TOSHKENT KIMYO-TEXNOLOGIYA INSTITUTI
SHAHRISABZ FILIALI
OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI TEXNOLOGIYASI YO‘NALISHI
24–2021 FOBMT guruhida
“SAYLOV TIZMI VA UNING YOSHLAR FAOLIYATIDAGI O‘RNI”
AXBOROT VA MURABBIYLIK SOATI BAYONNOMASI
15 sentabr 2021 yil. Shahrisabz shahri.
Saylov – mamlakatning siyosiy-ijtimoiy hayotidagi eng muhim siyosiy jarayonlardan biri. Har bir saylovchining ovozi zamirida mamlakatning ertangi kuni, avlodlar kelajagi va fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy haq-huquqlari mujassam.
Shu boisdan bugungi kunda saylov qonunchiligi milliy kadriyatlarimiz va davlatchilik tariximiz asosida, fuqarolarning siyosiy huquq, erkinligi va manfaatlarini ta’minlash hamda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan tamoyillari va rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Fuqarolarning davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etishdagi ishtiroki, asosan, saylovlarda namoyon bo‘ladi. Erkin va bevosita saylovlar orqali fuqarolar o‘zi munosib bilgan shaxslarni hokimiyat organlariga saylaydi, ularga nisbatan o‘z munosabatini bildiradi hamda davlat boshqaruvini amalga oshirishda ishtirok etadilar.
Bundan ko‘rinadiki, aholisining 50 foizini 30 yoshgacha yoshlar tashkil qiliyotgan O‘zbekistonda erkin demokratik saylovlarda yoshlarning ishtiroki salmoqli ahamiyat kasb etadi. Saylovlarda asosan saylov kunigacha 18 yoshga to‘lgan fuqarolar qatnashishligini inobatga oladigan bo‘lsak, mamlakatimizda o‘tkaziladigan saylovlarda yoshlarning o‘rni beqiyos ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini qurishda, yangi O‘zbekistonda yangicha fikrlash va dunyo qarashni fuqarolarda, ayniqsa, yoshlar orasida shakllantirishda saylovlarning ahamiyati beqiyos ekanligini, yoshlarga tushintirish davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Saylov tizimi - demokratik jamiyat siyosiy tizimining muhim qismi bo‘lib, fuqarolarning saylash va saylanishdan iborat huquqini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlar yig‘indisini anglatadi. Ushbu tushuncha davlatning saylab qo‘yiladigan organlarini shakllantirish tartib-taomillarini ham o‘z ichiga qamrab oladi. Xalqaro tajribada saylov tizimining majoritar, proporsional va aralash turlari farqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |