Ibrat hayoti va ijodiy faoliyati
Oʻzbek mа’rifatparvar shoiri, olim va yirik matbaachisi Ibrat (Taxallusi; asl ism-sharifi Isʻhoqxon Junaydullaxoʻja oʻgʻli) 1862 (xijriy 1279) yilda Namangan viloyatidagi Toʻraqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan.
Otasi Junaydulla toʻra Sunnatilla toʻra oʻgʻli bilimli kishi va sohibkor bogʻbon edi. Xodim taxallusi bilan she’rlar yozardi. Onasi Xurbibi zamonasining oʻqimishli ayollaridan bo’lib qishloq qizlarini oʻqitardi, shoira edi. Bobosi ham shoir boʻlib, Afsus tahallusi bilan elga tanilgan. Dastlabki ma’lumotni Isʻhoqxon onasi Xurbibidan oladi.
1878-1886-yillarda Qoʻqondagi Muhammad Siddiq Tunqator madrasasida tahsil koʻradi. Bu yerda arab, fors tillarini oʻrganadi. Tarix, tilshunoslik kabi fanlar bilan jiddiy shugʻullana boradi. Oʻsmirlik chogʻlaridanoq u xusnixat va xusni naqshni egallashga juda qiziqadi. Madrasani tamomlab, Toʻraqoʻrgʻonga qaytgan Ibrat xalq farzandlarini ilmli qilish, ular ongini ochish niyati bilan faoliyat boshlaydi.
1886-yilda yangi usul maktab ochib, muallimlik qiladi. Maktabda dunyoviy ilmlarni oʻqitishda alohida e’tibor beradi. Tor tushunchali ayrim «mulla» larning igʻvosi bilan ma’murlar bu maktabni yopib qoʻyadilar.
1887-1892-yillarda Ibrat uzoq chet el sayohatida boʻladi. Turkiya, Eron, Misr va Arabistonga boradi. Xaj ibodatini bajaradi. Birga olib borgan onasi Jidda shahrida vafot etadi. Dafndan keyin Ibrat Ovrupo mamlakatlariga yoʻl oladi. Bulgʻoriya, Gretsiya, Italiyada boʻladi. Soʻngra Xindistonga oʻtib, Bombay va Kalkutta shaharlarida istiqomat qiladi. Musofirlikda tirikchilik oʻtkazishda unga yoshlikda oʻrgangan husnixat va naqqoshlik san’atlari kor keladi. Mazkur mamlakatlarda yurgan paytlarida u arab va fors tillarini oʻrganadi. U rus tilini ham puxta bilardi. Sank – Peterburg, Moskva kabi shaharlarga bir necha marta borgan edi. Afgʻonistonda ham boʻlgach, Ibrat Qashgʻarga oʻtadi.
Toʻraqoʻrgʻonga – yurtiga u ajnabiy oʻlkalarda yaratilgan fan-texnika yangiliklaridan olib keldi. Grommafon, musika javoni, kinoapparat, fotoapparat keltirdi. Oʻz uyida kinofilmlar koʻrsatishni tashkil qildi, suratxona ochdi.
Turkistonda matbaatchilik ishiga asos solganlarning biri Ibratdur. U Orenburgdan toshbosma anjomlari sotib olib, ularni koʻp mashaqqatlar bilan Qoʻqongacha poyezda, Qoʻqondan Toʻraqoʻrgʻonga tuyalarda keltirdi. Litografiya 1908-yilda «Matbaai Ishoqiya» tipolitografiyaga aylantirildi. Bosmaxonani Ibrat 1910-yilda Namangan shahriga koʻchiradi. (bosmaxona xozirgi Nodim Namangoniy koʻchasida edi, 70-yillarda buzildi). «Matbaai Ishoqiya» hozirgi kuchli quvvatga ega boʻlgan va Ibrat nomi bilan ataladigan yirik bir bosmaxonaga asos boʻlib qoldi.
Isʻhoqxon Ibrat qoldirgan adabiy va ilmiy meros xilma-xil va boydir. Shoirning tarjimai holini toʻlaroq yoritishda uning «Lugʻati sitta al-sina» (1901) asaridan bilish mumkin. Shoirning manzum asarlari asosan lirik gʻazallar, murabba, muhammas, ruboiylardan, marifatparvarlik ruxidagi va xajviy sherlardan iborat. Birinchi sherlar kitobi Ibrat 1909-yilda «Ilmi Ibrat» nomi bilan chop ettirdi. Marifatparvarlik (1976) ruxidagi sherlari «Mezon ul-zamon» nomi bilan bosildi. Shoirning qoʻl yozma sherlari kitobi «Devoni Ibrat» (1937), «Lugʻoti sitta al-sina (1901), «Jamul xutut» (1913), «Tarixi Fargʻona»(1916), «Mezonul zamon» (1926), «Sanat Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy» kabi tarixiy asarlariga toʻxtalib oʻtish mumkin. Shoirning «Devoni Ibrat» asari uni qamab tergov qilganlar tomonidan yoʻqotib yuborilgan. Isʻhoqxon toʻra Ibrat 1937-yilda qatagʻon qurboni boʻlgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |