[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.82.00 Ta’lim to‘g‘risidagi
hujjatlar;
2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.83.00 Ta’lim muassasalariga qabul qilish, o‘qishini ko‘chirish, o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialiga o‘qishga qabul qilish tartibi va o‘quv jarayonini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4166-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom 1-ilovaga muvofiq;
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali o‘quv yuklamasi hajmi 2-ilovaga muvofiq;
oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni maxsus olti oylik dastur bo‘yicha qayta tayyorlash kursini tugatganligi to‘g‘risidagi diplomning namunasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali (keyingi o‘rinlarda — Filial)da 5240100 — Yurisprudensiya (huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yuridik kadrlar tayyorlanadi;
o‘quv jarayoni Toshkent davlat yuridik universiteti Kengashi tomonidan tasdiqlangan malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Filialga bakalavriatning maxsus uch yillik dasturi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlashga o‘qishga qabul qilish belgilangan talablar asosida Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq manfaatdor vazirlik va idoralarning tavsiyanomasi berilgan shaxslar doirasida amalga oshiriladi.
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari
milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
3. Filialda o‘quv jarayonini tashkil qilishda:
ta’lim oluvchilar tomonidan bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ulardan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirishga;
ta’lim oluvchilarda normativ-huquqiy hujjatlar hamda boshqa hujjatlarni tahlil va talqin qilish, qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan innovatsion pedagogik texnologiyalarni qo‘llashga;
ta’lim oluvchilarning zamonaviy yuridik ta’lim talablariga muvofiq chet
tillarini mukammal egallashiga;
nazariyani amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga yo‘naltirilgan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida talabalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarda amaliyot (stajirovka) o‘tashini tashkil qilishga;
xorijiy davlatlarning huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ta’lim berish tajribasini qo‘llash, ushbu sohadagi ta’lim, ilmiy tadqiqot va boshqa muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga;
ta’lim oluvchilarning jismoniy va jangovar tayyorgarligini muntazam oshirib borish va zimmasiga yuklangan tezkor topshiriqlarni samarali bajarishga oid bilim va ko‘nikmalarini nazarda tutuvchi maxsus fanlarni joriy etishga;
professor-o‘qituvchilarning xorijiy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarida malakasini oshirish hamda stajirovkadan o‘tishini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilsin.
4. Oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni maxsus olti oylik dastur bo‘yicha qayta tayyorlashda shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
tinglovchilarni davlat attestatsiyasidan o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrug‘i bilan Davlat attestatsiya komissiyasi tuziladi;
davlat attestatsiyasi bitiruv ishini himoya qilish shaklida amalga oshiriladi va bitiruv ishlarini tayyorlash hamda uni himoya qilishga doir talablar Filial Kengashi tomonidan tasdiqlanadi;
davlat attestatsiyasi yakunlari bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan shaxslarga keyingi qayta tayyorlash kursida takroran topshirishga (faqat bir marta) imkoniyat beriladi;
davlat attestatsiya komissiyasi a’zolari mehnatiga haq to‘lash mehnatga soatbay haq to‘lashning belgilangan miqdorlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi;
tinglovchilarni kursdan chetlashtirishga darslarni uzrli sabablarsiz 12 soatdan ortiq qoldirganligi, o‘quv rejasidagi fanlarni o‘zlashtirmaganligi, ichki tartib va odob-axloq qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi yoki Milliy gvardiyasi tizimidan xizmatdan bo‘shaganligi asos hisoblanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Filialda 2-kurs uchun belgilangan o‘quv jarayoni yakunlanganidan so‘ng talabalarni (muddatli harbiy xizmat va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘taganlar bundan mustasno) qonun hujjatlarida belgilangan
tartibda va muddatlarda, shartnoma asosida Toshkent viloyati hududida joylashgan harbiy qismda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘tashini ta’minlasin.
6. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya xalqaro tajribani inobatga olgan holda talabalarning amaliy ko‘nikmalarini har tomonlama rivojlantirish, shu jumladan amaliyot (stajirovka) o‘tashida Filialga amaliy yordam ko‘rsatsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
o‘qishga munosib nomzodlarni tanlab olish va qabul jarayoni to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot
ishlarini tashkil etsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri R. Davletov, ichki ishlar vaziri P. Bobojonov hamda mudofaa vaziri B. Qurbonovlar zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 12-iyun,
490-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyundagi 490-son qaroriga
1-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu nizom Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali (keyingi o‘rinlarda — Filial)da kunduzgi ta’lim shaklida bakalavriatning maxsus uch yillik dasturi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash va oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni maxsus olti oylik dastur bo‘yicha qayta tayyorlash bo‘yicha o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
bakalavriatning maxsus uch yillik dasturi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash (keyingi o‘rinlarda — yuridik kadrlarni tayyorlash) — “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash” soha mutaxassisligi bo‘yicha faoliyat olib borish uchun yetarli darajadagi bilim va amaliy ko‘nikma shakllantirishni o‘z ichiga oluvchi oliy ta’lim shakli;
oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlarni maxsus olti oylik dastur bo‘yicha qayta tayyorlash (keyingi o‘rinlarda — qayta tayyorlash kursi) — “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlarni amaliyotda faoliyat olib borish uchun yetarli darajadagi bilim olishni va ko‘nikma shakllantirishni nazarda tutadigan oliy ta’limdan keyingi o‘qitish shakli;
talabgor — yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha test sinovlarini topshirishga qo‘yilgan yoki qayta tayyorlash kursiga suhbat shaklida o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan shaxs;
xodim — ichki ishlar organining amaldagi xodimi;
harbiy xizmatchi — Milliy gvardiya bo‘linmasining amaldagi harbiy xizmatchisi;
talaba — yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan shaxs;
tinglovchi — qayta tayyorlash kursi bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodim yoki harbiy xizmatchi.
3. Filialga o‘qishga qabul qilishni tashkil etish mazkur nizomning 1-ilovasida keltirilgan sxemaga asosan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Filialda yuridik kadrlarni tayyorlashga yoshi o‘n yettidan kichik va yigirma beshdan katta bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari test sinovlari asosida o‘qishga qabul qilinadi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-iyuldagi 466-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 09/21/466/0713-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta-maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega, sog‘lig‘ining holati bo‘yicha xodim yoki harbiy xizmatchining xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lgan Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘qishga kirish uchun hujjatlar qabul qilinadi.
(5-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiyasi qo‘mondoni tavsiyalari asosida oliy noyuridik ma’lumotga ega bo‘lgan amaldagi xodimlar va harbiy xizmatchilardan belgilangan tartibda egallab turgan lavozimi va pul ta’minoti saqlab qolingan holda qayta tayyorlash kursiga o‘qishga kirish uchun hujjatlar qabul qilinadi.
Filialga o‘qishga qabul qilingan shaxsga Ichki ishlar vazirligi yoki Milliy gvardiya tizimida Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kamida besh yil uzluksiz ishlab berish majburiyati yuklanadi. Talabgor majburiyat shartlari hamda uning bajarilmasligi yuzasidan moddiy javobgarlik bo‘yicha o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish jarayonida mazkur nizomning 2-ilovasida keltirilgan shakldagi ogohlantirish xati orqali tanishtiriladi.
6. Yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘qishga qabul qilishda talabgor bo‘yining balandligi quyidagi maxsus antropometrik parametrlarga javob berishi talab etiladi:
erkaklarga — 165 santimetrdan past bo‘lmasligi;
ayollarga — 160 santimetrdan past bo‘lmasligi.
7. Filialga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha belgilangan qabul kvotasi Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiyaning ehtiyojidan kelib chiqib, Toshkent shahar va Toshkent viloyatida mutaxassis kadrlarga bo‘lgan talablar tahlil qilingan holda erkaklar va ayollar, shuningdek o‘zbek va rus tillari bo‘yicha o‘qitish soniga qarab taqsimlanadi.
8. Filialga yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda — Davlat test markazi) tomonidan test sinovlarini o‘tkazish orqali, qayta tayyorlash kursiga o‘qishga qabul qilish suhbat ko‘rinishidagi tanlov asosida amalga oshiriladi.
Qayta tayyorlash kursida o‘qish ikkinchi oliy ma’lumot olish hisoblanmaydi.
Xodim yoki harbiy xizmatchining qayta tayyorlash kursini tugatganligi to‘g‘risidagi diplomga ega bo‘lishi lavozim bo‘yicha yuqori ko‘tarilishida, navbatdagi maxsus unvon berilishida, shuningdek rahbarlik lavozimlari uchun zaxiraga kiritilishida inobatga olinadi.
2-bob. Filialga o‘qishga qabul qilish jarayonini tashkil etish
9. Filialga o‘qishga qabul qilishni sifatli tashkil etish maqsadida qabul komissiyasi tashkil etiladi.
Qabul komissiyasining tarkibi Filial direktorining taqdimiga binoan adliya vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
10. Qabul komissiyasining asosiy vazifalari va funksiyalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibi Filial direktori tomonidan belgilanadi.
Filial direktori lavozim bo‘yicha qabul komissiyasiga raislik qiladi.
11. Hujjatlarni qabul qilish muddatlari va o‘qish uchun ajratilgan o‘rinlarning umumiy soni haqidagi ma’lumotlar qabul komissiyasi tomonidan, qoida tariqasida, hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan bir oy oldin Filialning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
12. Qabul komissiyasi o‘z faoliyatini keyingi o‘quv yili uchun qabul komissiyasi tashkil etilgunga qadar Filialda olib boradi.
3-bob. Yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha talabgorlarni o‘qishga qabul qilish
13. Talabgorlar ta’lim olish tili ko‘rsatilgan holda o‘qishga qabul qilish haqidagi ariza va mazkur Nizomning 14-bandida ko‘rsatilgan
hujjatlarni, qoida tariqasida, har yili 15-iyundan 15-iyulgacha (shu kuni ham) qabul komissiyasiga taqdim etadi.
Arizaning shakli qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
14. O‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi talabgorning arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:
Oldingi tahrirga qarang.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6269/0704-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(14-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-noyabrdagi 705-sonli qaroriga
asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.11.2021-y., 09/21/705/1082-son)
asli ko‘rsatilgan holda harbiy xizmatga chaqiriluvchining qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (chaqirilish muddati uzaytirilgan holda) nusxasi yoki harbiy guvohnoma nusxasi;
Oldingi tahrirga qarang.
doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joydan belgilangan namunadagi sog‘lig‘ining holati haqida ma’lumotnoma (bo‘y parametri ko‘rsatilgan holda);
(14-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(14-bandning yettinchi va sakkizinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6269/0704-son)
15. Qabul qilish bo‘yicha ro‘yxatga olingan arizalar soni haqidagi ma’lumotlar har kuni Filialning rasmiy veb-saytiga joylashtirilib boriladi.
16. Talabgorlarni o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
17. Test sinovlari o‘zbek va rus tillarida o‘tkaziladi.
O‘qitish tili belgilangan qabul kvotalari doirasida hujjatlar qabul qilinishiga qadar Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Talabgor test sinovlarini Filialda o‘qiydigan tilda topshiradi.
Filialda test sinovlari o‘tkaziladigan fanlar majmuasiga Toshkent davlat yuridik universiteti (keyingi o‘rinlarda — TDYU) uchun belgilangan tartib tatbiq qilinadi.
Talabgor chet tillar sifatida ingliz, nemis, fransuz tillaridan biri bo‘yicha test sinovini topshiradi. Talabgor o‘qigan chet tilidan qat’i nazar, xohlagan chet tili (ingliz, nemis, fransuz)dan test sinovlarini topshirishi mumkin.
