Allegoriya – grekcha so'z bo'lib, kinoya, qochiriq, kesatish degan ma'noni anglatadi. Allegoriyada mavhum tushunchalar aniq narsa bilan almashtiriladi. Bunda tasvirlanayotgan narsaning asosiy xususiyati bilan ishora qilinayotgan tushuncha bir-biriga ma'lum darajada mos kelishi kerak.Masalan: «Elga bersang oshingni, erlar silar boshingni, Itga bersang oshingni, itlar g'ajir boshingni». «Ko'rpangga qarab oyoq uzat».Allegoriyaga ko'proq badiiy usulning masal, ertak janrida, publitsistik uslubda tez-tez murojaat qilib turiladi. Masalan: S.Abdiqahhorning «Daryo bilan jilg'a» masalida «Birlashgan o'zar, birlashmagan to'zar» tushunchasi daryo va jilg'a obrazlari orqali berilgan. (Daryo, jilg'acha bizga qo'shil, deyishiga qaramay manmanlik qilib, cho'llarga tomon yo'l oladi. Ammo yo'lda qumloqqa duch kelib, unga singib ketadi). So'z bilan ish birligi g'oyasi uning «Va'zxon ayiq» masalida ilgari suriladi. Ayiq va'zxonlik qilib, quyon, sen sabzini bargi bilan ye, toshbaqa yo'ldan yur, ekinlarni bosma deydi-yu, ammo o'zi uyiga qaytishda ekinlarni poymol qilib ketadi. «Ayiqboy ketdi sekin, poyxon etib, bosib ekin…»Masallarda tulki obrazi orqali laganbardorlik, ayyorlik tanqid qilinsa, ochko'zlik josuslik, bevafolik bo'ri, ilon, chayon obrazlari orqali ifodalanadi.
Simvol – tropning bir turi sifatida badiiy nutqda hayotiy voqea, tushuncha va narsalar ifodasi uchun shartli ravishda ko'chma ma'noda ishlatiladigan so'z yoki so'zlar birikmasi ramz (simvol) deyiladi: Masalan: tong – yoshlik, quvnoqlik, baxt ramzi; tun – baxtsizlik, o'lim ramzi, qorasovuqlik ramzi. Ramz narsa yoki voqeaning ko'rinishi shakli emas, balki shu haqda yozuvchi ko'rganidan qolgan sezgi va taassurotlarga asoslangan.Ironiya (kesatiq) grekcha zimdan kulish, kesatish ma'nosida tushuniladi. Ba'zan so'zlovchi bamaylixotir, jiddiy holda gapiradi-yu, ammo so'zlarni o'z asl ma'nosiga qarama-karshi ma'noda qo'llab, biror kishi, uning qilig'i yoki hodisa ustidan kesatib, mas'haraomuz kuladi.So'z va iboralarni kesatish, mas'haraomuz kulish niyatida o'z ma'nolariga qarama-karshi ma'noda ishlatilishi kesatiq (ironiya) deyiladi. Haqiqatda ham itvachcha, mal'un, ablah, qabih, bema'ni tipidagi dag'al ma'noli so'zlarni o'rinli-o'rinsiz ishlata berish nutqni nursizlantiradi, uning kuchini, tasirini pasaytiradi.Antifraza ironiyaning bir ko'rinishi bo'lib, shaxs yoki narsaga xos bo'lgan u yoki bu ijobiy xususiyat kulguli ohang bilan inkor qilinadi, yozuvda u qo'shtirnoq ichiga olinadi. «Yashang! Xotiningizning ham kayfi oshsa, xiqichoq tutib, xuddi o'zingizday juda «shirin» bular ekan» (A.Qahhor «Yo'llar»). Bu o'rinda shirin so'zi o'z ma'nosida ishlatilmagan.Sarkazm grekcha so'z bo'lib, achchiq, zaharxanada, istehzoli ta'na, piching demakdir. Sarkazm so'zlovchining murojaat qilinayotgan kishiga nisbatan ustunlik hissiyotiga asoslanadi. Sarkazm biz ko'rsatgan xususiyatlari bilan ironiyaga o'xshash bo'lib, salbiy tomonlarni fosh qilinadi. Perifraz grekcha aylana, atrof, boshqacha gapiraman demakdir. Narsa va hodisalarning nomlarini ularning muhim belgi yoki xususiyatini tasvirlab ko'rsatuvchi vositalar yordamida bayon qilish perifraz deyiladi. Perifrazda, narsa va almashtirilgan tasviriy ifoda o'rtasida bog'liqlik yaqinlik bo'lishi kerak. «Shu bilan muhtaram ustoz menga go'yo muborak ko'zoynaqlarini berdilar» (A.Qahhor «O'tmishdan ertaqlar»), A.Qahhorning «O'tmishdan ertaqlar»ini o'qigan kishi «muhtaram ustoz» birikmasi A.P.Chexov haqida ekanligini yaxshi tushunib oladi. «Qullar» romanining muallifi S.Ayniy, «Navoiy» romanining muallifi Oybek, Qadimgi So'g'diyonaning markazi Samarkand tarzidagi prifraztik iboralarni tez-tez uchratib turamiz. Perifraz fikrga aniqlik kiritadi. Masalan: «o'zbek adabiy tilining bayroqdori» deyilganda,
ko'z oldimizga, albatta Alisher Navoiy keladi. Faqat otlar emas, fe'l, sifat, olmosh, hatto frazeologizmlar ham perifraztik qo'llanilishi mumkin: ovqatlandim o'rnida tamaddi qildim, anqov ma'nosida ammamning buzog'i frazeologizmi: «Gap ko'p, ko'mir oz», «Bo'sh qop tik turmas» tipidagi maqollar ham perifaztik ma'noga ega.
Jonlantirish. Jonsiz narsalarni inson kabi harakat qiladigan, fikrlaydigan, so'zlaydigan qilib tasvirlash jonlashtirish deyiladi. Jonlantirishga she'riy asarlarda, ertak va masallarda ko'proq murojaat qilinadi. Vokzalda soat uchdir, Moskvada intizomTerlab-pishib, hansirab, to'xtadi parovoz ham.Jonlantirish ko'p tomonlari bilan allegoriya va apastrofaga o'xshab ketadi. Chunki allegoriyada ham, apastrofada ham jonlashtirish borga o'xshaydi. Ammo bular o'rtasida muhim farqlar mavjud. Masalan: allegoriyada hayvon-jonivorlar insonlar kabi harakati orqali tasvirlanayotgan insoniy obrazlarga (kishilarga) qaratadi. Bunda odamlarning qiliqlari, xususiyatlari hayvonlarga ko'chiriladi, ammo shu hayvon, jonivorlar harakati, holati orqali o'quvchi odamlarni tushunadi. «Kalila va Dimna»dagi masallar bunga yaqqol misol bo'la oladi…Gulxaniyning «Tuya bilan bo'taloq», «Toshbaqa bilan chayon», «Maymun bilan najjor», Krilovning «Kvartet», «Bo'ri bilan qo'zichoq» asarlari allegoriyaga klassik misol bo'la oladi. «Toshbaqa bilan chayon»da do'st, mehribon kishini toshbaqa obrazi orqali va yaxshilikka ham yomonlik qiladigan, ba'zan nish urishni o'ziga kasb qilib olgan kishini chayon obrazi orqali tushunamiz. Jonlantirishda esa xususiyat, belgi jonsiz narsalarga ko'chiriladi, lekin ular orqali odamlar tushunilmaydi, unda obrazlar tizimi bir qator bo'ladi. Apostrofa – yanada boshqacha xususiyatga ega. Bunda jonsiz narsa harakat qilmaydi, balki unga jonli narsadek murojaat qilinadi. Ya'ni bu o'rinda jonlashtirilayotgan narsa murojaat qilayotgan kishiga nisbatan sust xarakterda bo'ladi. «Siyohdan omon bo'l, ishchan hamdamimIshonki, so'qqabosh bo'lmagaysan hech. Seni ko'p bezovta qildim qalamim, Sen ham uxlatmagin meni erta-kech» (M.Shayxzoda «Siyohdon»).
Demak, madaniy nutq egasi, o'z nutqi jarayonida turli xil troplardan foydalanishi provardida, fikrini to'liq va mazmunli hamda tushunarli bo'lishiga erishadi. Bunda albatta, tropning turlaridan o'z o'rnida foydalanib qo'llay olish maqsadga muvofikdir. Binobarin, troplar fikrni aniq, lo'nda, tushunarli va mazmunli ifodalashda qo'l keladi.
Adabiyotlar:
1. Qo'ng'urov R., Begmatov E., Tojiyev Y. Nutq madaniyati va uslubiy
asoslari. T., 1992.
2. Qo'ng'urov R. O'zbek tilining tasviriy vositalari T., 1977.
3. Tojiev Y., Xasanova N., Saidova R., Yo'ldosheva O. O'zbek nutqi
madaniyati va uslubiyat asoslari amaliyoti. T., 1994.
4. Qilichev E. Badiiy tasvirning leksik vositalari. T., 1982.
5. Rahmatullayev Sh. Nutqimiz ko'rki. T., 1970.
6. Mahmudov N. O‘qituvchi nutqi madaniyati. -T., 2007.
Do'stlaringiz bilan baham: |