatini har ikki nazariya ham to’la tushuntirib
bera olmaydi.
Bir-biriga qarama-qarshi turgan har ikki nazariyadan biri asosiy e’tiborni sarflangan
mehnat xarajatlariga qaratsa, ikkinchisi uni naf keltirishiga qaratadi. Buning natijasida har ikki
nazariya ham tovarning almashtirish miqdori, ya’ni narxining kelib chiqishini tushuntirib bera
olmaydi.
Aynan shu vazifani mashhur iqtisodchi A. Marshall bajardi. U har ikki nazariya bir-birini
to’ldira olishi mumkinligini ko’ra bildi. U har ikki nazariyani sintez qildi.
Marshalldan boshlab
qiymat va narxning monistik nazariyasidan chekina boshlandi. Monizm printsipi bu qiymatning
yagona manbaini, narxning yagona asosini, jamiyat daromadlarining yagona manbaini topishga
qaratilgan. Bunday manba sifatida qiymatning mehnat nazariyasida mehnat va faqat mehnat
ko’rsatilsa, «Avstriya maktabi» nazariyotchilari yagona manba sifatida me’yoriy naflilikni
ko’rsatishgan. Marshall nazariyasida esa qiymat va narxni aniqlash bozor kuchlari o’zaro ta’siri,
talab (me’yoriy naflilik) hamda taklif (tovar ishlab chiqarish xarajatlarining o’zaro ta’siri)
asosida shakllanishini ko’rsatib bergan.
Ishlab chiqarish xarajatlari me’yoriy mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflangan
me’yoriy xarajatlar bilan o’lchanadi (VIII bob). Me’yoriy xarajatlar esa ishlab chiqarish
omillarining me’yoriy unumdorligi bilan bog’liq.
Bunda faqat mehnat emas, boshqa ishlab
chiqarish omillarini ham hisobga olish zarur. Chunki u yoki bu iste’mol qiymati yaratilar ekan,
uning uchun faqat mehnat emas, balki boshqa omillar, boshqacha aytganda resurslar ham zarur.
Shunday qilib, tovar insonning biror-bir ehtiyojini qondiradi. Uni ishlab chiqarish uchun
iqtisodiy resurslar sarflanadi hamda ayirboshlanadi. Tovarning ana shu sifatlari uning nafliligi
(ehtiyoj qondirishi), kamyobligi (ishlab chiqarish uchun resurs-larning cheklanganligi), resurslar
sig’imi (bir birlik tovar ish-lab chiqarish uchun sarflangan resurslar miqdori)da namoyon bo’ladi
va bir-biridan farqlanadi.