ILOVALAR
Ishchi dastur
KIRISH
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asari hamda kadrlar tayyorlash milliy dasturidan kelib chiqqan holda magistrlarda zamon talablariga mos ravishdagi muloqot madaniyatini, muloqot madaniyatining tarkibiy qismi bo‘lgan nutq madaniyatini yuksaltirish yuksak ma’naviyatli va yuqori salohiyatli kadrlar tayyorlashning muhim shartlaridan biridir. Shu boisdan ularni adabiy og‘zaki va yozma nutq me’yorlari bilan tanishtirish, bu me’yor va qoidalardan amaliy foydalana bilish malakasini oshirish, fikr mahsulini nutq sharoitini va vaziyatiga mos ravishda og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri va ravon ifodalash, o‘zgalar fikrini to‘g‘ri va aniq anglash ko‘nikmalarini rivojlantirish kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘quv fanining maqsad va vazifalari
Fanni o‘qitishning maqsadi magistrlarda yuksak darajadagi nutqiy madaniyatni, muloqot sifatini shakllantirish va rivojlantirishdan iborat.
Fanni o‘qitishning vazifalari – notiqlik tarixi, buyuk mutafakkirlarning nutqiy madaniyatning ahamiyati haqidagi qarashlari, mashhur voizlarning notiqlik, taniqli so‘z san’atkorlarining so‘z qo‘llash san’ati haqida, jahon zamonaviy intellektual olamida so‘z qo‘llash, notiqlik sirlari, muloqot madaniyatiga doir qarashlar, ilmiy va amaliy yo‘nalishlar haqida tasavvur hosil qilish; nutqning lisoniy va nolisoniy me’yor, qoidalari bilan tanishtirish; madaniy nutq ko‘nikmasini hosil qilish, malakalarini rivojlantirish kabilarni o‘z ichiga oladi.
Fan bo‘yicha talabalarning bilimi, ko‘nikma va malakasigagina
qo‘yiladigan talablar
“Nutq madaniyati” fanini o‘zlashtirish jarayonida amalga oshiriladigan masalalar doirasiga magistr:
- nutq mantiqning uzviy aloqadorligi; notiqlik tarixi; antik davr notiqlari; ajdodlarimiz Abu Nasr Farobiy, Abu Rayxon Beruniy, Ibn Sino, Maxmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Maxmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur kabilarning nutq madaniyatiga doir qarashlari; Bahovuddin Valad, Jaloliddin Rumiy, Xusayn Voiz Koshifiy, Mu’iniddin Voiz, Voiz Xoraviy, Zayniddin Vosifiy, Voiz Kazviniy, Mullo Kalon Voiz Samarqandiyning voizlik san’ati; Maxmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Ashurali Zohiriy kabilarning tilning sofligi va nafosati, nutqning go‘zalligi to‘g‘risidagi fikrlari; Cho‘lpon, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qodiriy, Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlarning so‘z qo‘llash san’ati; jahon zamonaviy intellektual olamida so‘z qo‘llash, notiqlik sirlari, muloqot madaniyatiga daxldor sara qarashlar, amaliy yo‘nalishlar haqida tasavvurga ega bo‘lishi kerak;
- nutqning shakllari va xususiyatlarini; madaniy nutqning talaffuz, leksik, morfologik, sintaktik, punktuatsion, uslubiy, pragmatik, sotsial, etnik, sohaviy me’yorlarini bilishi va foydalana olishi zarur;
- nutqning to‘g‘riligi va aniqligini ta’minlash; uni mantiqiy asosda tuza bilish va mantiqiy xatoliklarni aniqlay olish; nutqning sofligiga erishish; boyitib borish, nutqning jo‘yaligiga, ifodaviyligiga erishish; nutqiy strategiya va taktikani uyg‘un tashkil eta olish; nutqni pragmatik vaziyatga moslash; muammoli vaziyatlardan nutqiy malaka asosida chiqa olish; o‘zgalar fikrini to‘g‘ri anglash ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |