Din instituti. Ijtimoiy hayotning muhim jabhasi bo‘lgan din va diniy e'tiqod masalasi sotsiologiya fanining muhim ob'ektlaridan biri hisoblanadi. Sotsiologiya jamiyat hayotini o‘rganar ekan, shu hayotning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan va ayni paytda unga kuchli ta'sir o‘tkazuvchi omil – din doimo uning diqqat markazida bo‘lgan. Kont jamiyat taraqqiyotini davrlarga bo‘lar ekan, asosiy mezonlardan biri sifatida dinga murojaat qiladi. Uning fikricha, insoniyat o‘z rivojida uch bosqichni bosib o‘tadi. Bular quyidagilar: teologik, metofizik va ilmiy bosqichlar. Har uch bosqichda ham din muayyan rol o‘ynaydi. Din quyidagi o‘ziga xos belgilarga ega:
1. Muayyan e'tiqod va ta'limotning mavjudligi. Har bir din dunyoni o‘z nazaricha izohlaydi va ishonuvchilarda muayyan e'tiqod shakllantiradi;
2. Marosim va rasm-rusumlar. Har bir din o‘ziga xos marosim va rasm rusumlarga ega;
3. Diniy marosim va rasm-rusumlarning muayyan qismi faqat belgilangan joylarda jamoa bo‘lib bajarilishi. Masalan, yahudiy va xristian dinida ibodatning asosiy qismi sinagogda va cherkovda bajariladi. Islom dinida erkaklar tomonidan o‘qiladigan namoz asosan jom'e masjidlarida o‘qiladi. Din sehrgarlikdan avvalo mana shu belgi bilan, ya'ni muayyan marosimlarni muayyan davrlarda bajarish bilan farqlanadi. Sehrgar va shomonlar g‘ayritabiiy harakatlarni individual holatda bajarsalar, dindorlar diniy marosim va ibodatlarni asosiy qismini jamoa bo‘lib bajaradilar. Sanab o‘tilgan belgilarning uchtasi ham dunyoviy dinlarning barchasida mavjud. Bu dinlar quyidagilar: iudaizm107, xristianlik108, islom109.
Uch olamiy dindan tashqari buddaviylik110, induizm, kunfuchilik111 kabi dinlar ham ko‘p millionlik tarafdorlariga ega. Induizm eramizdan oldingi 4 ming yilliklarda shakllangan. Bu din tarafdorlari asosan Hindistonda yashaydilar. Bu din odamlarning kastalarga bo‘linishini ilohiy sabab bilan izohlaydi. Buddaviylik, kunfuchilik va daosizm dinlari uchun umumiy xususiyat shundaki, ularning tarafdorlari xudoni e'tirof etmaydilar.
Masjid – islom dini asosida tashkil topgan makroinstitutlardan biri va diniy tavshkilot bo‘lib, ushbu dinga e'tiqod qiluvchilarni diniy amallar orqali birlashtiradi va ularga hayot mazmuni hamda to‘g‘ri yo‘lni topishga ko‘maklashadi. U quyidagi asosiy vazifalarni bajaradi:
Diniy psixoterapiya
Diniy – integrativ funksiya (yagona e'tiqod asosida irlashtiradi)
Diniy tarbiya
Diniy-kommunikativ
Oila instituti.Oila sotsiologiyasi — sotsiologiyaning asosiy yo‘nalishlaridan bo‘lib, bu fan oilani nikoh asosida tashkil topgan, jamiyat taraqqiyotida muhim ijtimoiy vazifalarni bajaruvchi sotsial institut sifatida uning paydo bo‘lishi, rivojlanishi va mavjudlik qonuniyatlari, oilaning mohiyati va faoliyatining o‘zgarib borishi, nikoh va oila turlari evolyutsiyasini o‘rganish orqali tadqiq qiladi. Fanda oilaga quyidagicha ta’rif beriladi: «Oila – insonlarning tabiiy - biologik, nikoh, qon-qarindoshlik, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviyat munosabatlariga asoslangan, turmush birligi va o‘zaro javobgarlik his-tuyg‘ulari orqali bog‘langan ijtimoiy guruhdir».
Oila sotsial institutlar orasida asosiylaridan biri sanalib, mikroinstitut sifatida namoyon bo‘ladi. U ayol va erkakning o‘z xohishiga ko‘ra amalga oshirilgan ittifoqi asosida tashkil topib, qon-qarindoshlik aloqalari va insonlar asosiy ehtiyojlarining qondirilishi bilan asoslanadi. Bunda insonning asosiy ehtiyoji sifatida birgalikda yashash istagi, reproduktiv ehtiyoj, iqtisodiy (yashash), bo‘sh vaqtni o‘tkazish ehtiyoji namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |