Topshiriq.
Matnni o‘qing va unga sarlavha toping.
O‘zbekistonimiz har taraflama taraqqiyot bosqichiga kirdi. Zamon esa hayotni
yaxshilashning turli-tuman yo‘llarini izlab topishni taqozo etmoqda.
Ma’lumki, yer yuzida hozir katta-kichik jami 252 mamlakat bor. Albatta, ular turli
asoslarga ko‘ra muayyan o‘rinlarga ajratiladi. Ular orasida yer maydoni jihatidan
O‘zbekistonimiz jahonning 55-mamlakati hisoblanadi. Aholining soni bo‘yicha 42-o‘rinda
turadi.
Iqtisodiy jihatdan O‘zbekistonning o‘rnini belgilayotganda shuni aslo unutmasligimiz
lozimki, uzoq yillar mustamlaka iskanjasida hayot kechirishga majbur bo‘lgan biron-bir davlat
va xalq ro‘shnolik ko‘rgan, ya’ni iqtisodiy taraqqiyotga erishgan emas. Qariyib bir yarim asrga
cho‘zilgan so‘nggi mustamlaka davrida O‘zbekistonimiz ham jahon iqtisodiy taraqqiyotidan
ko‘p orqada qolib ketganini hech kim inkor eta olmaydi. Albatta, biz o‘ta rivojlangan (AQSH,
Kanada, GFR, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Yaponiya) yoki rivojlangan (Avstraliya,
Argentina, Braziliya, Janubiy Afrika Respublikasi, Janubiy Koreya, Indoneziya, Meksika,
Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Xitoy, Hindiston) davlatlar safida emasmiz. Lekin jahon
moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotganiga qaramay, O‘zbekistonimiz har yili 8 foizdan
kam bo‘lmagan miqdorda yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarishda yuqori darajalarga erishyapti.
Yana bir yutug‘imiz shuki, O‘zbekistonimizning tashqi qarzi mamlakat bir yillik yalpi ichki
mahsulotining o‘rtacha 10 foizidan oshmaydi.
Dunyoda mamlakatlarga xalqining bashariyat umumtaraqqiyoti, ya’ni tamadduniga
qo‘shgan hissasiga asoslangan holda o‘rin ajratish tajribasi ham bor. Bu – aynan ma’naviyat
degani. Ko‘hna tarix mobaynida bashariyat tamadduni ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan
mamlakatlar esa u qadar ko‘p emas: Xitoy, Hindiston, Turon (O‘zbekiston), Eron, Vavilon
(Iroq), Vizantiya, Arabiston (Saudiya), Misr, Yunoniston, Italiya, Angliya, Fransiya, Germaniya,
Rossiya... Markaziy Osiyoning tamaddunga beshik bo‘lgan markazlari, asosan, bugungi
O‘zbekiston Respublikasi hududiga to‘g‘ri keladi. Bu ro‘yxatni hech kim o‘z ixtiyoricha
kengaytirib yuborishga haqli emas. Bu ro‘yxatning o‘rtalarida O‘zbekiston degan muqaddas
diyorning nomi ham mustahkam o‘rin olib turibdi! Shu nuqtai nazardan, biz – shak-shubhasiz,
buyuk xalqmiz. Turon deganda esa, asosan, bugungi O‘zbekiston hududi ko‘zda tutiladi. Chunki
qadim-qadimdan tamaddun aynan shu hududda ravnaq topgani, bizdan ne-ne buyuk zotlar
yetishib chiqqani – hammaga ma’lum.
Jahon intellektual mulk tashkiloti va yetakchi xalqaro biznes-maktablardan biri –
«INSEAD» tomonidan 2012-yili o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra mamlakatimizning
dunyoda oldingi o‘rinlardan birini egallab turgani ma’lum qilindi. Inson kapitalining taraqqiyot
darajasi bo‘yicha O‘zbekistonimiz 141 mamlakat orasida 53-o‘rinni egallab turibdi. Ta’lim
tizimini rivojlantirish darajasi, jumladan, ta’lim maqsadlari uchun ajratiladigan mablag‘lar
bo‘yicha mamlakatimiz yer yuzida 5-o‘rinni ishg‘ol etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |