To’lov valyutasi – bu tashqi iqtisodiy bitimdagi tovarga haqiqatda haq to’lanayotgan yoki xalqaro kreditning so’ndirilishi amalga oshirilayotgan valyutadir. To’lov valyutasi sifatida kontragentlar tarafidan o’zaro kelishilgan xar qanday valyuta ishlatilishi mumkin. Bunda u bitim valyutasi bilan bir xil bo’lishi shart emas. Biroq bitim valyutasi singari to’lov valyutasi ham erkin muomalada yuradigan valyuta bo’lishi kerak.
Kredit valyutasi – bu kredit taqdim qilinayotgan paytda hamkorlar tarafidan belgilangan valyutadir. Eksport kreditlari eksportyor va importyorlarning milliy valyutalari singari uchinchi davlatlar valyutalarida ham yoki xalqaro hisob-kitob pul birliklarida taqdim etilishi mumkin. Kredit valyutasining tanlovi shartnomalarning predmeti bo’lib hisoblanadi. Kredit valyutasining holati turli valyutalarda ifodalangan kreditlarning foiz stavkalari darajalariga ta’sir etadi. Kredit valyutasi uni so’ndirish valyutasi bilan mos bo’lmasligi mumkin. Bunday holatda kredit shartnomasida bir valyutani boshqa valyutaga qayta hisob-kitobining tartibi ko’zda tutiladi. Kredit valyutasini belgilashda hisob-kitoblarning amaliyoti, kontragentlarning mazkur bozordagi pozitsiyalari, kredit tashkilotlari bilan ularning munosabatlari kabilar ahamiyatlidir.
Kliring valyutasi tovar etkazib berish yoki xizmat ko’rsatishlarning qiymat jihatidan tengligi sharoitida sub’ektlarning bir-biriga bo’lgan o’zaro talablari hamda majburiyatlarining majburiy zachyoti haqidagi hukumatlararo kelishuvlarni amalga oshirishda ishlatiladi. Kliring bo’yicha hisob-kitoblarda to’lov valyutasi kliring valyutasi bilan mos keladi.
Veksel valyutasi – bu vekselning qiymati ifodalangan pul birligidir. Rivojlangan mamlakatlarning ichki aylanmasida ishlatilyotgan veksellar odatda ushbu davlatlarning milliy valyutalarida ifodalanadi. Xalqaro aylanmadagi veksellar esa qarzdor-mamlakat, kreditor-mamlakat yoki uchinchi davlat valyutasida ifodalanadi.
Sug’urta valyutasi – bu sug’urta amalga oshirilgan valyutadir. Sug’urta valyutasida mukofot hamda sug’urta to’lovlarining summalari to’lanadi.
Qabul qilingan xalqaro qoidalarga asosan har bir davlatning valyutasi o’z kodiga ega va ushbu kod 3 harf bilan belgilanadi. Bunda mazkur harflarning dastlabki 2tasi mamlakatni, uchinchisi esa valyuta nomini belgilaydi. Masalan, US – Qo’shma Shtatlar, D – dollar yoki GB – Buyuk Britaniya, P – paund. Ushbu belgilanishlar valyuta kodlari deb ataladi. Ayrim davlatlar valyutalarining SVIFT kodlari 1-ilovada keltirilgan.
Valyutalar jahon bozorida o’zlarining muomalada bo’lish xususiyatlariga ko’ra erkin muomalada yuradigan, muomalasi qisman yoki butunlay cheklangan, yopiq yoki ekzotik valyutalarga bo’linadi. Ba’zi bir davlatlarning milliy pul birliklarini mazkur davlatlarda valyuta munosabatlari borasida mavjud va harakatda bo’lgan qonun qoidalariga asosan xorijga chiqishi hamda u erda muomalada bo’lishi chegaralanadi.
Jahon bozorining paydo bo’lishi, xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashishi, ishlab chiqarish kuchlarining o’sishi, jahon xo’jaligi tizimining shakllanishi, xo’jalik aloqalarining baynalmilallashuvi va globallashuvi sharoitida xalqaro valyuta munosabatlari rivojlandi. Xalqaro valyuta munosabatlari – bu, valyutani jahon xo’jaligida amal qilishi borasida shakllanadigan va milliy xo’jaliklar faoliyat natijalarining o’zaro almashuviga xizmat ko’rasatadigan ijtimoiy munosabatlar yig’indisidir.3 Valyuta munosabatlarining ayrim elementlari qadimgi dunyoda, qadimgi Gretsiya va Rimda veksel hamda sarroflik ishi shakllarida paydo bo’lgan. Ushbu munosabatlar hisob-kitoblar o’tkaziladigan veksellar (tartta) bilan amalga oshgan hamda Lion, Antverpen o’rta asr “veksel yarmarkalari” va G’arbiy Evropaning boshqa savdo markazlarida rivojlandi. Feodalizm va kapitalistik ishlab chiqarish usulining shakllanishi davrlarida banklar orqali amalga oshadigan xalqaro hisob-kitoblar tizimi shakllana boshladi.
Xalqaro valyuta munosabatlari moddiy ishlab chiqarish jarayoniga, ya’ni birlamchi ishlab chiqarish munosabatlariga hamda taqsimot, almashuv va iste’mol jarayonlariga aloqador bo’lgan xalqaro iqtisodiy munosabatlarni o’z ichiga oladi. Valyuta munosabatlari va takror ishlab chiqarish o’rtasida bevosita (to’g’ridan-to’g’ri) hamda bog’liqlik xarakteridagi (qaytma) aloqalar mavjud. Ularning ob’ektiv asosi bo’lib tovarlar, kapitallar, xizmatlar bilan xalqaro almashuvni vujudga keltiruvchi ijtimoiy ishlab chiqarish jarayoni hisoblanadi.