Soliq hisoboti
Soliq hisoboti soliq to‘lovchining soliq va boshqa majburiy to‘lovning har bir turi bo‘yicha yoki to‘langan daromadlar bo‘yicha hisob-kitoblar hamda soliq deklaratsiyalarini, shuningdek hisob-kitoblarga va soliq deklaratsiyalariga doir ilovalarni o‘z ichiga oladigan hujjatidir.
|
Hisobot O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklda tuziladi. Soliq hisoboti qog‘ozda va elektron hujjatga doir talablarga rioya etilgan holda elektron hujjat tarzida tuziladi. Soliq hisoboti soliq to‘lovchi tomonidan imzolanishi kerak, shuningdek agar u kichik tadbirkorlik subyekti bo‘lmagan yuridik shaxs bo‘lsa, uning muhri bilan tasdiqlanadi. Elektron hujjat tarzida taqdim etilgan soliq hisoboti soliq to‘lovchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi. Yuridik shaxs – soliq to‘lovchi qayta tashkil etilayotganda yoki tugatilayotganda, har bir qayta tashkil etilayotgan yoki tugatilayotgan soliq to‘lovchiga soliq davri boshlanganidan e’tiboran qayta tashkil etish yoki tugatish tugallangan kunga qadar bo‘lgan davr yuzasidan tegishincha topshirish dalolatnomasi, taqsimlash balansi yoxud tugatish balansi asosida alohida-alohida soliq hisoboti tuziladi. Mazkur hisobot topshirish dalolatnomasi, taqsimlash balansi yoki tugatish balansi tasdiqlangan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida taqdim etiladi. Ushbu qismning qoidalari o‘zgartirish, shuningdek boshqa yuridik shaxsni qo‘shib olish orqali qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Tadbirkorlik subyekti – yuridik shaxs ixtiyoriy tugatilgan taqdirda unga soliq davri boshlanganidan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ tugatish tartib-taomili boshlanganligi haqida xabardor qilingan sanagacha bo‘lgan muddat uchun alohida soliq hisoboti tuziladi. Soliq hisobotida ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun javobgarlik soliq to‘lovchining zimmasiga yuklatiladi.
Soliq hisoboti soliq to‘lovchi tomonidan Soliq kodeksida belgilangan muddatlarda taqdim etiladi. Soliq hisoboti soliq to‘lovchi hisobga qo‘yilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladi. Ayrim turdagi soliqlar bo‘yicha soliq hisoboti ham Soliq kodeksida nazarda tutilgan hollarda obyektlar bo‘yicha hisobga qo‘yilgan joy bo‘yicha soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etiladi. Tadbirkorlik subyektlari uchun qulaylik tug‘dirish maqsadida tadbirkorlik subyektlari uchun soliq hisobotlarini faqat elektron shaklda taqdim etilish bo‘yicha qoida joriy qilingan.
Masalan, jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha soliq deklaratsiyasini yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etadilar, yuridik shaxslar yer solig‘i va mol-mulk solig‘i bo‘yicha soliq hisobotini esa obyektlar joylashgan joyda hisobga qo‘yilgan joy bo‘yicha taqdim etadilar.
Soliq hisoboti davlat soliq xizmati organlarida va soliq to‘lovchida Soliq kodeksida belgilangan soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddati mobaynida saqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |