Bog'liq O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 183
IV bob. MARKETINGNING TARKIBIY TUZILISHI VA UNI
BOSHQARISHNI TASHKIL ETISH
4.1. Marketing tizimi haqida tushuncha
Marketing nazariyasi iqtisodiy asoslarining shakllanish jarayonini XIX asrning 40-yillarida boshlangan, deb hisoblansada, u hozirgi paytgacha ham kam o‘rganilgan va munozarali bo‘lib qolmoqda. Marketing jarayonlarini yaxshi tariflovchi izchil nazariyalar umumiy metodologiya tamoyillari va qoidalarni yaratishga urinishlar marketing faoliyatini ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy tizimda mavjud bo‘lgan fan asoslari bilan bog‘lashga yordam bergan bo‘lsada, biroq bozor sharoitida biznes-hamkorlarning samarali o‘zaro harakatlarini tahlil qilish va bashoratlash uchun nazariy asos yarata olmadi. Bunga marketing qarorlarining iqtisodiy samaradorligini baholash metodlari va metodologiyasini iqtisodiy talqin qilish (sharhlash)ning murakkabligi ham sabab bo‘ladi.
Bozor munosabatlarining tobora chuqurlashib borishi marketing texnologiyalarini faol ravishda firmalar va bozor faoliyatiga tatbiq etishni taqozo qiladi. Tadbirkolik faoliyatini samarali olib borish, raqobat siyosati va monopoliyaga qarshi siyosatnig kuchayishi sof raqobatni vujudga keltirib, firmalarni o‘z faoliyatiga jiddiyroq e’tibor berishga undaydi. Tadbirkor, biznesmen va ishlab chiqaruvchilarning marketing kompleksi va metodologiyasiga murojaat etishi quyidagilar bilan asoslanadi.
Iqtisodiyotni boshqarishga demokratik yondashuv xo‘jalik yurituvchi subyektlarga erkinlik beradi, ularning faoliyatini qattiq nazorat qilish, faoliyatni cheklash kabilarga esa qonuniy tomondan barham beriladi.
Raqobat sharoitida ilgarigi boshqaruv tizimi asosida faoliyat yuritishning samarasiz ekanligi.
Bozor konyunkturasining keskin o‘zgarib turishi sharoitida tadbirkorlik korxonalarining marketingga murojaati boshqarishga boshqacha yondashuv zarurligini taqozo qiladi.
Iqtisodiyotdagi jiddiy islohotlar, barcha soha rivojiga innovatsion yondashuv, axborot texnologiyalarining, xizmat sohalarining tez rivoji, tadbirkorlik ko‘lamining kengayib borishini marketingsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Korxonalar iste’molchilarning talab va ehtiyojlarini qondirish orqali rejalashtirgan foydani olishiga marketing bevosita ta’sir etadi.
Iste’molchi va xaridor kategoriyalari marketing jarayonida o‘ziga xos xarakterga ega. Mahsulot ishlab chiqaruvchidan to oxirgi iste’molchiga yetib kelgunicha bir necha bosqichlarni bosib o‘tadi. Bu orada savdo funksiyalari bilan chakana va ulgurji xaridolar shug‘ullanadilar. Ulgurji xaridor foyda olish maqsadida tovarni bevosita ishlab chiqaruvchi korxonadan sotib olib uni boshqa shaharlarga, savdo tarmoqlariga tarqatadi va shu orqali o‘zi narxlarni belgilab foyda ko‘radi. Bu yerda ulgurji xaridor iste’molchi emas, balki vositachi rolini o‘ynamoqda. Bu o‘rinda ulgurji xaridor tovar va xizmatlarga talabni shakllantiradi, o‘z navbatida bozorni o‘rganib, raqobatchi firmalarning kuchli va zaif tomonlarini aniqlaydi. Jarayonning yana bir muhim qismi bu tadqiqotlar asosida yangi innovatsion tovar yaratish bosqichi. Ilmiy tadqiqotlar, benchmarking orqali yangi texnologiyalar va tovar turlari yaratiladi. Kelajakda shakllanishi mumkin bo‘lgan potensial talab hajmlari aniqlanadi. Keyingi bosqichda yaratiladigan mahsulotning texnik-iqtisodiy xarakteristikalari, naflilik darajasi kabilarni modellashtirish amalga oshiriladi. Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun firmaning resurslari va moliyaviy imkoniyatlari aniqlanadi. Tajriba – sinov laboratoriyalarida mahsulotning namunalari chiqariladi va sinovdan o‘tkaziladi. Iste’molchi va ekspertlarning fikri tahlil qilinib, uning dizayni, kamchiliklari va boshqa ekspluatatsion xarakteristikalari haqida qaror qabul qilinadi.