Navoiy monologi
Kuy, g‘azal... Oh qaytadan tirnar yaramni,
Tag‘in eslatdi u mash'um xaramni:
”Faqat bir iltimos ko‘klam chamanda
Ochib gul-g‘unchalar etganda handa,
Juvonmarg g‘unchani ham esla, yod et
Unutma, doimo ruhimni shod et!“
Unutmasman seni toki tirikman,
Seni jon o‘rnida saqlar tirik tan.
Hamon qalbimga sen ilhom solursan,
Mening she’rlarimda mangu qolursan.
Senga besh bebaho haykal qo‘yurmen
Gahi Layli, gahi Majnun bo‘lib sen
Yasharsen doimo dostonlarimda,
Hazonsiz gul bo‘lib bo‘stonlarimda.
Men ersam g‘am bilan yig‘lab ketarmen,
Sening ishqing bilan tanho o‘tarmen...
Yana ko‘z yoshimi? Ko‘nglimni buzma,
Bu yosh daryosida behuda suzma.
U daryo xavflidir, g‘arq aylagay bot
O‘chirmas dil o‘tin ko‘z yoshi, hayhot.
Hayhot! Biror osuda dam yo‘q,
Ko‘ngil yig‘laydi-yu, ko‘zlarda nam yo‘q!
Esiz, taqdir ekan qaydan bilibmiz,
Azizim, dunyoga bevaqt kelibmiz.
Mana fasli bahor ko‘rkam chamanda
Ochib gulg‘unchalar etmoqda xanda.
Gulimning qabriga ekkan chechaklar,
Ochilgandir bu chog‘ ohim pechaklar,
Kabi ko‘k toqiga chirmashmasinmu?
Do'stlaringiz bilan baham: |