Oddiy shirkat shartnomasi sherigida (ishtirokchisida) birgalikdagi faoliyatga soliq solish tartibi. Mol-mulkni birgalikdagi faoliyatga hissa sifatida topshirish sheriklar (ishtirokchilar) o‘rtasida kelishilgan qiymat bo‘yicha yoki buxgalteriya hisobi hujjatlarida hisobga olinadigan balans qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi hamda unga tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish sifatida qaralmaydi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan olingan va birgalikdagi faoliyatga hissa sifatida topshirilayotgan mol-mulk bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulotni realizatsiya qilayotgan ishonchli shaxsda hisobga olish uchun qabul qilinadi. Bunda oddiy shirkat shartnomasi sherigi (ishtirokchisi) birgalikdagi faoliyatga topshirilayotgan mol-mulk bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish uchun qabul qilmaydi. Agar kiritilayotgan mol-mulk bo‘yicha ilgari qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish amalga oshirilgan bo‘lsa, mol-mulk birgalikdagi faoliyatga topshirilgan davrda ilgari mazkur mol-mulk olinganda hisobga olish uchun qabul qilingan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi kamayadi.
Oddiy shirkat shartnomasining sherigi (ishtirokchisi) o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni birgalikdagi faoliyatga hissa sifatida topshirgan taqdirda qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmaydi. Tayyor mahsulot ishlab chiqarish vaqtida ilgari hisobga olingan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasiga Soliq kodeksida nazarda tutilgan tartibda tuzatish kiritilishi lozim. Bunda tuzatish kiritilishi lozim bo‘lgan soliq summasi topshirilayotgan mol-mulkning qiymatiga kiritilmaydi va birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulotni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi ishonchli shaxs tomonidan hisobga olinadi. Tuzatish kiritilgan soliq summasi mazkur mol-mulkni topshirish rasmiylashtiriladigan hujjatlarda ko‘rsatiladi.
Oddiy shirkat shartnomasining birgalikdagi faoliyatga hissa sifatida mol-mulk topshirayotgan sherigi (ishtirokchisi) qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda ishonchli shaxs tomonidan hisobga olinishi uchun topshirilayotgan mol-mulk bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini ko‘rsatgan holda hisobvaraq-fakturani rasmiylashtiradi. Birgalikdagi faoliyatga topshirilgan mol-mulk bo‘yicha rasmiylashtirilgan hisobvaraq-faktura birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot bo‘yicha budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisob-kitob qilishda soliqning ushbu summasini ishonchli shaxs tomonidan hisobga olish uchun qabul qilishga asos bo‘ladi. Hisobvaraq-fakturada “jo‘natiladigan tovarlar hujjatlari yoki shartnomalar raqami va sanasi” degan katakchada “birgalikdagi faoliyatga hissa” degan belgi qo‘yiladi.
Birgalikdagi faoliyatda ishtirok etishdan olingan daromadlarga soliq solish oddiy shirkat shartnomasi sherigiga (ishtirokchisiga) soliq solishning amaldagi tartibiga muvofiq oddiy shirkat shartnomasining har bir sherigida (ishtirokchisida) boshqa daromadlar tarkibida amalga oshiriladi. Bunda qat’i belgilangan soliq to‘lovchilar (yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar), shuningdek yagona yer solig‘ini to‘lovchilar bo‘lgan oddiy shirkat shartnomasi sheriklarining (ishtirokchilarning) birgalikdagi faoliyatdan olingan daromadlariga dividendlarga soliq solishda belgilangan stavkalar bo‘yicha soliq solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |