1.2. Neologizatsiya jarayoni va uning so‘z o‘zlashtirishdagi ahamiyati
Yangilik bo‘yog‘iga ega bo‘lgan so‘zlar tilshunoslikda o‘zlashma neologizmlar deb ataladi. O‘zlashma neologizmlar – kundalik turmushdagi yangicha munosabatlarni, yangi narsalar va ularning belgilarini, yangi hodisalar, tushunchalarni ifodalovchi lug‘aviy birliklardir.
Yangi tushunchalarning tilda vujudga kelishi ko‘proq tilning ichki imkoniyatlari:
a) shevalardan va mahalliy tillardan so‘z olish;
b) so‘z yasash imkoniyatidan foydalanish asosida yuzaga keladi.
Ba’zan yangi tushunchalar boshqa tillardan so‘z olish yo‘li bilan ham ifodalanadi. Bunday so‘zlar olinma yoki o‘zlashma so‘zlar hisoblanadi.
Til leksikasi turmush uchun keraksiz bo‘lib qolgan tushunchalarni bildiruvchi so‘zlarning iste’moldan chiqib ketishi, yangi paydo bo‘lgan tushunchalarni ifodalovchi so‘zlarning esa kirib kelishi hisobiga o‘zgarib, rivojlanib boradi. Ko‘pchilik tillar leksikasi bir qancha manbalar asosida boyib rivojlanib boradi. Ularni, eng avvalo, ikki katta guruhga ajratish mumkin:
1) o‘z ichki imkoniyatlari asosida;
2) boshqa tillardan so‘z olish asosida.
Ularning birinchisi ichki manbalar, ikkinchisi esa tashqi manbalar sanaladi.
Fors tilining birinchi yo‘l bilan boyib borishi imkoniyatlari juda kengdir. Bunga Eron hayotida amalda bo‘lgan til siyosatining ham o‘rni bor. Umuman olganda ko‘pchilik davlatlar imkon qadar tilni o‘z ichki imkoniyatlari bilan boyitishga harakat qiladi. Boshqa tillardan imkon qadar kam so‘z o‘zlashtirishga intiladi. Professor A. Quronbekov bu hodisani shartli uch guruhga bo‘ladi: 1. Islomgacha bo’lgan davr til aloqalari 2. Islomdan keyingi davr 3. Hozirgi davrdagi aloqalar20.
Islomgacha bo‘lgan davrda fors tili yunon, oromiy, lotin, hind va turk tillari bilan bevosita aloqador bo‘lgan. Bu tillarning fors tiliga o‘tkazgan ta’siri, o‘zlashmalarning kirib kelgan davri va sabablarini o‘rganish o‘ta mushkul masala. Yagona dalili bu so‘zlarning o‘rta fors tilida va yoki ilk klassik davr fors tili manbalarida uchrashi bo‘lishi mumkin. Islomdan keyingi davr – hozirgi zamon fors tilining mukammal lug‘atlaridan Ali Akbar Nafisiyning “Farnudsar” lug‘atida 158431 lug‘at birligi ro‘yxatga olingan, shu jumladan 99522 lug‘at birligi (63%) arab tiliga oid so‘zlarni tashkil qiladi. Undan tashqari lug‘atga kirgan turkiy tilidan o‘zlashmalar va Yevropa tillaridan o‘zlashmalar hisobga olinadigan bo‘lsa fors tilining asl lug‘ati uchdan bir qisminigina tashkil qilishi ma’lum bo‘ladi. Albatta bu hozirgi zamon fors tili holatini aniq aks ettirmaydi, chunki bu lug‘at 1938-yili tuzib chiqilgan bo‘lib, lug‘at birliklarining manbai, uslubiy qatlamlari va statistik ma’lumotlari aniq ma’lum emas21.
M. Bahorning “Sabkšenāsi” asari o‘rta asrdagi boshqa manbalarda 5 % dan 30 % gacha arab tilidan o‘zlashmalar mavjudligi haqida xabar beradi.
Hozirgi davrdagi aloqalar – fors tili va boshqa tillar aloqalarining yangi bosqichi 1979-yil Eron islom inqilobidan so‘ng boshlanadi. Bu davrga kelib Eron Islom Respublikasi barpo etilgandan so‘ng davlatning til siyosati ham o‘zgardi. Agar bundan ilgari 1972 yili faoliyatini boshlagan Eron til akademiyasi (Farhangestān-e zabān-e fārsi-ye Irān) fors tilidagi Yevropa tillaridan o‘zlashmalar qatorida asrlar davomida fors adabiyotida o‘zlashib, singib ketgan arabiy o‘zlashmalarni forsiy muodili bilan almashtirishga harakat qilgan bo‘lsalar, Islom inqilobidan so‘ng sharoit butunlay o‘zgardi.
Mamlakatdagi barcha maktab va ta'lim muassasalarida arab tilini o‘qitish joriy qilindi, rasmiy idora va tashkilotlarda ko‘plab arabcha nomlar paydo bo‘ldi, arabcha gazeta va jurnallar, teleko‘rsatuvlar paydo bo‘ldi. Natijada, fors tilida arabiy o‘zlashmalarning yangi davri boshlandi.
Bundan tashqari davlat idoralari va jamoat tashkiloti nomlari paydo bo‘ldi: وزارت ارشاد اسلامیVezārat-e eršād-e eslāmi “Islom yo‘l ko‘rsatuvchi vazirligi”, انقلابی مجلس شورای majles-e šurā-ye enγelābi “Inqilobiy kengash majlisi”, شورای مصلحت نظامšurā-ye maslahat-e nezām “Tuzum manfaatlari kengashi”.
Arab tilidan bunday o‘zlashmalarning miqdori juda katta. Hozirgi zamon fors tilidagi ikkinchi ko‘zga tashlanadigan tendensiya – bu Yevropa tillaridan o‘zlashmalarning haddan tashqari ko‘payib borayotganidir. Ayniqsa ilm-fan va texnikaviy jihozlar sohasida minglab ingliz, fransuz tillaridan o‘zlashmalarni kuzatish mumkin. Masalan: G‘ulom Husayn Sadri Afshor va boshqalar tuzgan “Farhang-e fārsi-ye emruz” lug‘atiga bir yengil nazar yuritishning o‘zi kifoya: بریگاد berigād “brigada”, بریلbereyl “beril xati” (ko‘rlar uchun), بریلیم berilyom “berilliy” (mineral), بز bež (sarg‘ish kulrang).
Yevropa tillaridan ilmiy-texnikaviy terminlarning selday oqib kelishi fors tilining kelgusi rivojiga o‘ta katta xavf tug‘diradi. Chunki shu ketishda yevropeizmlar oqimi tinimsiz tilga kirib kelaversa, yaqin kelajakda fors tili faqat maishiy mavzularda aloqa vositasiga aylanib qolishi, ilm-fan tili esa ingliz va internatsional terminlarning o‘zlashmalaridan iborat bo‘lib qolish xavfi bor.
Hozirgi paytda fors tilidagi o‘zlashmalarning yana bir qismi turkiy tillardan kirgan o‘zlashmalar bo‘lib, bu Eronda turkiy millatga mansub aholining, Durdona Rahimliyning “Vāžehā-ye torki dar zabān-e fārsi” kitobida ko‘rsatilishicha, umumiy aholining yarmisini tashkil qilishi bilan izohlanadi.”
Fors tili leksikasi tashqi manbalar asosida ham boyib bormoqda. Dunyoda boshqa tillardan so‘z olmasdan faqat o‘z ichki imkoniyatlari asosidagina rivojlanadigan birorta ham til yo‘q. Bundan fors tili ham mustasno emas. Faqat ma’lum zarurat tufayli yangi tushunchani ifodalovchi so‘zni ichki imkoniyatlar asosida ifodalab bo‘lmagandagina tashqi manbalarga murojaat qilish foydalidir.
O‘zlashma neologizmlar davriy xususiyatga ega sanaladi. Masalan, bir paytlari yangi atamalar sifatida tilga kirib kelgan اتوبوس otobus “avtobus” va تلفن telefon “telefon” kabi so‘zlar bugungi kunda yangilik bo‘yog‘ini yo‘qotib, zamonaviy qatlamga oid leksik birliklarga aylangan.
Yangi paydo bo‘lgan so‘zlarni turli jihatlariga ko‘ra tasniflash mumkin. Avvalo, ularni:
Do'stlaringiz bilan baham: |