Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari ichki ishlar boshqarmalari O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi hujjatlar rasmiylashtirilishi to‘g‘riligini tekshiradilar, ushbu masalalar yuzasidan 2 nusxada hujjatlar yig‘ma jildini yuritadilar va davlat xavfsizlik tegishli organlarining fikrini so‘raydilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahri hokimliklari ichki ishlar boshqarmalarining materiallari va xulosalarini Tashqi ishlar vazirligiga yuboradilar.
Tashqi ishlar vazirligi o‘z xulosasini O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi materiallar bilan birgalikda prezident huzuridagi Fuqarolik masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiyaga va respublikaning tegishli vakolatli organlari /Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi/ga yuboradi. Mazkur vakolatli organlar prezident huzuridagi Fuqarolik masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiyaga faqat o‘z xulosalarini yuboradilar, hujjatlarni esa Ichki ishlar vazirligiga qaytaradilar.
Vakolatli organlarning har birida fuqarolikka oid materiallarni ko‘rib chiqish muddati bir oydan, umumiy muddati esa — fuqarolik masalalari bo‘yicha hujjatlar ochilgan paytdan boshlab bir yildan oshmasligi kerak. Fuqarolik masalalari bilan shug‘ullanuvchi komissiya hujjatlarni ko‘rib chiqadi va prezident qaror qabul qilishi uchun takliflar taqdim etadi. Fuqarolikda o‘zgarish prezident Farmoni e'lon qilingan kundan boshlab yuzaga keladi.
Iltimosnomani ko‘rib chiqish muddati.
Qanday holatda fuqarolikka qabul qilish rad etilishi mumkin?
Shaxs O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik ishlatib o‘zgartirishni yoqlab chiqayotgan bo‘lsa;
faoliyati O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy prinsiplariga zid bo‘lgan partiyalar va o‘zga tashkilotlarga a'zo bo‘lsa;
O‘zbekiston qonunlariga muvofiq jazolanadigan xatti-harakatlar uchun ozodlikdan mahrum etilgan va jazoni o‘tayotgan bo‘lsa, uni O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnomasi rad etiladi.
Fuqarolik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va fuqarolik masalalariga oid qarorlarni ijro qilish tartibini buzuvchi mansabdor shaxslarning huquqqa zid xatti-harakatlari xususida qonun bilan belgilangan tartibda lavozimiga ko‘ra yuqoriroq mansabdor shaxsga, norozi bo‘lgan taqdirda esa sudga shikoyat qilinishi mumkin.