4. Antiinflyatsiya siyosati va jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida uni amalga oshirish xususiyatlari.
Antiinflyatsiya siyosati-baholar umumiy darajasini barqarorlashtirish, inflyatsion keskinlikni yumshatishga yo’naltirilgan makroiqtisodiy siyosat.
Antiinflyatsiya siyosati inflyatsiyani yuzaga keltirgan sabablarni tugatishga qaratilgan faol va inflyatsiya sharoitlariga moslashishga qaratilgan passiv ko’rinishda bo’lishi mumkin.
Antiinflyatsiya siyosati o’z ichiga quyidagilarni oladi:
-yalpi talabni tartibga solish;
-yalpi taklifni tartibga solish.
Keynschi iqtisodchilar birinchi yo’nalish tarafdorlari bo’lib, ular davlat buyurtmasi va arzon kredit hisobiga samarali talabni shakllantirish asosida yalpi taklif darajasini ko’tarish mumkin deb hisoblashadi. Hukumatnin bu tadbirlar iqtisodiy pasayishni qisqartiradi va ishsizlikni kamaytiradi.
“Antiinflyatsiya siyosatining monetarstik yo’nalishi tarafdorlari keyinchalik, keynschilarning inflyatsiyaga qarshi kurash bo’yicha takliflari doimo samara beravermagach va kamchiliklari yuzaga chiqib qolgach yuzaga keldi. Jumladan, bir qator mamlakatlarda davlat qarzi haddan oshib ketdi. Bunday sharoitda monetaristlar radikal asilinflyatsiya usullarini taklif etishdi. Ular yalpi talabni konfiskatsiya tipidagi pul islohoti o’tkazish hisobiga cheklash va byudjet taqchilligini ijtimoiy dasturlarni qisqartirish kamaytirishni taklif etishdi”.
Monetaristlar inflyatsiya aynan pul bilan bog’liq hodisa bo’lganligi sababli shok terapiyasi pul massasining o’sish sur’atlarini keskin qisqartiradi va inflyatsiya sur’atlarini tushiradi deb hisoblashadi. Ammo bunda ishlab chiqarish keskin pasayishi va bandlilik qisqarishi mumkin.
Monetaristlar tomonidan taklif qilinayotgan Antiinflyatsiya siyosatining yana bir ko’rinishi - inflyatsiya sur’atlarini asta sekinlik bilan pasaytirib borish ( graduallash ) usulidir. Bu usulda inflyatsiya sur’atlari pul massasini ko’p marotalaba, lekin oz ozdan kamaytirish orqali pul massasining o’sish sur’atini pasaytirishni ko’zda tutadi. Graduallash usuli inflyatsiyani asta sekinlik bilan pasaytira borib iqtisodiyotda chuqur pasayishni oldini olish imkonini beradi.
Graduallash usulini qo’llash pul massasi va baholar darajasining yillik o’sish sur’ati 20-30 foizdan oshmaganda muvaffaqiyatli bo’ladi, deb hisoblanadi.
“Soliqlar tarkibini o’zgartirish, yalpi soliq tushumlaridagi to’g’ridan-to’g’ri soliqlarning ulushini kamaytirish, bilvosita soliqlar ulushini ko’paytirish, soliq stavkalarini pasaytirish, ularning rag’batlantirish funksiyalarini kuchaytirish, davlat byudjeti xarajatlarini pasaytirish kabilar ham inflyatsiyaga qarshi kurash tadbirlari hisoblanadi”.
Antiinflyatsiya siyosatining u yoki bu turini tanlash inflyatsiya jarayonlarining xususiyatiga bog’liq.
Inflyatsiyaning yuqori sur’atlarini oldini olish uchun hukumat quyidagilarni ta’minlashi kerak:
- samarali soliq tizimini va davlat xarajatlari ning baaqarorligini;
- pul massasi va milliy daromadning bir maromdagi o’sish sur’atlarini;
- “inflyatsiyani import qilish” ga yo’l qo’ymaslik.
Jahon moliyaviy -iqtisodiy inqirozi sharoitida inflyatsiyaga qarshi chora tadbirlarni keskin amalga oshirish zarurati yanada kuchaydi
O’zbekiston Respublikasida qabul qilingan Inqirozga qarshi chora-tadbirlar dasturida ko’zda tutilgan vazifalarni amalga oshirish, jumladan ishlab chiqarishni modernizatsiya va texnik qayta qurollantirishni izchil davom ettirish, energetika tizimini modernizatsiya qilish, asosiy sanoat tarmoqlarida mahsulot tannarxini 20 foizga qisqartirish, kommunal xizmatlar baholari o’sishini cheklash mexanizmini shakllantirish, bank tizimini yanada takomillashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va h.k.lar inflyatsiya sur’atlarini cheklash imkonini beradi
Nazorat savollari
1. Inflyatsiyaning mohiyati faqatgina muomaladagi pul massasining ortiqchaligi bilan izohlanishi to’g’rimi?
2. Inflyatsiyani tushuntirib berishga keynchilarning va neoklassiklarning yondoshuvlari qanday farq qiladi?
3. Talab inflyatsiyasi qanday sodir bo’ladi?
4. Fillips egri chizig’i qaysi ko’rsatkichlar o’rtasidagi bog’liqlikni ko’rsatadi? Bu bog’liqlik qanday tavsiflanadi?
Mustaqil ish mavzulari
1. O’rganilayotgan mamlakatlarda antiinflyatsiya siyosatining mohiyatini tushuntirib bering.
2. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida inflyatsiyaga qarshi kurash siyosatining xususiyatlari nimada?
Do'stlaringiz bilan baham: |