Qurilish qorishmalari uchun ishlatiladigan toʻldiruvchilar Qurilish qorishmalarida yirik va mayda toʻldiruvchilar qoʻllaniladi. Donalari 5 mm dan kattaroq yirik toʻldiruvchilarni shagʻal va chaqiq tosh turlariga ajratiladi. Betondagi mayda toʻldiruvchilar tabiiy va sunʼiy qum hisoblanadi. Chaqiq toshni togʻ jinslarini maydalash orqali olinadi.
Qurilishda aksariyat ohaktosh va granitdan olingan chaqiq toshlar ishlatiladi. Shagʻal sirti tekis va shamolda nuragan togʻ jinslarini noanik aralashmasini ifodalaydi. Odatda, donalari turli yiriklikdagi shagʻal-qum aralashmalar uchraydi. Yengil betonlar uchun gʻovakli togʻ jinslaridan olingan tabiiy chaqiq tosh (tuf, pemza va boshqalar) yoki koʻp hollarda mahsus sunʼiy tayyorlangan toʻldiruvchilar ishlatiladi (keramzit, agloporit, shlakli pemzasi va boshqalar).
Qum oʻzida uvalangan mayda zarrali tarkibni ifodalab, u togʻ jinslarining shamol taʼsirida nurashi natijasida yuzaga keladi. Aksariyat minerallarning zarralari aralashgan kvars qumlari, kam hollarda esa dala shpatli va ohaktoshlilari uchraydi. Baʼzan qumni togʻ jinslarini mahsus maydalash yoʻli bilan olinadi. Biroq bu usulda tabiiyga nisbatan tannarxning ortib ketishi sababli mahsus maqsadlardagina qoʻllaniladi.
Toʻldiruvchilar betonning 80% hajmini egallab, uning xususiyatlariga, uzoq muddatga chidamliligiga va narxiga maʼlum darajada taʼsir koʻrsatadi. Toʻldiruvchilarning betonga kiritilishi bilan, betondagi eng qimmatbaho hisoblangan xomashyo – sement sarfini keskin kamayishiga erishiladi. Bundan tashqari, toʻldiruvchilar betonning texnik xususiyatlarini yaxshilaydi. Yuqori mustahkamlikdagi toʻldiruvchili baquvvat skelet maʼlum darajada betonning mustahkamligini va deformatsiyalanish modulini koʻtaradi – konstruksiyalarning bosim taʼsirida deformatsiyalanishini kamaytiradi, shuningdek betonning siljuvchanligini – betonga uzoq muddat bosim ostida taʼsir koʻrsatish natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qaytmas deformatsiyalardan saqlaydi.
Toʻldiruvchi betonning kirishishini oldini oladi va bu bilan uzoq muddat chidaydigan materialni olish imkonini beradi. Sement toshining qotish jarayonidagi choʻkishi 1-2 mm/m ni tashkil etadi. Notekis choʻkish deformatsiyalari sababli ichki zoʻriqishlar va xatto mikroyoriqlar yuzaga keladi. Toʻldiruvchi choʻkish deformatsiyasi zoʻriqishini qabul qiladi va sement toshiga nisbatan bir necha barobar choʻkishni kamaytiradi.
Gʻovak tabiiy va sunʼiy toʻldiruvchilar kam zichlikka ega boʻlib, yengil betonning zichligini kamaytiradi, uning issiqlik tutuvchanlik xususiyatini yaxshilaydi. Maxsus betonlarda (yuqori haroratga chidamli, nurlanishdan himoyalash va boshqalar) toʻldiruvchining ahamiyati juda katta, chunki ularning xususiyatlari asosan bunday betonlarning mahsus sifatlarini aniqlab beradi.
Silikat betonlarda toʻldiruvchi oʻzining odatdagi tadbiqidan tashqari oʻziga xos muhim ahamiyat kasb etadi. Uning donalarining sirti bogʻlovchi modda bilan taʼsirlashadi va koʻp hollarda olinayotgan betonning xususiyatlari ularning mineralogik tarkibiga va nisbiy yuzasiga bogʻliq boʻladi.