Ko`chma manbalardan atmosfera havosiga zararli ta'sir ko`rsatish
normativlari har bir ko`chma manbasi turi bo`yicha standartlar orqali belgilanadi.
Ushbu standartlar atmosfera havosiga transport va boshqa harakatlanuvchi
manbalarning ishlatilgan gazlardagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori va zararli
fizikaviy omillari bo`yicha tasdiqlanadi. Masalan, karburator dvigatelli
avtotransport uchun ularning chiqindi gazlaridagi uglerod oksidi miqdori bo`yicha
belgilanadi. Bu ko`rsatkich hamma karburatorli dvigatellar uchun yagona
hisoblanadi.
Doimiy ifloslantiruvchi manbalardan atmosfera havosiga ifloslantiruvchi
moddalar va biologik organizmlar chiqarish uchun hamda atmosfera havosini
iste'mol qilish uchun Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi tomonidan
beriladigan ruxsatnomaga asosan yo`l qo`yiladi.
Doimiy manbalardan atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni
chiqaruvchi korxona, tashkilot, muassasalar tashkiliy xo`jalik va texnik tadbirlarni
amalga oshirishi lozim. Zararli ta'sirni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni
amalga oshirishlari, chiqindilarni tozalash uchun qurilma, asbob va uskunalarni
ishga yaroqli holda saqlab, ularni doimiy ishlatishga; atmosferaga chiqarilayotgan
zararli moddalar miqdori va sifatining hisobini yuritishga majburdirlar. Ushbu
korxonalar atmosfera havosiga zararli moddalar chiqarib tashlashi oqibatida
tuproq, suv va boshqa tabiiy resurslarga zararli ta'sir ko`rsatmaslikni ta'minlashlari
shart. Avariya va noqulay meteorologik holatlar vujudga kelganda, tegishli
choralarni ko`rishlari, xususan, atmosfera havosini muhofaza qilish ustidan nazorat
olib boruvchi organlarni ogohlantirish, ifloslanish sababini bartaraf etishi hamda
atmosferaga zararli ta'sir ko`rsatishni to`xtatishi lozim.
Atmosfera havosini muhofaza etishda davlat organlarining faoliyati katta
ahamiyatga ega. Atmosfera havosini muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvini
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat
qo`mitasi, Sog`liqni saqlash vazirligi va mahalliy hokimiyat organlari amalga
oshiradilar. Ushbu davlat organlari:
1) atmosfera havosining monitoringini, ya'ni kuzatuvini olib borib,
atmosfera havosining sifat ko`rsatkichlari hisobini va iqlimning o`zgarishi
to`g`risidagi ma'lumotlarni yig`ib boradilar hamda atmosfera havosi holatining
o`zgarishini oldindan taxmin qilishni olib boradilar;
2) atmosfera havosining sifatini belgilash maqsadida va uni muhofaza qilish
uchun normativ va standartlarni tasdiqlaydilar. Ushbu normativ va standartlar
orqali atmosfera havosining holati va uni muhofaza
qilish rejalashtiriladi;
3) atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlarni chiqarib
tashlashga
ruxsat beradilar;
4) atmosferani muhofaza qilish sohasida yuridik va jismoniy shaxslar
ustidan davlat nazoratini olib boradilar.
Atmosfera havosini muhofaza qilish bo`yicha davlat nazoratini Tabiatni
muhofaza qilish davlat qo`mitasi, Sog`liqni saqlash vazirligining sanitariya-
epidemiologik xizmati (atmosferaga zararli fizikaviy ta'sir ko`rsatish ustidan) va
Ichki ishlar vazirligining avtomobil nazorat xizmati (avtotransportdan foydalanish
jarayonida atmosfera havosini ifloslantirish ustidan) amalga oshiradi. Mazkur
davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari atmosfera havosini muhofaza
qilish ustidan davlat nazoratini olib borganda, quyidagi huquqlarga ega:
ifloslantiruvchi manbalarni tekshirish maqsadida korxona, tashkilot va
muassasalarga moneliksiz kirish; tegishli qurilma va asbob-uskunalarning
ishlashini tekshirish; tegishli hujjatlar, shu jumladan zararli moddalar tashlash
kitoblari bilan tanishish; aniqlangan huquqbuzarliklarni to`xtatish, ularning
oqibatlarini bartaraf etish hamda oldini olishga qaratilgan majburiy xarakterga ega
bo`lgan ko`rsatmalar berishga; korxona, sex, avtotransport vositalari, alohida
obyektlarning faoliyatini yoki ishlatilishini to`xtatib turish; belgilangan tartibda
ma'muriy jazo choralarini qo`llash hamda intizomiy yoki jinoiy javobgarlikka
tortish masalasini qo`yishga va huquqbuzarlik oqibatida atrof tabiiy muhitga
yetkazilgan zararni undirish bo`yicha da'vo arizasini qo`zg`atish va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: