TOVUSHLARNING NUTQ JARAYONIDA O‘ZGARISHI
Ma’lumki, nutq tovushlari yozuvda har qaysi tilda qabul qilingan belgilar — harflar orqali aks ettiriladi. Biroq so‘zlashuv jarayonida nutq tovushlari harflar orqali aks ettirilganidek, yakka-yakka holda ishlatilmaydi. Nutq tovushlari har bir til qonun – qoidalariga muvofiq ma’lum tartib bilan tutashib, birikib so‘z hosil qilarkan, so‘z tarkibida aks ettirilgan harflarga nisbatan birmuncha o‘zgargan holda talaffuz etilishi mumkin. So‘zlashuv jarayonida nutq tovushlarishshg o‘zgarishi ayrim tovushlarning bir-biriga ta’sir qilishi natijasida ro‘y beradi. Masalan, yozuvda yotdi, kelibdi shaklida yoziladigan so‘zlar og‘zaki nutqda yotti, kelipti shaklida talaffuz etiladi.
Nutqda so‘z tarkibidagi tovushlarning bunday o‘zgarishiga kombinator o‘zgarishlar deyiladi. Kombinator o‘zgarishlar assimilyatsiya, dissimilyatsiya jarayonlarida va boshqa fonetik jarayonlarda ro‘y beradi.
So‘zlarda ikki yonma-yon tovushshshg bir-biriga ta’sir qilishi natijasida, ya’ni oldingi tovushning keyingisiga yoki keyingi tovushning oldingisiga o‘xshab ketishi, moslashishi kabi fonetik jarayon assimilyatsiya6 hodisasi deb aytiladi. Bunday hollarda tovushlar artikulyatsiya yoki akustika jihatidan bir-birlariga moslashadi. Masalan, yozuvda otda shaklida ifodalangan co‘z so‘zlashuv jarayonida otta deb talaffuz etiladi: bunda shu ot so‘zidagi jarangsiz t tovushning ta’siri natijasida shu tovushdan keyin kelgan jarangli d ham t ga o‘xshab ketgan Rus tilida sdelat’ so‘zi talaffuzda zdelat’ tarzida aytiladi, bunda keyingi jarangli d tovushiniig ta’siri bilan oldingi jarangsiz s tovushi jarangli z tarzida talaffuz etiladi, ya’ni jarangli d undosh tovushi o‘zidan oldin kelgan jarangsiz s undosh tovushini o‘z-o‘ziga o‘xshatib singdirib, jaranglilashtiradi.
Assimilyatsiya to‘liq va to‘liqsiz bo‘lishi mumkin. Nutq jarayonida singdiruvchi tovush qo‘shni tovushni aynan o‘ziga o‘xshatsa, to‘liq assimilyatsiya deyiladi. Masalan, o‘zbek tilida otdan, o‘tda so‘zlarida oldingi jarangsiz t tovushining ta’siri bilan jarangli d tovushi ham t bo‘lib, ikki boshqa – boshqa tovush bir xilda ottan, o‘tta kabi talaffuz etiladi. Bu hodisa boshqa tillarda ham uchraydi. Masalan, rus tilida otdat’ so‘zi oddat’ tarzida talaffuz etiladi. Bu so‘zda keyingi d tovushi t ga ta’sir qilib, o‘ziga o‘xshagan d kabi talaffuz etiladi. Shu xilda so‘z tarkibidagi singdiruvchi tovush qo‘shni tovushga ta’sir qilib, qisman o‘ziga o‘xshatsa, to‘liqsiz assimilyatsiya deyiladi. Masalan, toshgan, o‘tgan so‘zlarida -gan affiksidagi jarangli g undoshi o‘zidan oldin kelgan sh, t tovushlarining ta’siri bilan talaffuzda qisman o‘zgarib, k tarzida talaffuz etiladi: toshkan, o‘tkan. Bunda jarangsiz sh, t undosh tovushlari o‘zlaridan keyin kelgan g undosh tovushini aynan, to‘la o‘ziga o‘xshatmasa ham, jarangliligini yo‘qotib, sh, t tarzida jarangsiz talaffuz etiladi.
Ba’zi tillarda assimilyatsiya hodisasi orfografiyada ham o‘z aksini topadi. Masalan, hozirgi zamon o‘zbek adabiy tilida jo‘nalish kelishigi, asosan -ga affiksi bilan ifodalanadi. Lekin, q, k, g‘, tovushlari bilan tugagan so‘zlarning oxirida jarangsiz undosh tovushi bo‘lgani uchun –qa, -ka shaklida yoziladi: o‘rtoq—ga— o‘rtoqqa, terak-ga—terakka, bog‘-ga—boqqa kabi. Bunday holni rus tilida ham uchratish mumkin: z tovushi bilan tugagan prefikslar jarangsiz tovushlar bilan boshlangan so‘zlar o‘zagi bilan tutashib kelganda, jarangsizlashib, talaffuzga muvofiq s harfi bilan yoziladi: Masalan, bez-platno—besplatno, iz-xodit’—isxodit’, raz-skazat’—rasskazat’.
Assimilyatsiya ikki xil bo‘ladi. Agar so‘zda oldingi tovush o‘zidan keyingi tovushga ta’sir qilib, uni o‘ziga qisman yoki to‘la o‘xshatsa, bunday hodisa progressiv assimilyatsiya deyiladi. Masalan, otdan (ottan), tutda (tutta), beshga (beshka) kabilar. Progressiv assimilyatsiya asosan turkiy tillarga xosdir.
Agar so‘z tarkibidagi keyingi tovush o‘zidan oldin
kelgan tovushga ta’sir qilib, uni o‘ziga to‘la yoki qisman
o‘xshatsa, bunday assimilyatsiya regressiv assimilyatsiya
deyiladi. Masalan, mazkur, atlas, birla so‘zlari maskur,
allas, billa tarzida talaffuz etiladi. Regressiv assimilyatsiya, ayniqsa, rus tili uchun xosdir. Masalan, lodka so‘zida k tovushi o‘zidan oldin kelgan jarangli d tovushiga ta’sir qilib, uni t tovushiga aylantiradi, natijada bu so‘z lotka tarzida talaffuz etiladi;
sbor so‘zidagi jarangli b tovushi o‘zidan oldin kelgan
jarangsiz s tovushiga ta’sir qilgani uchun bu so‘z zbor
tarzida talaffuz etiladi.
Turkiy tillarda, mo‘g‘ul tilida, ayrim ugor-fin tillarida singarmonizm hodisasi ham uchraydi. Singarmonizm7 ham assimilyatsiyaning bir ko‘rinishidir. So‘zning birinchi bo‘g‘inidagi unlining xususiyati va sifatiga qarab, boshqa bo‘g‘inlardagi unlilarning ohangdoshlashib moslashuviga singarmonizm deb aytiladi. Singarmonizm ikki xil bo‘ladi.
Palatal8 singarmonizm;
Labial9 singarmonizm.
Palatal singarmonizm o‘zbek tilidan boshqa barcha turkiy tillarga xos fonetik qonundir. Bu fonetik qonunga muvofiq so‘z tarkibidagi «qattiq», ya’ni til orqa unlilari yoki «yumshoq», ya’ni til oldi unlilari ohangdoshlashib uyg‘unlashadi, moslashadi. Agar so‘z tarkibida birinchi bo‘g‘indagi unli «qattiq», ya’ni til orqa unlisi bo‘lsa, qolgan bo‘g‘inlarda ham faqat til orqa unlilari ishlatiladi. Masalan, qoraqalpoq tilida — balalarыmыzdan, ozarbayjon tilida gardashlarыmizdan, qirg‘iz tilida — moldolordon. Agar so‘z tarkibida birinchi bo‘g‘indagi unli «yumshoq», ya’ni til oldi unlisi bo‘lsa, qolgan bo‘g‘inlarda ham til oldi unlilari ishlatiladi. Masalan, qoraqalpoq tilida — mekteplerimizdenu, ozarbayjon tilida — telebelerimizden, qirg‘iz tilida — mekteptin.
Shunday qilib, palatal singarmonizmda so‘zning hamma morfemalaridagi unlilar, ya’ni so‘z o‘zagidagi va morfemalar hamda affikslardagi unlilar, ohangdoshlashib moslashgan bo‘ladi. Shuning uchun ham ko‘pchilik turkiy tillarda affikslarning kamida ikki varianti bor. Masalan, qoraqalpoq tilida: bala-lar-ы-miz-dan, mekgep-ler-i-miz-dan- qirg‘iz tilida — mekteptete, toodo.
Labial singarmonizm barcha turkiy tillarda ham uchramaydi. Labial singarmonizm hodisasi bor bo‘lgan tillarda so‘zning oldingi bo‘g‘inidagi labiallangan unli o‘zidan keyingi bo‘g‘indagi unliga yoki qolgan hamma bo‘g‘indagi unlilarga ta’sir qilib, ularni labiallangan unliga o‘xshatib, moslashtiradi. Masalan, qirg‘iz tilida kol, kolu, koldor so‘zlarida labial singarmonizm hamma bo‘g‘inlarda yuz bergan. Tuva tilida kol, kolu, kollar, kollarы sûzlarida labial singarmonizm ba’zi bo‘g‘inlardagina yuz beradi.
O‘zbek tilida labial singarmonizm og‘zaki nutqda hamda ba’zi shevalarda uchraydi: mumkun (mumkin), muhum (muhim), buvu (buvi), bo‘lum (bo‘lim), so‘lum (so‘lim), o‘g‘ul (o‘g‘il) kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |