TAQDIMOT 5-mavzu: Moliyaviy boshqaruv Reja: 1. Moliyaviy boshqaruvning mazmuni va mohiyati 2. Moliyaviy boshqaruv organlari va ularning vazifalari 3. Moliyaviy oqimlarni boshqarish
Moliyaviy boshqaruvning mazmuni va mohiyati
“Boshqaruv” atamasi umumiy tarzda obyektni rivojlantirish va takomillashtirish maqsadida unga ongli ravishda ta’sir ko’rsatishni anglatadi. Moliyaviy tizim doirasida moliyaviy resurslarni tashkil etish, taqsimlash va ulardan foydalanish har doim muayyan bir maqsadlarga erishishga mo’ljallangan bo’ladi. Bu esa o’z navbatida ma’lum bir tarzda boshqaruv tizimini tashkil etishni taqozo etadi. Shu ma’noda va eng umumiy ko’rinishda boshqaruv subyektining boshqaruv obyektiga maqsadga yo’naltirilgan ta’siri boshqaruv deyiladi.
Davlat jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti uchun zarur bo’lgan moliyaviy resurslarni tashkil etish va foydalanishga qaratilgan munosabatlar tizimini boshqarishi, tartibga solishi va bu resurslardan samarali hamda oqilona foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirishi kerak. Ana shu vazifani bajarish moliyaviy boshqaruvning zimmasiga yuklatilgan.
Davlatning xo’jalik yurituvchi subyektlar va uy xo’jaliklari bilan moliyaviy munosabatlar sohasidagi o’zaro munosabatlari soliq tizimi, kredit munosabatlarini boshqarish (tartibga solish), moliya bozorini tartibga solish, davlatning qo’llab-quvvatlash tizimi, pensiya ta’minoti tizimi, ishlovchi aholining daromadlarini tartibga solish mexanizmi va hokozolar orqali amalga oshiriladi.
Moliyaviy boshqaruvning maqsadi makroiqtisodiy muvozanatda, byudjet profitsitida, davlat qarzining kamayishida, milliy valyutaning barqarorligi va mustahkam-ligida va, nihoyat, davlat va jamiyat barcha a’zolari iqtisodiy manfaatlarining yagonaligida (mushtarakligida) namoyon bo’ladigan moliyaviy barqarorlik va moliyaviy mustaqillikni ta’minlashdir.
Shunga monand ravishda moliyaviy boshqaruvning asosiy metodologik tamoillari quyidagilardan iborat:
pirovard maqsadga bog’liqlik;
xo’jalik barcha tarmoqlarining makroiqtisodiy muvozanatliligi;
jamiyat barcha a’zolarining manfaatlariga mos kelish;