Filialga yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha hujjat topshirgan va Davlat test markazi tomonidan berilgan chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikat (keyingi o‘rinlarda — milliy sertifikat) yoki xalqaro sertifikatning quyidagi darajalariga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu fandan imtihonlarsiz belgilangan maksimal ball beriladi:
ingliz tili uchun — milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (IELTS 5,5 (bunda writing modulidan 5,5 ball)), Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE va CAE xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
yapon tili uchun — milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 2) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
nemis tili uchun — milliy sertifikat
yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD II) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
fransuz tili uchun — milliy sertifikat yoki Diplome d’Etudes en Langue Française (DELF), Test de Connaissance du Français (TCF4) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori.
boshqa tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha tilni bilish darajasi B2 va undan yuqori.
18. Test sinovlari, qoida tariqasida, har yili iyul-avgust oylari oralig‘ida o‘tkaziladi.
Test sinovlariga lug‘at, shpargalkalar, mobil telefon hamda boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalarini olib kirishga harakat qilish, olib kirish va ulardan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
Test materiallarini boshqa talabgorga uzatish yoki ularga yordam berish, test materiallarini binodan tashqariga olib chiqish, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtish, test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh tortish, test sinovlari jarayonida videokuzatish vositalari orqali talabgorning tartib va qoidalarga amal qilmaganligining aniqlanishi va shu kabi holatlar talabgorni test sinovlaridan chetlashtirishga asos hisoblanadi.
Talabgorlarning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmaganligi bo‘yicha tasdiqlangan test sinovlari natijalari o‘rnatilgan tartibda Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
19. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarni o‘qishga qabul qilish haqida Filial direktorining buyrug‘i qabul qilinadi va ularga qonun hujjatlariga muvofiq stipendiya tayinlanadi hamda ular Talabalar turar joyi bilan ta’minlanadi.
20. Filialda 2-kurs o‘quv jarayoni yakunlanganidan so‘ng, qoida tariqasida, ta’til davrida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda, shartnoma asosida Toshkent viloyati hududida joylashgan harbiy qismda talabalar harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga asosan safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘tashlari ta’minlanadi (muddatli harbiy xizmat va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘taganlar bundan mustasno).
Oldingi tahrirga qarang.
21. Filial tomonidan Filialni bitiruvchi talabalarning (keyingi o‘rinlarda — bitiruvchi) doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyi bo‘yicha ro‘yxati, qoida tariqasida, sentyabr oyida Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga taqdim etiladi. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tomonidan hujjatlarni o‘rganish (keyingi o‘rinlarda — o‘rganish) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
22. Talabalar Filialda o‘qishni yakunlagunga qadar quyidagi bosqichda o‘rganishdan o‘tkaziladi:
hujjatlarni to‘plash va o‘rganish;
harbiy-tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tish.
O‘rganish ularning turlaridan kelib chiqib, tegishli mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladi.
Talabaning shaxsiy hujjatlar yig‘majildi to‘liq rasmiylashtirilgani hamda Filialda yakuniy davlat attestatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng bitiruvchi Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimiga xizmatga qabul qilinadi.
Talabaning shaxsiy hujjatlar yig‘majildlarini o‘rganish va rasmiylashtirish davomida xizmatga qabul qilinishiga to‘sqinlik qiluvchi ma’lumot (xizmatga qabul qilish uchun umumiy va maxsus talablarga mos kelmaslik)lar aniqlangan taqdirda, shuningdek harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra xizmatga yaroqsiz deb topilganda hujjatlarni rasmiylashtirish to‘xtatilib, xizmatga qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i yoki Milliy gvardiya bo‘linmasi komandiri tomonidan qaror qabul qilinadi va bu haqda Ichki ishlar vazirligi yoki Milliy gvardiya tomonidan talabaga va Filialga xabar beriladi.
4-bob. Bitiruvchilarni taqsimotga muvofiq uzluksiz ishlab berishini tashkil etish
23. Bitiruvchilarni Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tizimiga xizmatga taqsimlash uchun Filialda taqsimot komissiyasi tuziladi.
Taqsimot komissiyasiga Filial direktori raislik qiladi hamda uning tarkibiga Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya vakillari bilan bir qatorda boshqa tashkilotlarning vakillari ham, ularning rahbarlari bilan kelishilgan holda kiritilishi mumkin.
24. Bitiruvchilarni uzluksiz ishlab berish uchun taqsimlash har yili, qoida tariqasida, bitiruvchi o‘qishni tamomlagandan so‘ng, bir oydan kechiktirmay amalga oshiriladi.
25. Taqsimot komissiyasi tomonidan bitiruvchining reyting natijalari va talabani o‘rganish jarayonida yig‘ilgan shaxsiy hujjatlar yig‘majildini, shuningdek harbiy-tibbiy komissiya xulosasini inobatga olib, Ichki ishlar vazirligi yoki Milliy gvardiya tizimida Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida xizmatni o‘tash uchun bitiruvchiga mazkur nizomning 3-ilovasida keltirilgan shakldagi yo‘llanma beriladi.
26. Taqsimot komissiyasining bitiruvchini xizmatga taqsimlash haqidagi qarori qabul qilinganidan so‘ng Filial tomonidan har bir bitiruvchiga uch ish kunidan kechiktirmagan holda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomdan ko‘chirma beriladi.
27. Taqsimot komissiyasi qarori asosida ichki ishlar organlariga yoki Milliy gvardiya tizimiga yo‘llanma berilgan bitiruvchilar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma (kontrakt) tuziladi. Bitiruvchining xizmat vazifalarini bajarishga kirishganligi haqida mazkur nizomning 4-ilovasida keltirilgan shakldagi ma’lumotnoma (keyingi o‘rinlarda — ma’lumotnoma) ish beruvchi tashkilot tomonidan o‘n besh kun ichida Filialga taqdim etiladi.
Filial ma’lumotnoma asosida mazkur nizomning 5-ilovasida keltirilgan shakldagi jurnalga muvofiq har bir bitiruvchining hisobini yuritadi.
28. Bitiruvchi 3-kurs davomida o‘tkazilgan maxsus o‘rganishdan o‘tmaganda yoki harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra xizmatga nomuvofiq deb topilganda o‘qishni bitirgan vaqtidagi TDYUda amalda bo‘lgan shartnoma summasining o‘n besh barobari miqdorida Filialga kompensatsiya to‘laydi. To‘lov amalga oshirilganidan so‘ng unga diplom beriladi.
29. Bitiruvchi Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimida sababsiz besh yil uzluksiz ishlab berishdan
bosh tortgan hollarda, o‘qishni bitirgan vaqtida TDYUda amalda bo‘lgan shartnoma summasining yigirma besh barobari miqdorida Filialga kompensatsiya to‘laydi. To‘lov amalga oshirilganidan so‘ng unga diplom beriladi.
30. Uzluksiz ishlab berish muddati davomida bitiruvchi xizmatdan bo‘shatilganda, hududiy ichki ishlar organi boshlig‘i yoki Milliy gvardiya bo‘linmasi komandiri tomonidan tegishli ma’lumot besh ish kuni mobaynida Filialga taqdim etiladi.
Bunda, kompensatsiya miqdori bitiruvchi tomonidan ishlab berilgan vaqtga proporsional tarzda hisoblab chiqiladi.
31. Filial bitiruvchi tomonidan kompensatsiya miqdorini to‘lashni ta’minlash, shuningdek zaruratga ko‘ra, sud tartibida undirish chorasini ko‘radi.
Bitiruvchidan undirilgan kompensatsiya mablag‘lari to‘liq hajmda Filialni rivojlantirish jamg‘armasi hisobiga to‘lanadi.
32. Mazkur nizomga muvofiq bitiruvchi xizmat burchini bajarish vaqtida mehnat layoqatini yo‘qotganligi sababli (tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda) uzluksiz ishlab berish imkoniyatiga ega bo‘lmaganda Filial Kengashi qarori asosida kompensatsiya to‘lovidan ozod etilishi mumkin.
33. Bitiruvchining besh yillik uzluksiz ishlab berish muddati tugagandan so‘ng xizmatni davom ettirish haqidagi masala qonun hujjatlariga muvofiq ish beruvchi va xodim yoki harbiy xizmatchi o‘rtasida o‘zaro kelishuvga asosan hal etiladi.
5-bob. Qayta tayyorlash kursiga o‘qishga qabul qilish
34. Qayta tayyorlash kursiga o‘qishga kirish uchun talabgorlar ta’lim olish tili ko‘rsatilgan holda Ichki ishlar vaziri yoki Milliy gvardiya qo‘mondoni nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi.
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya qabul kvotasi bo‘yicha bir o‘ringa ikkitadan kam bo‘lmagan holda tanlovga qatnashadigan talabgorlar ro‘yxatini ta’lim oladigan tilini ko‘rsatgan holda Filial qabul komissiyasiga taqdim etadi.
Qayta tayyorlash kursiga o‘qishga kirish bo‘yicha hujjatlarni topshirish, qoida tariqasida, o‘quv jarayoni boshlanishiga bir oy muddat qolganida, tanlov esa o‘n besh kun qolganida boshlanadi.
35. Qayta tayyorlash kursida o‘qitishning davomiyligi olti oyni tashkil etadi va xizmat joyidan ajralgan holda amalga oshiriladi hamda ularning egallab turgan lavozimi va pul ta’minoti saqlab qolinadi.
36. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya tomonidan tanlovda qatnashadigan talabgorlar ro‘yxatiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
Oldingi tahrirga qarang.
(36-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6269/0704-son)
oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom (ilovasi bilan birga) yoki diplomdan ko‘chirma (O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida bitirganlar uchun) nusxasi;
tanlovda ishtirok etish huquqini beradigan Ichki ishlar vaziri yoki Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan taqdim etilgan tavsiyanoma;
Oldingi tahrirga qarang.
(36-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6269/0704-son)
37. Tanlov Filial direktori buyrug‘i bilan tuziladigan Imtihon komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Imtihon komissiyasi tarkibiga Filial xodimlari bilan bir qatorda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya hamda boshqa tashkilotlarning vakillari ham, ularning rahbarlari bilan kelishilgan holda kiritilishi mumkin.
Imtihon komissiyasining faoliyatiga umumiy muvofiqlashtiruvchi rais boshchilik qiladi. Imtihon komissiyasi faoliyatini tashkiliy jihatdan ta’minlash mas’ul kotibning tegishli o‘rinbosari zimmasiga yuklanadi.
38. Suhbat savollarini tuzish uchun Filial direktorining buyrug‘i bilan ekspert guruhi tuziladi va uning faoliyatiga ekspert guruhi raisi umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
Tanlov huquq sohasidagi tayanch bilimlar, tahliliy fikrlash va sohaviy qonun hujjatlariga oid bilimlarni aniqlash nuqtai nazaridan o‘tkaziladi hamda tanlov uchun savollar mazkur mezonlar bo‘yicha tuziladi.
39. Tanlov biletlari ekspert guruhi tomonidan tuzilgan savollardan shakllantiriladi. Tuziladigan savollarning sifati va mazmuni yuzasidan mas’uliyat ekspert guruhi a’zolari zimmasiga yuklanadi.
Har bir bilet uchta savoldan (ushbu nizomning 38-bandida ko‘rsatilgan har bir mezon bo‘yicha bittadan) iborat bo‘lishi lozim.
Biletlar qabul komissiyasi mas’ul kotibi tomonidan bevosita tanlov boshlanishidan oldin tayyorlanadi va tanlov boshlangunga qadar qabul komissiyasi raisining seyfida saqlanadi.
40. Tanlovni o‘tkazish jadvali Filial direktori
tomonidan tasdiqlanadi va, qoida tariqasida, tanlov o‘tkazilishidan o‘n kun oldin Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga xabar beriladi.
41. Tanlov o‘tkazilishiga qadar konsultatsiyalar Filial direktori tomonidan tasdiqlangan jadval asosida tashkil etiladi.
42. Tanlov boshlanishidan oldin talabgor pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatni ko‘rsatishi shart.
Tanlovga lug‘at, shpargalkalar, mobil telefon hamda boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalarini olib kirishga harakat qilish, olib kirish va ulardan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
43. Tanlovda talabgor savollar berilgan biletni tanlaydi. Talabgorga tayyorlanish uchun yigirma daqiqa vaqt ajratiladi.
Tanlov jarayonida talabgorga bilet mazmuni doirasida qo‘shimcha savollar berilishi mumkin. Bitta talabgor bilan suhbat, qoida tariqasida, yigirma daqiqagacha davom etadi.
Biletni almashtirish, boshqa talabgorga uzatish yoki ularga yordam berish, tanlov davomida o‘zaro gaplashish, tanlov jarayonida videokuzatish vositalari orqali talabgorning tartib va qoidalarga amal qilmaganligining aniqlanishi va shu kabi holatlar talabgorni tanlovdan chetlashtirishga asos hisoblanadi.
44. Tanlov natijalarini aniqlash uchun Imtihon komissiyasining har bir a’zosi boshqa a’zolardan mustaqil ravishda har bir talabgor uchun alohida baholash varaqasini to‘ldiradi va uni Imtihon komissiyasi kotibiga taqdim etadi.
Imtihon komissiyasi a’zolari tomonidan talabgorga qo‘yilgan o‘rtacha ballni hisoblash maqsadida 2 nafar Imtihon komissiyasi a’zolari va Imtihon komissiyasi kotibidan iborat tarkibda hisob komissiyasi tuziladi.
Tanlov natijalari reyting tizimiga muvofiq nomzodga qo‘yilgan ballarni (0 dan 100 gacha bo‘lgan doirada) nazarda tutgan holda aniqlanadi va Filial direktori tomonidan tasdiqlanadigan Imtihon komissiyasi majlisi bayonnomasiga kiritiladi.
45. Tanlov natijalari Filialning rasmiy veb-saytida tanlov yakunlangan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmasdan joylashtiriladi.
46. Talabgor tanlovga kelmagan taqdirda unga 0 ball qo‘yiladi. Tanlov yakuni bo‘yicha belgilangan maksimal ballning 55 foizi va undan kam ball to‘plagan taqdirda talabgor qayta tayyorlash kurslariga qabul qilinmaydi.
Qayta tayyorlash kursiga tinglovchilarni qabul qilish uchun qayta tanlov o‘tkazilmaydi.
47. Tanlov natijalari yuzasidan shikoyat qilinishi va apellatsiya tartibida ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
48. Qayta tayyorlash kurslariga qabul kvotasidan kelib chiqib belgilangan o‘rinlar sonini inobatga olgan holda tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan (suhbatda belgilangan maksimal ballning 56 foizi va undan yuqori ball to‘plaganda) talabgorlar qabul qilinadi.
49. Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgor Filial direktorining buyrug‘i bilan tinglovchilar safiga qabul qilinadi.
Tinglovchilar safiga qabul qilinganligi haqidagi buyruqdan ko‘chirma besh kun ichida Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaga yuboriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
50. Filialda ta’lim olayotgan talabalar o‘qishini boshqa oliy ta’lim
muassasalariga, shuningdek boshqa oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini Filialga ko‘chirish mumkin emas.
51. Mazkur nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizomga
1-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialiga o‘qishga qabul qilishni tashkil etish
SXEMASI
Oldingi tahrirga qarang.