13.5. Inventar va xo‘jalik jihozlari hisobining xususiyatlari
Materiallar ichida o‘ziga xos xusisiyatlarga ega bo‘lgan inventar va xo‘jalik anjomlari to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Mol-mulk inventar va xo‘jalik anjomlari tarkibiga kiritilishi uchun quyidagi mezonlarga javob berishi lozim:
xizmat muddati bir yildan oshmagan;
xizmat muddatidan qat’i nazar bir birlik (komplekt) uchun O‘zbekiston Respublikasida belgilangan (xarid qilish paytida) eng kam ish haqining ellik baravarigacha miqdorda qiymatga ega bo‘lgan buyumlar. Rahbar hisobot yilida ularni inventar va xo‘jalik anjomlari tarkibida hisobga olish uchun buyumlar qiymatining kamroq chegarasini belgilashga haqli.
Inventar va xo‘jalik anjomlarini foydalanishga topshirishda ularning qiymati vazifasiga qarab ishlab chiqarish xarajatlariga yoki davr xarajatlariga to‘liq hisobdan chiqarilib, keyin tashkilot tomonidan oddiy shakl bo‘yicha (bir tomonlama tartibda), tannarxi bo‘yicha nomlar (nomenklatura raqamlari) yoki guruhlar (yiriklashtirilgan komplektlar) kesimida tezkor miqdoriy hisob yuritiladi, bunda foydalanishga kelib tushish sanasi (oy, yil), foydalanish joyi (bo‘linmalar bo‘yicha) va ulardan foydalanish muddati mobaynida moddiy javobgar shaxslar ko‘rsatiladi.
Agar inventar va xo‘jalik anjomlarining qiymati bir birlik (komplekt) uchun xarid qilish paytida O‘zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, unda tashkilot ularni foydalanishga berishda ushbu inventar va xo‘jalik anjomlarining qiymatini muddati kechiktirilgan xarajatlarga kiritishi mumkin. Bunda kechiktirilgan xarajatlarni kamaytirish, ya’ni ularni xarajatlarga hisobdan chiqarish quyidagi usullardan birini qo‘llash orqali amalga oshiriladi:
a) qiymatni ishlab chiqarilgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmiga mutanosib ravishda hisobdan chiqarish;
b) teng me’yorli tarzda.
Qiymatni ishlab chiqarilgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmiga mutanosib ravishda hisobdan chiqarish usulida kechiktirilgan xarajatlar summasini hisobdan chiqarish hisobot davrida ishlab chiqarilgan mahsulot (ishlar, xizmatlar) hajmining natural ko‘rsatkichidan va inventar hamda xo‘jalik anjomlari tannarxining ko‘rsatilgan inventar va xo‘jalik anjomlarini foydali ishlatishning butun kutilayotgan muddatida mahsulot (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishning taxmin qilinayotgan hajmiga nisbatidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Qiymatni teng me’yoriy usulda hisobdan chiqarish inventar va xo‘jalik anjomlarining tannarxidan hamda ushbu inventar va xo‘jalik anjomlarini foydali ishlatish muddatini hisobga olgan holda hisoblab chiqarilgan me’yorlardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Inventar va xo‘jalik anjomlari qiymatining ularni foydalanishga berishda hisobdan chiqarish tartibi, shuningdek ularning qiymatini xarajatlarga kiritishning foydalanilayotgan usuli tashkilotning hisob siyosatida aks ettirilishi lozim.
Xizmat muddati va qiymatidan qat’i nazar inventar va xo‘jalik anjomlari tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
maxsus asbob-uskunalar va moslamalar (muayyan buyumlarni turkumli va ommaviy ishlab chiqarish yoki yakka tartibdagi buyurtmani tayyorlash uchun mo‘ljallangan, maqsadli asbob va moslamalar);
maxsus va sanitariya kiyimi, maxsus poyabzal;
ko‘rpa-to‘shaklar;
yozuv-chizuv anjomlari (kalkulyatorlar, stol ustiga qo‘yiladigan asboblar va hokazolar);
oshxona inventari, shuningdek dasturxon va sochiqlar;
barpo etish xarajatlari qurilish-montaj ishlarining tannarxiga kiritiladigan vaqtinchalik (titulsiz) inshootlar, moslamalar va qurilmalar;
foydalanish muddati bir yildan oshmaydigan almashtiriladigan uskunalar;
ovlash qurollari (to‘rlar, matraplar, trallar va hokazo).
Korxona ularning vazifasi va moliya-xo‘jalik faoliyatidagi o‘rniga bog‘liq holda inventar, asboblar va xo‘jalik anjomlarini hisobga olish uchun hisobvaraqlarni mustaqil ochish huquqiga ega. Topshirish paytida inventar va xo‘jalik anjomlarining qiymati to‘laligicha ishlab chiqarish yoki davr xarajatlariga kiritiladi.
Inventar va xo‘jalik jihozlarini foydalanishga berish buxgalteriya hisobida inventar va xo‘jalik jihozlarini xarid qilish va ishlab chiqarish bilan bog‘liq haqiqiy xarajatlar summasi (haqiqiy tannarx bo‘yicha) xarajatlarni hisobga oluvchi schyotlarda aks ettiriladi va quyidagi yozuvlar amalga oshiriladi:
Debet 2000, 2300, 2500, 2700, 9400, 3290
Kredit 1080
Bir vaqtning o‘zida, foydalanishda bo‘lgan inventar va xo‘jalik jihozlarini saqlanishini nazorat qilish maqsadida balansdan tashqari schyotda quyidagi yozuv amalga oshiriladi:
Debet 014 “Foydalanishdagi inventar va xo‘jalik jihozlari” hisobga olishga o‘tkazilgan inventar va xo‘jalik jihozlari summasiga.
Inventar va xo‘jalik jihozlarini balansdan tashqari 014 “Foydalanishdagi inventar va xo‘jalik jihozlari” schyotida hisobga olish oddiy shakl (bir tomonlama tartibda) inventar va xo‘jalik jihozlarini nomi yoki ularning guruhi (yiriklashtirilgan komplektlar kesimida, foydalanishga kelib tushgan sanasini ko‘rsatish bilan xarid qilish (ishlab chiqarish)ning haqiqiy tannarxi bo‘yicha, foydalanish joyi va moddiy javobgar shaxslar bo‘yicha yuritiladi.
Korxona rahbari tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq kamyob yoki tarkibida qimmatli metallar yoki qimmatli toshlar mavjud bo‘lgan inventar va xo‘jalik jihozlari safiga kiritilgan, inventar va xo‘jalik jihozlarini foydalanishga olish uchun ham tarkibiy bo‘linma omboriga vakolatli shaxs tomonidan imzolangan talabnoma taqdim etiladi. Talabnomada inventar va xo‘jalik jihozlarini oladigan ishchining imzosi bo‘lishi kerak.
Ishchilarga maxsus kiyimlar, o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning tarmoq bo‘yicha namunaviy me’yorlari, shuningdek ishchilarni maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan ta’minlashning qoidalari asosidagi kollektiv shartnomada belgilangan tartibda beriladi.
Maxsus kiyimlarni ishchilarga berilishi rasmiylashtiriluvchi hujjatlar (talabnoma va hokazolar)da, boshqa rekizitlar bilan bir qatorda berishning asosi, shaxsiy kartochkada esa kiyish mumkin bo‘lgan muddati, qaytarilganda foydalanishga yaroqliligi darajasi aks ettirilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |