O‘z-o‘zini tekshirish uchun savollar
Bosh daftar usulini jurnal-orderdan farqi nimada?
Buxgalteriya hisobi registrlaridagi xato yozuvlar qanday usullar yordamida tuzatiladi?
Buxgalteriya hisobi shakllarini bir-biriga bog‘liqligi.
Buxgalteriya hisobining qanday shakllarini bilasiz?.
Buxgalteriya hisobining qaysi shakli qulay?
Buxgalteriya hisobining qaysi shaklidan foydalanish kim tomonidan belgilanadi?
Buxgalteriya hisobining registrlari turlarini yuritish tartibi qanday?
Buxgalteriya registrlaridagi xatolar kim tomonidan tuzatiladi?
Hisob registrlarining qanday shakllarini bilasiz?
Hisob registrlarining vazifasi nimadan iborat?
8-BOB. BUXGALTERIYA HISOBOTI
8.1. Buxgalteriya hisobotining maqsad va vazifalari
Buxgalteriya shaxs, firma uchundir, faqat xarajatlar va daromadlar ta’sirining xolisligi moliyaviy hisobotlarda e’tirof etiladi. Barcha tashqi ma’lumotlarga e’tibor berilmaydi. Shuning uchun firmalar jamiyat, kelajak avlod va jahonda tartibga soluvchi joriy qilingan muayyan qonun va jarimalarsiz zarar yetkazishi mumkin. Tashqi faktorlar mas’uliyatining samaradorligi bunga misoldir, faqat jamoatchilik fikri va siyosiy bosim orbitani o‘rtasiga uni harakatlantiradi, shundan keyin, kutilayotgan kelajak avlod joriy jamiyatni o‘rnini egallaydi.
Agar siyosiy bosim yetarlicha kuchli bo‘lsa, muammo uni mas’uliyatli ichki orbitasiga uni harakatlantiradigan qonunchilikni tortadi, huquqni muhofaza qilish xodimlari muvofiqligini ta’minlash uchun vakolatli bo‘ladi.20
Korxonaning joriy faoliyati ma’muriyat tomonidan boshqaruv funksiyalarini safarbar qilish yo‘li bilan amalga oshirilib, uning natijalari buxgalteriya hisobi tizimida aks ettiriladi. Xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan ma’lum vaqt oralig‘ida amalga oshirilgan xo‘jalik muomalalari to‘g‘risidagi axborotlar tegishli hisob registrlarida umumlashtiriladi va guruhlangan holda ulardan buxgalteriya hisobotlariga o‘tkaziladi.
Buxgalteriya hisobini huquqiy-me’yoriy tartibga solish tizimida hisobot korxonaning mulkiy va moliyaviy ahvoli hamda moliya-xo‘jalik faoliyati natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona tizimi sifatida qaraladi. Hisobotlar ma’lum hisobot davri uchun belgilangan shakllar bo‘yicha tayyorlangan buxgalteriya hisobi axborotlari asosida tuziladi. O‘z navbatida hisobot davri – bu korxona moliyaviy hisobotini tuzishi lozim bo‘lgan davr.
Hisobot – xo‘jalik yurituvchi subyektlarning o‘tgan vaqt ichidagi ishlari natijalari va sharoitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar majmui bo‘lib, undan faoliyatini tahlil qilish, nazorat qilish va boshqarish maqsadida foydalaniladi.
Hisobot axborotlari sotilgan mahsulot, ish va xizmatlar, ularni ishlab chiqarish xarajatlari, xo‘jalik mablag‘lari va ularni tashkil topish manbalari, ishlarning moliyaviy natijalari, soliqqa tortish va dividentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘z faoliyati ustidan kundalik nazoratni hujjatlar va hisobot registrlariga asosan olib boradilar. Lekin uzoq vaqt (oy, chorak, yil) davomida xo‘jalik faoliyatini yakunini bilish uchun bu ma’lumotlar yetarli emas. Ularni umumlashtirish va tizimga keltirish zarur. Bunga hisobot tuzish yo‘li bilan erishiladi.
Moliyaviy hisobotga qo‘yiladigan talablardan biri – uni rasmiylashtirish hisoblanadi. Bu moliyaviy hisobotni tuzish ham mulklar, majburiyatlar va xo‘jalik muomalalarini buxgalteriya hisobida aks ettirish kabi, o‘zbek tilida va milliy valyuta – so‘mda amalga oshirilishini bildiradi. Moliyaviy hisobot korxonaning rahbari va bosh buxgalteri tomonidan imzolanib, muhr bilan tasdiqlanadi.
Birinchi navbatda, shuni aytish joizki, korxonalar (xorijiy investitsiyali korxonalardan tashqari) majburiy tartibda quyidagi foydalanuvchilarga chorak va yillik hisobotini topshiradi:
ta’sis hujjatlariga binoan mulkdorlar (mulkni boshqarish bo‘yicha vakolatli organlar, ta’sischilar);
davlat soliq inspeksiyasiga (bir nusxa);
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan korxona faoliyatini ayrim tomonlarini tekshirish va tegishli hisobotni olish vazifalari yuksaltirilgan boshqa davlat organlariga.
«Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga binoan: - barcha korxona va muassasalar uchun hisobot yili 1 yanvardan 31-dekabrgacha bo‘lgan davr hisoblanadi.
- yangi tashkil etilgan korxona va muassasalar uchun birinchi hisobot yili bo‘lib, ular yuridik huquqqa ega bo‘lgan sanadan shu yilning 31 dekabrigacha bo‘lgan davr hisoblanadi. 1-oktyabrdan keyin tashkil etilgan (tugatilgan, qaytadan tashkil etilgan) korxonalar va ularning strukturaviy bo‘linmalari asosida tashkil etilganlardan tashqari korxonalar uchun ularning yuridik huquqqa ega bo‘lgan sanadan keyin yilning 31-dekabrigacha bo‘lgan davrni birinchi hisobot yili davri hisoblashga ruxsat beriladi.
- korxonalar choraklik va yillik buxgalteriya hisobotlarini O‘zbekiston Respubilkasi Moliya Vazirligi tomonidan belgilangan muddatlarda topshiradilar.
Shuni ham eslatib o‘tish kerakki, korxonaning xo‘jalik faoliyati natijalari, mulkiy va moliyaviy holati to‘g‘risidagi yillik buxgalteriya hisoboti foydalanuvchilari (birja, xaridor, mol yurituvchi va boshqalar) uchun ochiq bo‘lib nashr etilishi mumkin. Nashr etilgan hisobotning to‘g‘riligi mustaqil auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlanadi.
Moliyaviy hisobot buxgalteriya hisobi tizimining yakuniy natijasi sifatida moliyaviy hisobot subyektining moliyaviy holatini va uning moliyaviy ahvolidagi o‘zgarishlarni ko‘rsatadi. Bunday axborotlardan ko‘plab iste’molchilar quyidagi maqsadlarda foydalanadi:
a) kreditlar berish bo‘yicha qarorlar qabul qilish va investitsion qarorlar qabul qilish uchun;
b) subyektning kelgusidagi pul oqimlarini baholash;
c) subyektning resurslari, majburiyatlari va ulardagi o‘zgarishlar to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish.
Buxgalteriya hisobotlarining tarkibi va shakllari hamda ularni to‘lg‘azish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi tomonidan belgilanadi.
Yillik moliyaviy hisobot shakllarini tuzishdan oldin katta tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi. Uning mazmuni hisob ma’lumotlarining mulklar va ular manbalarining haqiqiy mavjud qoldiqlariga mosligini tasdiqlash bilan belgilanadi.
Shuning uchun yillik balansni tuzishga yil davomida tuziladigan balanslarga qaraganda juda yuqori ishonchlilikni ta’minlash talabi qo‘yiladi.
Bunda tayyorgarlik ishlarining negizi barcha turdagi xo‘jalik mablag‘lari va mablag‘lar manbalarini to‘liq inventarizatsiya qilishdan iborat.
Buxgalteriya balansini tuzish texnikasi uning isbotlovchi hujjatlar bilan tasdiqlangan hisob yozuvlari asosida to‘ldirilishini nazarda tutadi. Balansni tuzishdan oldin analitik hisob schyotlari bo‘yicha qoldiqlar va oborotlar bosh daftardagi schyotlar bo‘yicha qoldiqlar va oborotlar bilan solishtirilib, tekshirilishi lozim. Bunda ularning tengligiga ishonch hosil qilish zarur.
Hisobotning ayrim shakllarini tuzish jarayonida ularga ma’lum talablar qo‘yiladi. Masalan, balansni tuzishda uning ayrim moddalarini baholash qoidalariga rioya qilish kerak.
Yillik buxgalteriya (moliyaviy) hisoboti hisobot yilidan keyingi yilning 1 mayidan kechikmasdan e’lon qilinishi lozim. Yillik moliyaviy hisobot e’lon qilinishidan oldin auditorlik tekshiruvidan o‘tkazilib, ijobiy auditorlik xulosasi olingan va xo‘jalik yurituvchi subyektning boshqaruv organi (aksiyadorlarning umumiy majlisi, ta’sischilar majlisi va h.k.) tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Yillik moliyaviy hisobot shakllaridan buxgalteriya balansi (1-shakl) va moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot (2-shakl) e’lon qilinishi lozim. Bunday tajriba xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan bo‘lib, tashqi axborotdan foydalanuvchilarga mazkur korxonaga kapital qo‘yish va boshqa masalalar bo‘yicha asosli qarorlar qabul qilishga imkon beradi. Buxgalteriya balansi qisqartirilgan shaklda e’lon qilinishi mumkin va uning mazmuni korxona tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligining qoidalarida ko‘zda tutilgan talablar doirasida bo‘lishi lozim. Yillik moliyaviy hisobot bilan birga auditorlik xulosasi ham e’lon qilinishi mumkin. Uning mazmuni mustaqil auditorlik tashkiloti tomonidan moliyaviy hisobotning ishonchliligi to‘g‘risidagi fikr (baho) dan iborat.
Ichki buxgalteriya hisobotlari korxonaning tijorat sirlari oshkor qilinmasligi uchun e’lon qilinmaydi. Tijorat siri hisoblangan ma’lumotlarni noqonuniy olish va oshkor etish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |