2.6. CHOY BARGI — FOLIA THEAE
Xitoy choyi — Thea sinensis L., choydoshlar — Theaceae oilasiga kiradi. Choy bo‘yi 10 m ga yetadigan doim yashil buta yoki daraxt. Plantatsiyalarda bargini terish o‘ng‘ay bo‘lishi uchun u sershox, yarimshar shaklidagi 1 m li buta holida o‘stiriladi. O‘stiriladigan choyning uchki qismi doimo kesib turiladi, shuning uchun choy bo‘yi 0,5—1 m keladigan sershox, serbarg, yarimshar shaklidagi buta holida bo‘ladi. Bargi oddiy, qalin, yaltiroq, ellipssimon, notekis tishsimon qirrali bo‘lib, qisqa bandi bilan poyada ketma-ket o‘rnashgan. Gullari yakka-yakka, 1—3 tadan barg qo‘ltig‘iga joylashgan. Kosachabargi 5—7 ta bo‘lib, ba‘zan meva bilan birga qoladi. Tojbargi 5—9 ta, oq rangli, otaligi ko‘p sonli, onaligi 1 ta, gul tuguni yuqoriga joylashgan. Mevasi — 3 chanoqli, 3 ta urug‘li, pishganda ochiladigan ko‘sak. Urug‘I yumaloq, ustki tomoni biroz yaltiroq, to‘q kulrang-jigarrang. Avgust oyidan boshlab kech kuzgacha gullaydi, mevasi — oktyabr-dekabrda yetiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |