Viruslarning ochilishi va uning ahamiyati. Filtirlanuvchi viruslar dastlab, 1892 yilda rus olimi Dimitriy Iosifovich Ivanovskiy tomonidan ochilgan edi.
D.I. Ivanovskiy 1887 yili qishloq xoʻjaligida katta zarar keltirayotgan tamakidagi mozaika (chiporlanish) kasalligini oʻrganishga kirishdi va bu kasallikning oʻziga xos belgilarini oʻrgandi. Mozaika doimo oʻsimlikning yosh barglaridan boshlanishi, soʻng oʻsimlik tanasiga tarqalishi, kasallangan barg rangining sekin – asta oʻzgarib borishini aniqladi. Olib borilgan tajribalarda, kasallangan barglarda ajratib olingan hujayra shirasi bakteriyalarni tutib qoluvchi chinni filtrdan oʻtkazilib, filtrat (filtrdan oʻtgan suyuqlik) bilan sogʻlom oʻsimlik kasallantirilganda chiporlanish alomatlari sodir boʻldi. Shuningdek chiporlanish kasalligiga uchragan oʻsimlikdan ajratib olingan va bakteriyalardan tozalangan hujayra shirasi bilan ikkinchi sogʻlom oʻsimlik, bu oʻsimlik ham kasallangandan soʻng, undan ajratib olingan shira bilan uchinchi oʻsimlik va hokazolar zaralantarilganda ham hujayra shirasining kasallantirish xususiyati saqlangan. Bu holat oʻsimlikda kasallik tugʻdiruvchi “sabab”ning koʻpayishidan dalolat berdi. Keyinchalik D.I. Ivanovskiy kasallangan tamaki bargining koʻndalang kesmalarini mikroskop ostida oʻrganib, hujayra ichida “virus zarralari toʻplami” mavjud ekanligini aniqlaydi. Hozirgi paytda bu toʻplam uning sharafiga “Ivanovskiy kristallari” deb ataladi.
Ivanovskiyning bu kashfiyoti 1898 yilda yirik bakteriolog olim Beyerink tomonidan takrorlandi va toʻla tasdiqlandi.
Bakteriofaglarning kashf etilishi. Angliyalik mikrobiolog F.V. Tvort 1915 yili mikroblarning ham kasallanishini aniqladi. Kasallik qoʻzgʻatuvchi bu agent bakteriyalarni tutib qoluvchi filtrdan osonlik bilan oʻtadi. Mikroorganizmdan holi, deb oʻylangan bu suyuqlik, qaytadan mikroorganizmlarga qoʻshilsa, mikroorganizmlar oʻlar ekan. F.V. Tvort filtrlangan bu suyuqlikda mikroblardan ham mayda va mikroblarni oʻldiruvchi qandaydir tirik organizm bor deb, taxmin qildi va bakteriofaglarning ochilish davrini boshlab berdi. Xuddi shu davrda, kanadalik bakteriolog F.D. Errel dizenteriya mikroblarida kasallanish alomatlari borligini aniqladi. U dizenteriya bilan kasallangan kishi axlatini bakteriyalarni tutib qoluvchi filtrdan oʻtkazilib, dizenteriya bakteriyalariga qoʻshilsa, dezenteriya bakteriyalarining nobud boʻlishini aniqladi va bakteriyalarni oʻldiruvchi-bakteriofaglarning kashf etilishiga katta hissa qoʻshdi (“fagos” soʻzi grekcha boʻlib, “yutuvchi” degan ma’noni anglatadi).
Do'stlaringiz bilan baham: |