3. O.Kont - pozitiv sotsiologiyaning asoschisi, uning sotsiologiyani mustaqil fan sifatida yaratishdagi dastlabki rejalari. Kontning izdoshlari.
Ogyust Kont(1798-1857) sotsiologiyasi. N.I.Kareevning yozishicha, XVIII asr umumiy falsafasi ilmiy mahsulidan qoniqmaslik hissi A.Sen-Simon va O.Kont tomonidan jamiyat to‘g‘risidagi yangi fanning yaratilishi to‘g‘rsida fikrning ilgari surilishiga sabab bo‘ldi. Olimlar shu paytgacha jamiyatni o‘rganishda qo‘llanilgan metafizik usulni ilmiy usullarga almashtirishni maqsad qilishdi. Chunki faqatgina ilmiy usul orqali olingan natijalar jamiyatdagi vaziyatni to‘g‘ri baholash va uning yechimini topish imkoniyatini tug‘diradi39. O.Kont jamiyatni o‘rganuvchi yangi fan tabiiy fanlarning ilmiy usullarini o‘ziga moslashtirgan holda foydalanishi zarurligini ta'kidladi. Natijada falsafa va sotsiologiyada pozitivizm40 yo‘nalishi rivojlandi.
Mashhur rus-amerika sotsiologi P.A.Sorokin “Barcha uchun sotsiologiya” (1920y) nomli darsligida shunday yozgan: “Rasmiy jihatdan sotsiologiyaning qaror topishi O.Kontning nomi bilan bog‘liq. U ilk bora mazkur fanning nomini ilmiy tilga kiritigan va fanlar tizimidagi o‘rnini belgilab bergan. Ammo mazkur fannning elementlari va mahsus savollari O.Kontgacha ham Qadim Sharq va yunon, olimlari, Qadim Rim huquqi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Ulardan Platon, Aristotel, Tita Lukretsiya Kar, Foma Akvinat, arab olimi Ibn-Xaldun, shuningdek, Makiavelli, Gvichiardini, Bodena va Viko, Monteske va Tyurgo, Russo va Kondorse, Maltus va Ad.Smit, Gerder va Sen-Simonlarni alohida ko‘rsatish lozim». A.Sorokinning fikricha, Kontdan so‘ng sotsiologiyaga ulkan hissa qo‘shgan olim bu G.Spenser, Dj.S.Mill, G.T.Bokl va bqa41.
M.M.Kovalevskiy ham sotsiologiyaning otasi sifatida O.Kontni tan olgan hamda sotsiologiyaning rivojida G.Spenser (1820-1903yy.) ning o‘rni muhimligini ta'kidlagan42. V.P.Kultigin sotsiologiyaning qaror topishi va shakllanishida — O.Kont va G.Spenserning hissasi katta, deb hisoblaydi43.
Yuqorida keltirilgan va aksariyat olimlarning xulosalari natijasida sotsiologiyaning asoschisi sifatida O.Kontni ko‘rsatishimiz mumkin. Aynan u mazkur fanga sotsiologiya nomini bergan va pozitivizm maktabiga asos solgan. O.Kontning o‘zi “Pozitiv falsafa kursi”ning to‘rtinchi tomida sotsiologiyaning qaror topishida ko‘plab olimlarning hissasi borligini ta'kidlab o‘tgan. U jamiyatni sotsiologik jihatdan o‘rganishni Aristotelning asarlarida ko‘rgan va uning sotsiologik qarashlarini o‘rgangan. O‘zining sotsiologik fikrlari shakllanishida F.Bekon, J.B.Bossyue, A.Smit, A.F.Tyurgo, Sh.L.Monteske, J.A.Kondorse kabi olimlarning hissasini ta'kidlagan.
1822 yilda O.Kont «Jamiyatni qayta tuzish uchun kerakli bo‘lgan ilmiy ishlarning rejasi” nomli falsafiy asarini yozib, unda jamiyat to‘g‘risidagi yangi fanni “sotsial fizika” nomi bilan atadi. “Sotsial fizika”ning asosiy vazifasi “pozitiv” usullar vositasida jamiyat rivojlanishining ob'ektiv qonuniyatlarini topishdan iborat bo‘lgan. Kont jamiyat rivojining mazkur qonunlarini “tortishish qonuni” kabi muhim ekanligini ta'kidlagan. “Endilikda inson ruhi (ongi) samoviy fizika (astronomiya), yer fizikasi, mexanik va kimyoviy fizika (kimyo), organik va o‘suvchi tirik tabiat fizikasini (biologiya) yaratganidan so‘ng kuzatuvchi fanlar tizimini tugallovchi sotsial fizikani (sotsiologiya) yaratishi lozim44”.
O.Kont “Pozitiv falsafa kursi” nomli olti tomli asarini 1830yildan boshlab (1835, 1838, 1839, 1841, 1842yy.da chop etilgan)45 chop etgan va unda jamiyat to‘g‘risidagi yangi fanni “sotsial fan”, “sotsial falsafa”, “sotsial fiziologiya” va ko‘p hollarda “sotsial fizika” nomlari bilan atagan. Ammo 1839 yil O.Kont belgiyalik olim A.Ketlening 1835 yilda chop etilgan “Sotsial fizika va insoniyat imkoniyatlarini rivojlantirish borasidagi tadqiqotlar” nomli asari bilan tanishib, unda “sotsial fizika” termini jamiyatni faqat statistik jihatdan o‘rganishga nisbatan qo‘llanilganini ko‘rgan. O.Kont mazkur ishdan xabar topgach, o‘zi rivojlantirayotgan fanning o‘rganish doirasi statistik tadqiqotlar bilan chegaralanmaganligini ko‘rsatish maqsadida unga yangi nom berdi. “Sotsiologiya”46 termini yunoncha va lotincha so‘zlarning birikmasidan tashkil topgani uchun bir qator olimlar O.Kontni uquvsizlikda aybladi. Uning sotsiologiyasi fizika va boshqa tabiiy fanlardan ularning ishonchlilik xarakterini, tekshirimliligini, ob'ektivlik, umum tan olinganlik kabilarni olishi kerak edi.
O.Kontning fikricha, sotsiologiya sotsial statika va sotsial dinamikadan tashkil topgan. Sotsial statika deganda olim sotsial institutlarning o‘zaro ta'sirini tushungan. Uning fikricha, jamiyat tirik organizmga o‘xshab, undagi barcha qismlar uyg‘un ravishda bir-biriga muvofiq. Shuning uchun davlat va siyosatni jamiyatdan ajratgan holda o‘rganib bo‘lmaydi. Sotsial statika ma'lum va aniq davrda jamiyat yoki sotsial institut, sotsial tashkilot tuzilishining anatomik tahlilini amalga oshiradi47.
Sotsial dinamika esa sotsial o‘zgarishlar jarayonlarini o‘rganadi. U jamiyatda kechuvchi jarayonlarni bosqichma-bosqich yoritadi. Kontning sotsial dinamikasi statikaga bo‘ysundirilgan bo‘lsada, jamiyatni o‘rganish davomida dinamika islohotlar uchun yo‘l ochib beradi, deya ta'kidlangan. Faktlar va merosiylik nuqtai nazaridan turli tashkilotlarni o‘rganuvchi tarix fanidan farqli ravishda sotsial dinamika inson va jamiyat ongi shakllanish bosqichlarini tadqiq etishi lozim48.
Olimning fikricha, inson ruhi (ongi) o‘zining tabiatiga muvoffiq har bir tadqiqotda tafakkurning uch bosqichidan foydalanadi: teologik usullar, metafizik usullar, pozitiv ( ijobiy) usullar49. “Uch bosqich qonuni” nomini olgan mazkur g‘oya Kont tomonidan Dj.Viko va A.Tyurgoning inson aqliy rivojlanishining tarixiy jihatdan bosib o‘tgan uch bosqichi asosida ishlab chiqilgan. Ammo ulardan farqli ravishda Kont barcha hodisalarning yagona manbai sifatida tabiatni ko‘rsatgan50.
Kont sotsiologiyaning fanlar tizimida tutgan o‘rnini aniqlash maqsadida o‘ziga xos bo‘lgan fanlar tasnifini ham ishlab chiqqan. Uning fikricha, “asosiy fanlar ieraraxiyasi” oddiydan mukammalga, aniq fanlardan tabiiy-ijtimoiy fanlarga qarab quyidagicha joylashgan: matematika — astronomiya — fizika — ximiya — biologiya — sotsiologiya. Bunda keyingi fan avvalgi fanning mantiqiy davomi sifatida shakllangan. Sotsiologiya bilan shug‘ullanish uchun undan oldin vujudga kelgan barcha fanlarni yaxshi bilish zarur. Kontning fikricha, sotsiologiyaga eng yaqin fan biologiya. Fanlar tasnifida olim psixologiyani qo‘shmaganligi uchun keyinchalik ko‘plab olimlar tomonidan tanqid ostiga oligan.
O.Kont jamiyatni o‘rganishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan usullarni ishlab chiqishga harakat qilgan. U sotsiologiyada kuzatish, eksperiment, qiyosiy va tarixiy usullarning qo‘llanilishini asoslab bergan. Kontning fikricha, jamiyatni sotsiologik jihatdan tadqiq etishda tadqiqotchining tasavvuri qat'iy ravishda nazoratdagi kuzatuvga bo‘ysundirilishi kerak. Sotsial hodisalar va jamiyat rivolanishining tabiiy qonunlarini qayd etish orqali sotsial utopiyalardan voz kechish mumkin. Shuning uchun Kont jamiyatni o‘rganish davomida tarixiy-taqqoslash usulidan foydalangan. U mazkur usulni sotsiologik umumlashtirish va pozitivistik sotsiologiyaning muhim vositasi sifatida baholagan. Olimning fikricha, jamiyatning o‘tmishini faktlar orqali o‘rganmasdan turib, uning kelajagi to‘g‘risida bashorat qilish mumkin emas. Bunda olingan faktlarni falsafiy mushohada asosida emas, balki umumilmiy usul orqali tadqiq etish lozim. Jamiyatni sotsiologik jihatdan o‘rganishning asosiy mohiyati shunda mujassamlashgan.
Olim barcha fanlar umumiy mantiqqa va metodologiyaga asoslanib, tadqiqotlari doirasiga kiruvchi umumiy qonuniyatlarni ochishga intiladi, deb hisoblagan. Insoniyat jamiyat rivojini boshqaruvchi umumiy qonuniyatlarni ochish orqali o‘z hayoti va taqdirini boshqarish imkonini qo‘lga kiritadi. Chunki “kelajakni ko‘ra bilish qobiliyati boshqarish imkonini keltirib chiqaradi51”.
O.Kont o‘zining sotsiologik qarashlarini quyidagi asarlarida bayon qilgan:
- olti jildlik “Pozitiv falsafa kursi”(1830-1842y);
- “Pozitiv falsafa rihi to‘g‘risidagi mulohazalar” (1844);
- “Pozitiv katexizis” (1851);
- to‘rt jildlik “Pozitiv siyosat sistemasi yoki insoniyat uchun dinni qaror toptiruvchi risola” (1851-1854 yil);
Uning vafotidan so‘ng “Ogyust Kont vasiyatlari” nomli asar e'lon qilingan.
Amerikalik sotsiolog Smoll Kont haqida shunday yozadi: “Kont unga (yangi fanga) nom berdi, uning usullarini ko‘rsatdi, keng ma'noda predmetini aniqlashtirdi, boshqacha qilib aytganda u olamga go‘dakni taqdim qildi; ammo u bu go‘dakni oyoqqa turg‘izib, yurishni o‘rgatishga ojiz edi52.
Davrimizning mashhur fransuz sotsiologi R.Aron o‘zining “Sotsiologik fikr shakllanishining asosiy bosqichlari” nomli asarida sotsiologiyaning asoschilari sifatida — Sh.L.Monteske, O.Kont, K.Marks, A. de Tokvil, E.Dyurkgeym, V.Poreto, M.Veberni ko‘rsatgan53
O.Kontning vatandoshi Emil Dyurkgeym(1858-1917) amaliy sotsiologiyaning kashfiyotchisi sanaladi. U bugungi kunga qadar qo‘llanilib kelayotgan funksional tahlil metodologiyasini yaratgan va “Suitsid” asarida o‘z joniga qasd qilish muammosini sotsiologik jihatdan o‘rgangan. Anomiya nazariyasi54, ijtimoiy mehnat taqsimot, mexanik va organik hamjihatlik, ijtimoiy fakt mohiyati, kollektiv ong va qadriyatlar, din evolyusiyasi haqidagi qarashlari jahon sotsiologiyasining oltin fondiga kirgan.
E. Dyurkgeymning fikricha, sotsiologiyaning predmeti sotsial faktlar sanaladi. Sotsial faktlarning asosiy xususiyatlari: ob'ektiv va individdan xoli ekanligi; individga bosim o‘tkazib, uni jamiyatdagi qadriyatlar, kutishlar va normalar asosida harakatlanishga majburlashidir. Olim tomomnidan sotsiologiyada sotsiologizm nazariyasiga asos solingan. U jamiyatni individlardan jismoniy va ahloqiy jihatdan ustuvorlik kasb etishini ta'kidlagan. Olimning nazarida sotsiologiya ijtimoiy fanlar orasida markaziy o‘rinni egallaydi. Shuning uchun uning vazifasi faqatgina sotsial faktlarni o‘rganish emas, balki ijtimoiy hayotni tadqiq qiluvchi boshqa fanlarni nazariy-metodologik asos bilan ta'minlashdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |