Toshkent davlat yuridik universitet
2-kurs Jinoyat-huquqiy faoliyat soha mutaxasisligi 2-guruh talabasi
Qo’ldoshev Sherzod Mansur o’g’lining
“Ona tili –millat ruhi “ mavzusida yozgan maqolasi.
“Milliy tilni yo’qotmak- millat ruhini yo’qotmak
( Abdulla Avloniy).
Ona tili- millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, umidlarining namunasidir. Suvsiz daryo bo’lmaganidek, tilsiz millat bo’lmaydi. Turk dunyosining buyuk ma’rifatparvar ijodkori Ismoilbek Gaspirali aytganidek: “Millatning ikki asosi bordur. Bu ularning tili va dinidur. Agar millat hayotidan shu ikkisidan biri sug’urib olinsa, bu millat tanazzulga yuz tutur”.
1989-yil 21-oktabrda o’zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o’zbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo’yildi. O’zbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan so’ng barcha davlat hujjatlari o’zbek tilida yuritiladi, gazeta va jurnallar o’zbek tilida chop etila boshlandi.
Rossiyalik olima, professor A. Kozylnina “O’zbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibadordir”deb bejiz ta’kidlamagan. Ammo ko’cha-ko’yda yurganimizda reklama bannerlarida, afishalarda tilimizdagi so’zlarning noto’g’ri yozilganiga guvoh bo’lamiz. Axir bu davlat tiliga, millatga hurmatsizlik emasmi. Tilga hurmat masalasida biz Yevropa davlatlaridan o’rnak oladigan jihatlarimiz ko’p. Masalan Germaniya davlatida parlamentga qonun loyihasi kiritilayotganda birorta xorijiy so’z ishlatilmasligi kerak. Shuningdek bu davlatda siz xorijiy tilde savol bersangiz ular hech qachon javob qaytarmaydi. Qachonki siz nemis tilida savol bersangiz javob qaytarishadi. Germaniyada ko’chalarda yursangiz ko’zingiz birorta xorijiy so’zga tushmaydi. Bu qanchalar davlat tiliga, millat tiliga bo’lgan hurmatning yuksak namunasidir. Bizda-chi ayniqsa poytaxtimizda ko’chalarda o’zbekcha so’zlarni uchratish qiyin. Hammayoq inglizcha, ruscha so’zlarga to’lib ketgan. Buni qanday tushunish mumkin. Axir hamma havas qilsa arziydigan go’zal tilimiz bor-ku.
Shu o’rinda buyuk avar shoiri Rasul Hamzatovning “Mening Dog’istonim” asarida bir ibratli hikoya bor. Ya’ni bir kampirning o’g’li o’zga davlatga ketadi.Va uzoq qolib ketadi.Uning oldiga diydorlashgani do’sti boradi. Do’sti yurtiga qaytganidan so’ng kampir undan bir narsani so’raydi. U o’g’li do’stiga qaysi tilda muloqot qilganini so’raydi. Do’sti esa avar tilida gapirmaganini aytadi. Shunda kampir demak, o’g’lim o’lgan ekan deydi. Qanchalar purma’no mazmun. Haqiqatdan ham tilini unutgan millat tanazzulga yuz tutadi.
Mulohazalarimizni davom ettiraylik, poytaxtimizning qoq markazida joylashgan mehmonxonaning bir tomoniga Poytaxt, ikkinchi tomoniga esa Poytaht tarzida yozib qo’yilganiga ko’zingiz tushganda Alisher Navoiyning mashhur iborasi xayolingizdan o’tadi: tilga e’tiborsiz- elga e’tiborsiz. Muammolar bu bilan tugamaydi. O’rta maktabni bitirgan ayrim o’quvchilar xatosiz gap tuzolmaydilar, o’z fikrlarini emin-erkin ifoda etolmaydilar. Axir Singapur davlatida maktabni bitirgan o’quvchilar davlat tilidan tashqari xitoy, ingliz tillarini mukammal biladi.
Marhum buyuk adibimiz Erkin Vohidovning”So’z latofati” kitobida insonning birinchi so’zi ikki toshni urgandagi chaq so’zi ekanligini ta’kidlaydi. Chaq so’zidan keyinchalik minglab so’zlar paydo bo’ldi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat- yengilmas kuch” kitobida ona tili haqida to’xtalib, bunday fikrlarni bayon qiladi: “O’zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o’rtasidagi ruhiy- ma’naviy bog’liqlik til orqali namoyon bo’ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili- bu millatning ruhidir”.
Ona tili- ezgu fazilatlar, yuksak tuyg’ular manbayi. U inson kamolotida betakror o’rin tutadi. Chunki onalarimiz bizga shu tilda alla aytadi, inson uchun hayotiy zarur bilim va tushunchalarni til vositasida ong-u shuurimizga singdiradi, odob-u axloqimiz, fe’l atvorimiz orqali berilgan o’git va nasihatlar asosida shakllanadi. Inson tafakkurining shakllanishi bevosita til bilan bog’liq. O’z tilini yo’qotgan millat o’zligidan ham mahrum bo’ladi, ma’naviy zavolga yuz tutadi. Sobiq SSSR davrida xalqimizni o’zligidan, tarixiy xotirasidan judo qilish uchun, avvalo, tilimiz kamsitilgani bejiz emas.
Til- xalqning, millatning eng buyuk qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun xalqning ozodlikka, o’zligini anglab yetishga intilishida tilning qadrini tiklash, nufuzini oshirish muhim o’rin tutadi. Boshqa qonunlar kabi “Davlat tili haqida”gi qonun ijrosiga ham faqat nazorat qiluvchi organlar emas, shu yurtda yashovchi har bir fuqaro mas’uldir. Ona tilini ulug’lash, so’zni qadrlash- inson ziynati, burchi, Lekin hamma ham bu mas’uliyatni birday his qilyapti, deyish qiyin.Gapimizning isboti tariqasida ayrim telekanallarda til me’yorlari buzilayotganini ko’rishimiz mumkin. Xususiy kinostudiyalarning aksar filmlarida pala-partish jumlalar tuzish, nutq madaniyatiga rioya etmaslik, sheva ustunligini ko’ramiz. Ba’zi xonandalar she’rni o’ziga moslab olib qo’shiqqa aylantiryapti.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi so’zlarini doimo yodda saqlashimiz kerak: “Ayni vaqtda jamiyatimizda til madaniyatini oshirish borasida hali ko’p ish qilishimiz lozimligini ham unutmasligimiz zarur. Ayniqsa , ba’zan rasmiy muloqotlarda ham adabiy til qoidalariga rioya qilmaslik, faqat ma’lum bir hudud doirasida ishlatiladigan sheva elementlarini qo’shib gapirish holatlari uchrab turishi bu masalalarning hali-hanuz dolzarb bo’lib qolayotganini ko’rsatadi. Bu haqda so’z yuritganda, bobomiz Alisher Navoiyning “Tilga e’tiborsiz-elga e’tiborsiz”degan so’zlarida naqadar chuqur hayotiy haqiqat mujassam ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.
Ona tilini sevish- vatanparvarlik belgisi, ajdodlar ruhiga hurmat ramzi. O’z tilini asrab-avaylagan o’zligini, g’ururini asrab-avaylagan bo’ladi. Bir so’z bilan aytganda, ona tilimiz xalqimiz dilining tubida bo’lgan eng murakkab tushunchalarni ham ifoda etadi. Chunki bu til necha asrlar, ming yillar davomida shu xalq bilan birgalikda shakllangan. Shuning uchun ham, ona tili- millatning ruhi, deymiz. Ona tiliga bo’lgan muhabbat, avvalo, har bir so’zning ma’nosini chuqur anglagan holda ishlatish, uni yaxshi bilish, asrab-avaylash fazilatlarida ko’rinadi. Til bilish- madaniyat belgisi. Xalqimiz ta’biri bilan aytganda, til bilgan el biladi. Ayniqsa, milliy o’zlikni anglash, “Kim edim-u, kim bo’ldim”degan savolga javob topish, xotira tuyg’usi bilan yashashda ona tilining o’rni beqiyos.
Zero, rus sarkardasi Skobelev aytganidek “Millatni yo’q qilish uchun u yerga qurol ko’tarib borish shart emas, uning tilini, ma’naviyatini, aadabiyotini yo’q qilish kerakligini, shunda millatning o’zi yo’q bo’lib ketadi” degan fikri naqadar to’g’ri ekanligini ko’rishimiz mumkin. Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda “Milliy tilni yo’qotmak-millat ruhini yo’qotmakdir.
Abdulla Qodiriy aytganidek “ O’zbek tili kambag’al emas, balki o’zbek tilini kambag’al deguvchilarning o’zi kambag’al. Ular o’z nodonliklarini o’zbek tiliga to’nkamasinlar.
Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v): “Erlarda jamol lison va tildur” demishlar.
Ey ona til, aziz qadrdonim,
Iltifoti ruhim, Rahmonim.
Tug’dig’im kundan aylading ulfat,
O’lguncha ayrilma, ey jonim.
Menga ilm-u adab san o’rgatding,
Chin adib, muallim, shonim.
Millatning ruhini ko’targuchisan,
Ey muqaddas karamli sultonim.
Xulosa qilib aytganda “Davlat tili haqida”gi qonunning hayotga tatbiq etilishiga, o’z ona tilimizni e’zozlash, nufuzini yanada yuksaltirish, uning olamda baralla yangrashiga hissa qo’shish o’zini shu yurtning haqiqiy farzandi deb hisoblagan har bir inson uchun muqaddas burchdir.
Ona tilim, sen borsan shaksiz
Bulbul kuyin she’rga solaman
Sen yo’q bo’lgan kuning, shubhasiz
Men ham to’ti bo’lib qolaman.
Abdulla Oripov.
Do'stlaringiz bilan baham: |