Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali
3-kurs talabasi Ravshanov Abdurashid Abdujalil O‘g‘lining
“Oila va voyaga yetmaganlarga nisbatan huquqbuzarliklar profilaktikasining zamonaviy usullari” mavzusida yozilgan bitiruv malakaviy ishiga
ilmiy raxbar XULOSASI
Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni, xususan aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, bu borada davlat organlari fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini takomillashtirish maqsadida keng ko‘lamli isloxotlar amalga oshirilmoqda”. Bu islohot va yangilik natijasi o‘z samarasini bermoqda deb aytishimiz ham mumkin. Xususan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida “notinch oilalar farzandlari, uyushmagan yoshlar, ish bilan band bo‘lmagan, “ommaviy madaniyat” ta’siriga tushib qolgan yigit-qizlarning xatti-harakatlarini nazoratga olishda ularning ota-onalari mas’uliyatini oshirish, kashandalik, alkogolli ichimliklar iste’mol qilish va boshqa illatlar profilaktikasi” kabi dolzarb vazifalar nazarda tutilgan. Bu esa, ichki ishlar organlari faoliyatiga ilg‘or ish usullarini joriy etish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni tashkil etishni taqozo etadi.
Mazkur bitiruv malakaviy ishi “Oila va voyaga yetmaganlarga nisbatan huquqbuzarliklar profilaktikasining zamonaviy usullari” mavzusida bo'lib, tadqiqot mavzusining dolzarbligi shundaki, tadqiqot ishida oila va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni oʻrganib chiqib, ularni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, ushbu sohada mavjud muammolarni aniqlab ularga yechim berish, zo’ravolikni oldini olish yoʻllari yoritilgan bo’lib, o’rganilgan masalalardan kelib chiqqan holda takliflar berilgan.
Bitiruv malakaviy ikki bob, beshta paragraf, kirish va xulosa qismlari, adabiyotlar ro'yxatidan iborat.
Bitiruv malakaviy ishining birinchi bobida oilaga nisbatan huquqbuzarliklar va jinoyatlar umimiy tavsifi, oilaga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilish sabablari va ularning turlari, oilalarga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oqibatlari hamda profilaktikasi yoritilgan. Bitiruv malakaviy ishning ikkinchi bobida voyaga yetmaganlar huquqbuzarligi va jinoyatchiligi, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatchilik shakllari, voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilish va profilaktik chora-tadbirlar, O‘zbekiston Respublikasida oila va voyaga yetmaganlarga nisbatan huquqbuzarliklar profilaktikasini takomillashtirish yo’llari yoritilgan bo’lib, bu boradagi xorijiy mamlakatlar tajribasi o'rganilgan. Bitiruv malakaviy ishining xulosa qismida olib borilgan tadqiqot bo'yicha tegishli ilmiy-nazariy xulosalarga kelingan va ular asosida ilmiy asoslantirilgan taklif va tavsiyalar ilgari surilgan.
Bitiruv malakaviy ishida tadqiqot mavzusining hozirgi kunda nihoyatda dolzarbligi, o'rganilganlik darajasi, tadqiqotning maqsad va vazifalari, metodlari, ilmiy yangiligi, amaliy ahamiyati kabi holatlar yoritib o'tilgan.
Mazkur tadqiqot ishining ijobiy tomonlarini e'tirof etish bilan bir qatorda, ayrim kamchiliklardan ham xoli emasligi ta'kidlab o'tish joizdir. Xususan, mavzuga oid olimlarning fikrlari, qarashlari yetarli darajada o'rganilmagan, iqtibos keltirilgan fikrlarga munosabat bildirilmagan, mavzuga oid statistik ma'lumotlarning yetishmasligi va ayrim grammatik hamda uslubiy xatolarni ta'kidlab o'tish joizdir. Lekin yuqorida keltirib o'tilgan kamchiliklar, ishning umumiy mazmuniga salbiy ta'sir ko'rsatmagan.
Bitiruv malakaviy ishining shakli, tili mazmuni va materiallarni bayon etish uslubi, dolzarbligi hamda har bir bobning mantiqiy izchillik asosida tugatilganligi, asosli berilgan xulosa va takliflarning mavjudligi, BMIga qo'yiladigan talablarga to'liq javob berishini va tugallangan ish ekanligini e'tiborga olib Ravshanov Abdurashid Abdujalil O‘g‘lining “Oila va voyaga yetmaganlarga nisbatan huquqbuzarliklar profilaktikasining zamonaviy usullari” mavzusida yozilgan bitiruv malakaviy ishini ijobiy baholayman va uni ochiq himoyaga tavsiya etaman.
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi va
jamoat xavfsizligini ta'minlash”
kafedrasi o'qituvchisi G.I.Yusupdjanova
Do'stlaringiz bilan baham: |