2. Sotsial guruh turlari
Sotsial guruhlar ko’plab xususiyatlarga ko’ra tasniflash va turlarga ajratish mumkin. Shulardan biri miqdor ko’rsatkichidir. Sotsiologiyada mazkur ko’rsatkich asosida guruhlar asosan katta va kichik sotsial guruhlarga bo’lib o’rganiladi. Ammo o’rta sinf tushunchasi tarafdorlari ham bor.
Sotsiologiyada katta sotsial guruhlar deganda, a’zolari soni ko‘p bo‘lgan kishilar guruhlari tushuniladi. Katta sotsial guruhlarning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Bular:
a’zolar sonining ko‘pligi;
yagona hududning mavjud emasligi;
a’zolar o‘rtasidagi aloqalar asosan bilvosita, ya’ni ommaviy aloqa vositalari kabilar orqali o‘rnatilishi;
guruh strukturasining murakkabligi, ya’ni o‘z ichiga ko’plab kichik guruhlarni olishi.
Katta guruhlar paydo bo’lish shakliga ko’ra, tasodifiy tashkil topgan va tarixiy rivojlangan turlarga ajratilishi mumkin.
Tasodifiy ravishda paydo bo‘ladigan sotsial guruhlar asosan stixiyali kayfiyatgatga ega bo’lib, qisqa vaqt oralig’ida mavjud bo’ladi. Ularga olomon, omma (publika), auditoriya kabi guruhlarni kiritish mumkin.
Tarixiy rivojlanish natijasida vujudga kelgan sotsial guruhlar ijtimoiy munosabatlar sistemasida ma’lum o‘ringa ega bo‘lgan birliklar sifatida shakllanadi. Jamiyatning tarixiy rivojlanishi natijasida hosil bo’lgan sotsial sinflar, turli etnik guruhlar (elat, xalq, millat), kasbiy guruhlar, jinsiy va yoshga oid guruhlar (yoshlar, ayollar, keksalar) mazkur turdagi guruhlarga misol bo’ladi.
Katta guruh bilan kichik guruh o‘rtasida o‘rta guruh ham bor. Ammo guruh muammosi bilan shug‘ullanayotgan sotsiologlar fikricha, o‘rta guruhlar, ularning strukturasi, aloqasi, unda bo‘ladigan xodisa va jarayonlar mohiyat jihatdan kattaroq guruhlarga xosdir. Kichik va katta guruhlar o‘rtasidagi farqni kichik guruhning yiriklashuvi va uning katta guruhga aylanish jarayonida ko‘rish mumkin. Masalan, bir yoki bir nechta taniqli kishilar atrofida birlashgan, 40—45 kishidan iborat partiya kichik guruhdir, chunki bu guruh vakillarining shaxsan bir-birlarini tanishlari (bilishlari) kichik guruhga xos bo‘lgan xususiyatni beradi.
Kichik guruhlar deganda, bir necha o‘nlab a’zolardan iborat bo‘lgan kam sonli guruhlar tushuniladi91. Sotsial guruhning minimal soni ikki kishidan, maksimal hajmi esa bir necha o’n kishidan iborat bo’lishi kerak. Bu guruhlar ko‘pincha samimiy do‘stlik munosabatlari bilan bog‘langan bo‘ladi, guruh a’zolari o‘rtasida bevosita o‘zaro aloqalar ustun turadi, guruh a’zolari o‘rtasidagi munosabatlar norasmiy institutlar yordamida tartibga solinadi. Bundan tashqari, maxsus vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan, yuqori darajada shakllangan kichik maqsadli guruhlar ham mavjud. Bu guruhlarda a’zolar o‘rtasidagi munosabatlar maxsus xizmat ko‘rsatmalari bilan tartibga solinadi. Yashirin ishlayotgan partiya yacheykasi bunga misol bo‘la oladi. Kichik sotsial guruhlarga oilani, do‘stlarni, qo‘shnilarni, harbiylar kollektivi, sport jamoasi, diniy sekta, ishlab chiqarish brigadasini va boshqa guruhlarni kiritish mumkin.
Bugungi kunda kichik guruhlarni o’rganuvchi sotsiologiyaning bo’limi – mikrosotsiologiya deb ataladi. Kichik guruhlarni o’rganagn olimlar qatorida Dj. Xomas, R.Merton, R.Beylz muhim o’rin egallaydi. Mikrosotsiologiya doirasida kichik guruhlarni o’rganish natijasida uchta yo’nalish tashkil topdi: sotsiometriya, guruhiy dinamika va bixevioristik yo’nalish92. Ilmiy adabiyotlarda kichik guruhlarga berilgan ta’riflar soni yuzdan ortiq. Odatda olimlar kichik guruhlarning quyidagi xususiyatlarini alohida ta’kidlashadi93:
A’zolar sonining chegaralanganligi. Kravchenkoning fikricha kichik sotsial guruhlarda a’zolar soni 2 (diada) dan 20kishigacha bo’lishi mumkin, aks holda guruh turli kichik guruhlarga ajralib ketadi. Odatda o’rtacha kichik guruhlar 7kishi va undan kam bo’lgan insonlar miqdoridan tarkib topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |