Rasmiy tashkilot – individlar o‘rtasidagi aloqalar, statuslari va normalarining rasmiy tashkil etilgan shakli. A.I.Prigojin tomonidan rasmiy tashkilotning quyidagi asosiy elementlari ajratib ko‘rsatilgan:
Mehnat taqsimoti, ya'ni kerakli bo‘lgan kasblar va ixtisosliklarga ajralish nazarda tutiladi. Tashkilotda individlar egallagan joylari ierarxik tarzda joylashgan bo‘lib, bir-birini takrorlamaydi.
Kommunikatsiyalar tizimi. “Tepadan pastga” va “pastdan tepaga” o‘tishi kerak bo‘lgan ishga aloqador axborotlarni uzatish vosita va kanallari.
Regulyatorlar – sotsial tashkilot faoliyatini taqsimlaydi va rejalashtiradi. Ularga xizmat xulq-atvori normalari, faoliyat dasturlari, rag‘batlantirish tamoyillari va shakllari, majburlov va rag‘batlantirish kiradi.
Formal tashkilotning strukturasini tahlil qilish jarayonida Prigojin F.Teylor va A.Fayolning ishlarida e'tirof etilgan tiplarni ko‘rsatib o‘tadi: chiziqli tashkilot, funksional tashkilot va shtabli tashkilot.
Sotsil tizimning rasmiylashtirilishi ikki yo‘l bilan amalga oshiriladi: birinchidan, qaror topgan holatni qonunlashtirish, ya'ni rasmiylashtirishning “refleksli” ko‘rinishi; ikkinchidan, sotsial tashkilot yaratilishi uchun mahsus dasturning (loyiha yoki ish rejasi) ishlab chiqilishi, ya'ni ramiylashtirishning “konstruktiv” usuli.
Barcha rasmiy tashkilotlar mahsus boshqaruv apparatiga ega bo‘ladi. Boshqaruv apparatining asosiy maqsadi a'zolari faoliyatini nazorat qilish va boshqarish orqali tashkilotni saqlab qolishdan iborat.
Rasmiy tashkilot rivojlanishining eng so‘nggi bosqichlarida tashkilotning ichki tashkiloti va faoliyatidagi o‘ta standartlashuv bilan izohlanadi va bu uni byurokratik tizimga aylantiradi. Byurokratiya tushunchasi fransuzcha bureau — byuro, kanselyariya va yunoncha kratos — hokimiyat, kuch so‘zlaridan oligan bo‘lib, kanselyariya hokimiyati sifatida tarjima qilinishi mumkin. Byurokratiyaning mohiyati shundan iboratki, ijrochi hokimiyatning ish faoliyatidan begonalashuvi ortib, mansabdor shaxslar o‘z hokimiyatidan foydalanib, o‘z faoliyati ustidan olib boriladigan demokratik nazoratni susaytirishga intilishadi.
Byurokraitiya masalasini o‘rganishga M.Veber katta hissa qo‘shgan. U byurokratiyani ijtimoiy tartibning muhim shakli hamda sotsial tashkilotning samaradorligining asosiy omili sifatida muhim ekanligini ta'kidlagan. Uning fikricha, byurokratiya tizimi texnik, texnologik va tashkilotning taraqqiyotini belgilab beradi. Veber tomonidan byurokratiyaning ideal shakli ishlab chiqilib, uning asosiy xususiyatlari ko‘rsatilgan. Olimning fikricha, byurokratiyaning ideal tipi – qat'iy ratsionalizatsiyaga asoslangan samarador boshqaruv mashinasidir. Shu bilan birgalikda jamiyatda yoki sotsial tashkilotda byurokratiyaning xaddan tashqari kuchayishi xavfli holatlarga olib kelishi mumkin. Garchi Veberning sotsial tashkilotlarda va jamiyatda byurokratiyaning namoyon bo‘lishi borasidagi fikrlari va ideal tipi qator tanqidlrga uchragan tbo‘lsada, so‘nggi yillarda uning fikrlarini yoqlash va ularni modernizatsiyalash tendensiyasi namoyon bo‘lmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |