18
tarjima maktablari vujudga kelib, arab tilidagi barcha ilmiy, ba’zi adabiy kitoblar ham lotin tiliga tarjima
qilinadi va ular orqali Yevropaga tarqaladi.
Ulug‘ mutafakkir olimlar Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Qoshg‘ariylarni qadimgi
madaniyatimizni boyitishda katta xizmat qilgan birinchi tarjimonlarimiz ham deb hisoblaymiz. Ular jahon
faniga, matematika, astronomiya, falsafa, tabiiyot, tilshunoslik bilimlariga o‘zlarining munosib hissalarini
qo‘shganlari kabi, tarjimachilik ishlarida ham katta xizmat qilganlar. Uz asarlarini arab tilida yozgan bu
ulug‘ siymolar grek, hind, fors tillariga ham birmuncha asarlarni tarjima qilganlar.
O’rta Osiyoning mashhur faylasufi Forobiyning (873— 950) zakovati, talanti, ayniqsa diqqatga
sazovordir. U bir necha Sharq tillarini, shu jumladan arab tili
ni o‘z ona tiliday bilgani holda, yunon
falsafasini o‘rganish zarur bo‘lib qolgani uchun yunon tilini ham bilib oldi.
«Forobiy grek olimlarining asarlarini asl nusxasida o‘qib, ularning ko‘piga, masalan, Aristotelning
«Metafizika», «Fizika», «Meteorologiya»siga va logika sohasidagi asarlariga, grek avtorlarining etika,
psixologiya va tabiatshunoslik to‘g‘risidagi kitoblaridan Ptolomey kabilarning traktatlariga sharhlar yozdi.
Ayrim zarur kitoblarni grekchadan arab tiliga tarjima qildi». O’z davrining fan ahllari orasida Forobiyga
Aristoteldan so‘nggi «al muallimus-soniy», ya’ni «ikkinchi muallim» degan juda yuksak baho berilgan edi.
Ulug‘ mutafakkir, butun dunyoga dong taratgan mashhur tabib, faylasuf va tilshunos olim Abu Ali
ibn Sino o‘zining tarjimai holida Forobiydan yunon falsafasini o‘rganganini qayd etadi. U mantiq, tabiiyot,
riyoziyot (matematika) va jo‘g‘rofiya ilmlarini tahsil qilgan, so‘ngra «Moba’dat tabiat» (Tabiatdan tashqari
bo‘lgan narsalar («Metafizika»)) kitobini o‘qiy boshlagan. Biroq u dastlab kitobni o‘qib tushunolmagan. Abu
Ali ibn Sino bu murakkab kitobni qirq bir marta qayta-qayta o‘qigan, hatto yod qilib olgan. Shunday bo‘lsa
ham u avtorning maqsadiga tushunib yetmagan. Nihoyat, bu tushunib bo‘lmaydigan kitob ekan, deb umidini
uzgan. Ana shundan keyingi tafsilotlarni Ibn Sino shunday hikoya qiladi: «Qunlardan bir kun asr vaqtida
kitobfurushlarning oldiga borib qoldim. Unda bir dallol qo‘liga muqovalangan bir kitobni tutib, uni maqtardi.
U meni ham chaqirib, menga uni ko‘rsatdi... Men bu ilmni bilishning foydasi yo‘q, degan xayolda uning
ko‘rsatishi menga malol kelib, rad qildim. Dallol menga «bu kitobni mendan olgin, buning narxi arzon —
uch dirhamga sotaman; egasi buning puliga muhtoj»,— dedi. Men uni sotib oldim. Qarasam, bu Abu Nasr
Forobiyning «Metafizika» (Aristotelning “Metafizika”siga Forobiyning yozgan sharhi —J. Sh.) kitobi
maqsadlari haqida yozgan asari ekan. Uyimga qaytib, darrov uni o‘qishga tushdim. «Metafizika» dilimda
yod bo‘lib qolgani sababli o‘sha paytdayoq bu kitobning maqsadlari menga ochildi. Bundan juda xursand
bo‘lib ketdim. Tangriga shukr qilib, o‘sha kunning ertasigayoq ancha narsa sadaqa qildim».
Bundan ko‘rinadiki, Forobiy Aristotel kitobiga sharh yozar ekan, un
ing asarining nozik tomonlarini
to‘g‘ri tarjima qilib bergan. Yunon tilini yaxshi bilgan Forobiy uning boyligini arab tilida ham namoyon qildi
va shu bilan birga, arab tilida ham chuqur falsafiy asarlarni yaxshi tarjima etish mumkinligini ko‘rsatdi. Arab
tilini ona tiliday bilgan, yunon tilidan tarjima etgan ulug‘ olim Forobiy fors tilida badiiy jihatdan yuksak
falsafiy ruboiylar yozgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |