1405—1411 yillarda, o‘sha davrning qonun-qoidalariga binoan amir shoh Malik yosh mirzoga
otabegi bo‘lib tayinlangan. Otabegi Ulug‘bekka asosan harbiy va siyosiy tarbiyadan ilm o‘rgatgan.
O‘rta asrlardan saqlanib qolgan kitoblarda ma’lum bo‘lishicha, saltanatga vorislar davlatni
boshqarishda muayyan tartib-qoidalar bayon qilingan qo‘llanmalar asosida tayyorlangan. Shulardan biri
Shahzodalar va Xonzodalar bilishi zarur bo‘lgan “Suluk ul-muluk” (Podshohlarga qo‘llanma) kitobidir.
Ulug‘bek ham an’anaga ko‘ra mazkur kitobni mukammal o‘rganar va unda ko‘rsatilgan davlatni
idora qilish san’ati — turli lavozim egalarini tayinlash, soliq to‘plash,
ruhoniylar, mansabdorlar hamda
boshqa yurtlardan kelgan elchilarni qabul qilish, xayru sadaqa berish kabi tartib-qoidalar bo‘yicha
ko‘nikmalarni egallaydi.
Ulug‘bek yoshligidan ko‘p kitoblarni mutolaa qiladigan bo‘lib, u ayniqsa, matematika, astronomiya
ilmlariga qiziqdi.
U bobsining xos munajjimi mavlono Badriddin bilan ko‘p vaqtini o‘tkazar, undan hisob va
taqvimdan dars olar, ba’zi kechalari, qor tinib osmon yorishgan paytlarda yulduzlarning o‘rni va harakatini
kuzatish bilan mashg‘ul bo‘lar edi.
Taniqli olim Bo‘riboy Ahmedovning ma’lumotlariga ko‘ra mavlono Badriddin Samarqandda
bo‘lgan vaqtda Ulug‘bekni Ko‘ksaroydagi xos kutubxonasiga boshlab borib,
kutubxonaga yangi kelib
tushgan Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”sini ko‘rsatadi. Shu yerda mavlono Badriddin Ulug‘bekka
alloma al-Farg‘oniy tarafidan bitilgan “Kitob fi javome’ ilm an-nujum va usul al harakat as-samoviya”
(“Yulduzlar haqidagi ilm bilan osmon yoritkichlari harakatining asosini (bir-biriga) qo‘shuvchi kitob”)ni
ko‘rsatadilar.
Shunday qilib, Ulug‘bek bolalik yillaridayoq mavlono Badriddin Tusiy, Abu Rayhon Beruniy,
Umar Hayyom kitoblari bilan hamda Oqsulot va O‘trorda “Ziji Malikshohi” bilan tanishdi.
Fanga bo‘lgan zo‘r muhabbati, katta qobiliyati va mehnatsevarligi tufayligina Ulug‘bek
astronomiya maktabining asoschisi va rahbari sifatida ajoyib muvaffaqiyatlarga erisha oldi. Bu maktab
butun dunyoda hamma tomonidan e’tirof etildi, shuhratga sazovor bo‘ldi.
Zo‘r qobiliyat, o‘tkir xotira va asta-sekin bilimlarni to‘plash shunga olib keldiki, Ulug‘bekda fanga
qiziqish va intilish rivojlana bordi. Ulug‘bek bilimlarini tinmay chuqurlashtirishi va o‘z ustida muntazam
ravishda ishlashi natijasida o‘zining ko‘pgina zamondoshlaridan o‘zib ketdi. Shunday qilib, oldin o‘tgan
ajdodlar — Markaziy Osiyodagi qadimgi xalqlarning madaniy merosi Ulug‘bek bilimlarining asosiy
manbai bo‘ldi.
Samarqanddagi madrasa qurilishi 1417 yili boshlanib, uch yilda qurib bitkaziladi. Tez orada
Ulug‘bek madrasaga mudarris va olimlarni to‘play boshlaydi va shu tariqa
uning falakiyotshunoslik
maktabi shakllanadi. Bu maktabning asosiy mudarrislari ilmiy ishlarga qulay sharoit va panoh izlab Temur
davridayoq Samarqandga kelgan Taftazoniy, Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy kabi olimlar edi.
Qozizodaning maslahati bilan Ulug‘bek otasining mulki Xurosonning Koshon shahridan G‘iyosiddin
Jamshid Koshiyni chaqirtirdi. Shunday qilib, Movarounnahrning turli shaharlaridan va Xurosondan
to‘plangan olimlar soni 1417 yilga kelib 100 dan ortib ketdi. Ular orasida adiblar, muarrixlar, xattotlar,
rassomlar, me’morlar bor edi. Lekin yulduzshunoslik va riyoziyot sohasidagi olimlar sharafliroq va
obro‘liroq edi. Ular orasida Qozizoda va Koshiy eng salobatli va nufuzli edilar.
1420 yili Samarqand madrasasining tantanali ochilishi bo‘ldi. Manbalarda qayd etilishicha,
“madrasa binosi bitishiga yaqinlashganda, bu yerga to‘plangan adabiyot, san’at va
fan namoyandalari
Ulug‘bekdan madrasaga kimni mudarris etib tayinlamoqchisiz, deb so‘rashganda, Ulug‘bek, barcha
fanlardan xabardor biror odamni qidirib topaman, deb javob bergan. Shu yerda g‘ishtlar orasida oddiy
kiyimda o‘tirgan mavlono Muhammad Ulug‘bekning bu gapini eshitib qolgan va shu onda o‘rnidan turib,
bu vazifaga men loyiqman, degan. Shundan keyin Ulug‘bek uni imtixon qilib, uning chinakam bilimdon
odam ekanligiga ishonch hosil qilgan va uni hammomda yuvintirib, yaxshi kiyintirish to‘g‘risida buyruq
bergan. Madrasaning ochilish kunida mavlono Muhammad mudarris sifatida ma’ruza o‘qigan; mavlono
Muhammadning olimlardan 90 kishi ishtirokida qilgan ma’ruzasini Ulug‘bek bilan Qozizoda Rumiydan
boshqa hech kim tushuna olmagan. Chunki bu ma’ruza haddan tashqari ilmiy
jihatdan kuchli va murakkab
masalalarni o‘z ichiga olgan edi.”
Bu yerda tilga olingan Qozizoda Rumiy (Salohiddin Musa bin Mahmud) mashhur matematik va
astronomdir. U Ulug‘bek madrasasining dastlabki mudarrislaridan biri edi. G‘oyat bilimli bu olimni
zamondoshlari “O‘z davrining Aflotuni” deb ataganlar.
Madrasada boshqa mudarrislar bilan bir qatorda, Ulug‘bekning o‘zi ham astronomiya bo‘yicha
ma’ruzalar o‘qir edi. Uchinchi darajali algebraik tenglamaga olib kelgan bir gradus yoyning sinusini
aniqlash — Ulug‘bek va uning maktabi erishgan ajoyib va eng muhim muvaffaqiyatlardan biri bo‘ldi.
Ulug‘bek ilmiy merosining eng asosiysi, ma’lum va mashhuri uning “Ziji” bo‘lib, bu asar “Ziji
Ulug‘bek”dir. “Ziji jadidi ko‘ragoniy” deb ham ataladi. “Ziji”dan tashqari uning qalamiga mansub
riyoziyot asari — “Bir daraja sinusni aniqlash haqida risola”, yulduzlarga bag‘ishlangan “Risolai
Ulug‘bek” (yagona nusxasi Hindistonning Aligarh universitetining kutubxonasida saqlanadi) va tarixga
doir “Tarixi arba’ ulus” asaridir.
Hozirgi kundagi ma’lumotlarga ko‘ra “Zij”ning 120 ga yaqin forsiy va 15 dan ortiq arabiy nusxasi
mavjud. O‘rta asrlarda yozilgan hech bir astronomik yoki riyoziy asar bunchalik ommalashmagan. “Zij”
musulmon mamlakatlarining deyarli barchasida o‘rganilgan.
Ulug‘bek “Ziji”, ayniqsa, Hindiston olimlariga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Samarqand olimlarining
ilmiy an’analarini Hindistonga Boburning o‘zi yetgazgan degan ma’lumot bor. Boburning vorislari
o‘tmishdagi shohlarga o‘xshab atrofiga olimlarni to‘playdilar va ularning ilmiy izlanishlariga sharoit
yaratadilar.
“Zij”ning G‘arbiy Ovro‘pa faniga ham ta’siri katta bo‘ldi.
Umuman olganda, G‘arbiy Ovro‘pa
Temur va uning farzandlarini, ayniqsa, Ulug‘bekni XV asrdanoq bilardi. Ali Qushchining Istambuldagi
faoliyati tufayli Ulug‘bekning olimligi haqidagi xabar ham Ovro‘paga tarqaladi.
1638 yili Istambulga ingliz olimi va sharqshunosi, Oksford dorifununining professori Jo‘n Grivs
(1602—1652) keladi.
Qaytishida u o‘zi bilan Ulug‘bek “Ziji”ning bir nusxasini Angliyaga olib ketadi. 1648 yili avval
“Zij”dagi 98 yulduz jadvalini chop etadi. O‘sha yilning o‘zida Grivs “Zij”dagi jo‘g‘rofiy jadvalni ham
nashr etadi. 1650 yili esa u “Zij” birinchi maqolasining lotincha tarjimasini nashr etadi.
Cheksiz aql-idroki, azmu qat’iyati, odilona siyosati bilan Mirzo Ulug‘bek qariyb qirq yil mobaynida
Movarounnahr diyorining donishmand hukmdori bo‘lib, xalqlarning azaliy orzusi — tinchlik, totuvlik, har
tomonlama taraqqiyotni qaror toptirish yo‘lida mislsiz shijoat va matonat ko‘rsatdi.
Mirzo Ulug‘bek o‘z umrini kelajak uchun, bugungi hayot uchun fido etdi. O‘sha
uzoq zamonlarda
bashariyat taraqqiyotini o‘ylab yashadi, o‘z avlodlari asrlar osha tartib etajak ma’rifatli bir jamiyatni orzu
qildi. Har qanday millat ham Ulug‘bekday farzandni tarbiya etgani uchun g‘ururlanishi tabiiy holdir,
chunki bunday insonlar faqat o‘z xalqiga emas, balki umubashariy gullab-yashnash uchun xizmat qiladi va
jahonning e’tiborini qozonadi.
“...Mirzo Ulug‘bekning umumbashariy qadriyatlarga qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lib, u bugungi
kunda ham hayotimizda ulkan ahamiyat kasb etmoqda va O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini oshirish
yo‘lida katta xizmat qilmoqda. Buyuk ajdodimiz Ulug‘bek nomi berilgan ma’naviyat maskanlari,
mahallalar, ko‘chalar va shaharlar juda ko‘p. Yurtimizda dunyoga kelib ko‘z ochayotgan har o‘n
chaqaloqning biriga ezgu niyat bilan Ulug‘bekning muborak ismi berilyapti deb aytsak, mubolag‘a
bo‘lmaydi.
Bularning barchasi — millatimizning buyuk allomaga bo‘lgan cheksiz hurmati va ehtiromlaridan
darak beradi. ”
Mirzo Ulug‘bek xizmatlaridan yana biri shundaki, u avvalo yosh avlodning aqliy va ma’rifiy
tarbiyasiga katta ahamiyat berib, ularni dunyoviy bilimlarni egallashga da’vat etdi,
har qanday johillik va
bilimsizlikka qarshi kurashdi. U insonning imkoniyatlari cheksiz ekanligiga ishora qilib, yoshlarni ilm
egallashga, insofli va himmatli bo‘lishga, halollik va rostgo‘ylikka da’vat etadi.
Ulug‘bekning bilimlarini nafaqat kitoblardan, balki bevosita hayotning o‘zidan ham olishni tavsiya
etadi.
Ulug‘bek ta’lim-tarbiyada mudarrislarning odil va halol bo‘lishiga, o‘z pedagogik mahoratlarini,
bilimlarini oshirib borishga, har bir mashg‘ulotni yuksak saviyada o‘tkazishga da’vat qiladi, ana shu
bilangina o‘quvchilarda bilimga qiziqish orttirish mumkinligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, tarbiyachi
avval o‘zini tarbiyalashi, bilim va malakalarini egallashi lozim.
Ulug‘bek bolalarni tarbiyalashda uy sharoiti va ota-onalarning faoliyatiga yuqori baho beradi, ularni
hayotda
chidamli, mehnatsevar qilib tarbiyalash juda zarur deydi. Buning dalili sifatida “Zij” ustida ishlash
paytidagi qiyinchiliklar haqida shunday deydi: “Yulduzlar jadvalini tuzish maqsadida biz kechayu kunduz
ishladik, o‘z mo‘ljallagan maqsadimizga yetguncha biz o‘zimizga qadar yaratilgan jadvallarni taqqosladik,
qayta tuzdik va shu tariqa yuz qaytalab tuzatishlar kiritgach, o‘n sakkiz yildan so‘nggina o‘z ko‘zlagan
niyatimizga yetdik”.
Ulug‘bek axloqiy tarbiya haqida gapirar ekan, bu masalada insonlar orasidagi o‘zaro munosabat,
do‘stlik va birodarlik alohida ahamiyat kasb etish kerakligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, haqiqiy va soxta
do‘stlarni ajrata bilish lozim, g‘arazli kishi hech vaqt do‘st bo‘lmaydi, kishilarni u to‘g‘ri yo‘ldan ozdiradi.
Shu bois g‘arazli kishilardan har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, yiroq bo‘lish, kasbi va xulq-atvori yaxshi,
hamma hurmat qiladigan, xushfe’l kishi bilan do‘stlashish lozimligini tavsiya etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: