2-Bozor iqtisodiyotining asosiy belgilari
Bozor iqtisodiyotining mohiyatini anglash uchun uning asosiy belgilarini ko`rib chiqamiz.
50
Bozor iqtisodiyotining eng muhim belgisi-iqtisodiy plyuralizm hisoblanadi, ya'ni mulk shakllari
va xo`jalik yuritish usullarining turli-tuman bo`lishidir. Turli shakllardagi mulklar erkin,
yonma-yon, hech bir chegaralanmagan holda rivojlanadi. Turli mulklar muvozanatda bo`lib, ayrim
mulk shaklining hukmronligiga yo`l berilmaydi. Xo`jalik yuritish usullari ham har xil bo`ladi.
Yakka tartibda, jamoa-uyushmaga birikkan holda, sherikchilik-paychilik yoxud aktsionerlik
asosida, o`z mablag`iga yoki qarzga olingan mablag`ga tayanib xo`jalik yuritish, er va boshqa
vositalarni ijaraga olish va ishlatish kabilar birgalikda boradi. Bozor iqtisodiyoti erkin
iqtisodiyotdir. Iqtisodiy faoliyat erkinligining asosi ishlab chiqarish omillari yoki yaratilgan
tovarlarning mulk ob'ekti bo`lishi, mulkdorlarning esa mustaqillikka ega bo`lishidir. Ishlab
chiqaruvchi yoki iste'molchi o`z tovarini yoki pulini o`zi bilganicha ishlatadi. Bozor iqtisodiyoti
erkin bo`lganidan u har qanday iqtisodiy monopolizmni inkor etadi. Iqtisodiy monopolizm -
korxona, tashkilot yoxud davlatning umuman iqtisodiyotda yoki uning biror sohasida tanho
hukmronlik qilishi. Iqtisodiyotdagi monopolizm ishlab chiqarishning o`zida, savdo-sotiqda,
kredit-bank tizimida yoki iste'mol doirasida mavjud bo`ladi. Iqtisodiyotdagi monopolizmning
tayanchi muayyan mulk shaklining tanho hukmronligidir. Bunday mavqe esa siyosiy xokimiyat va
g`oyaviy sohadagi monopolizmni yuzaga chiqaradi. Iqtisodiy taraqqiyotga yo`l ochish uchun
iqtisodiyotdagi monopolizmni tugatish zarur, chunki monopoliya o`z tabiatiga ko`ra ishlab
chiqarishda turg`unlik paydo qiladi, hukmron mavqega tayanib, sarflarni kamaytirmay, foyda
ko`rishi mumkin, raqobatning yo`qligi yoki zaifligidan foydalanib, bozorda o`z izmini o`tkazishi
mumkin. Monopoliya turg`unlikni yuzaga chiqaradi, tashabbusni chegaralaydi. Shu sababli bozor
iqtisodiyoti u bilan chiqisha olmaydi. Mana shu jihatdan bozor iqtisodiyoti antimonopol
yo`nalishga ega.Bozor iqtisodiyoti sharoitida o`zaro munosabatlar manfaatlarni ko`zlagan holda
o`rnatiladi. Ish yuzasidan bo`lgan munosabatlar (sheriklik) erkin shakllanadi. Turli ishlab
chiqaruvchilar bir-biri bilan manfaatli aloqa o`rnatadilar. Bozorda esa xaridor bilan sotuvchi
bir-birini erkin tanlaydi. Bozor iqtisodiyotida tovar taqchilligi bo`lmaydi, shu sababdan bozorda
ishlab chiqaruvchi emas, balki iste'molchi (xaridor) o`z izmini o`tkazadi, tovar va xizmatlarning
sifatiga va narxiga qarab tanlab olish imkoniga ega bo`ladi.Bozor iqtisodiyotining yana bir belgisi
narxlarning liberallashuvi, ya'ni narx-navoning erkin tashkil topishidir. Tovarlar narxini davlat
yuqoridan belgilamaydi, narx ayrim ishlab chiqaruvchi yoki iste'molchi tazyiqi ostida
shakllanmaydi. Narx bozordagi talab va taklifga qarab, xaridor bilan sotuvchining savdolashuviga
binoan yuzaga keladi.Bozor iqtisodiyoti moslashuvchan iqtisodiy tizimdir. U sharoit
o`zgarishlariga darhol javob beradi, nima etishmasa, shuni darhol ishlab chiqarishni ta'minlaydi.
Uning muhim belgilaridan yana biri novatsiyaga moyillikdir. U fan-texnika yangiliklarini darhol
qabul qiladi, yangi tovarlarni, yangi texnologiyani va ishlab chiqarishni boshqarish usullarini joriy
etishni ta'minlaydi, chunki bu raqobatda yutqazmaslik, yaxshi foyda ko`rish, obro`-e'tibor orttirish
sharti bo`lib xizmat qiladi. Bozor iqtisodiyoti tovarlar va xizmatlar to`kinchiligini yuzaga k eltiradi,
ko`pchilik tovarlardan eng yaxshisini tanlab olgan holda ehtiyojni qondirish imkonini
beradi.Ammo bozor iqtisodiyotini hamma dardga davo deb, uni haddan tashqari olqishlash unga
xolisona baho berishdan yiroq. Uning o`ziga xos muammolari, zaif tomonlari ham yo`q emas.
Bozor iqtisodiyoti millionlab ishlab chiqaruvchi va iste'molchilarning faoliyati bo`lganidan unga
tarqoqlik va xudbinlik (egoizm) ham xos. U o`z-o`zidan davlat va jamoatchilik ishtirokisiz tabiatni
muhofaza etish, ekologik muvozanatni ta'minlashni yuzaga chiqarmaydi. Jamiyat uchun zarur
bo`lgan, lekin xarajatlar qaytimi sekin bo`ladigan, katta mablag` talab qiladigan inshootlar va
binolarning qurilishi rag`batlantirmaydi. Darhol foyda keltirmaydigan, lekin ilm-ma'rifat kelajagi
uchun muhim bo`lgan nazariy izlanishlarni ham rag`batlantirmaydi. Bozor iqtisodiyoti ham
sakrab-sakrab, siklli ravishda rivojlanadi, iqtisodiy yuksalishlar bilan birga inqiroz va tanglik ham
paydo bo`ladi. Bozor iqtisodiyotining ham, har qanday iqtisodiyot kabi, o`z rivojlanish qonunlari
mavjud. Unga xos qonunlar tizimini ikki guruhga bo`lish mumkin:
a) umumiqtisodiy, lekin bozor iqtisodiyotida ham amal qilishda davom etgan qonunlar;
b) faqat bozor iqtisodiyotining o`ziga xos bo`lgan qonunlar. Bozor iqtisodiyotiga xos bo`lgan tub
belgilar sekin-asta shakllanib, pirovard natijada yaxlit iqtisodiy tizimni hosil etadi. Bu jarayon
murakkab bo`lganidan, uzoq davom etadi. Bozor iqtisodiyotiga o`tish XX asrga xos bo`lgan
51
umumbashariy, ya'ni umumjahon voqeligidir. Bozor iqtisodiyotiga o`tish kishilarning xohish
irodasi emas, balki, ob'ektiv zaruratdir. Insoniyat tajribasi ko`rsatganidek, hozirgi zamon bozor
munosabatlari zaminidagina ishlab chiqarishni barqaror rivojlantirish, ko`plab va sifatli tovarlar
yaratish, ularga bo`lgan talabni qondirish, tejamli xo`jalik yuritish, to`kinchilik yaratib, xalqni
farovon turmush sari yo`llash, halol va samarali mehnatni qadrlash, adolatni o`rnatish mumkin.
Bozor munosabatlari tizimida shunday rag`bat kuchi jamlanganki, u muttasil iqtisodiy o`sish va
ijtimoiy rivojlanishni ta'minlaydi. Xalqaro tajriba ko`rsatganidek, bozor iqtisodiyotiga o`tishning
ikki shakli yoki modeli mavjud. 1) G`arbiy Evropa mamlakatlari va boshqa rivojlangan
mamlakatlar yo`li; 2) mustamlakachilikdan ozod bo`lib, mustaqil taraqqiyot yo`liga o`tib
rivojlanayotgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari yo`li.
Do'stlaringiz bilan baham: |