Gaplar tuzilish jihatdan ikki guruhga bo‘linadi:
1. Sodda gap bir predikativ birlikdan iborat bo‘lib, uning tarkibi ayrim gaplarga bo‘linmaydi. Masalan: G‘ir-g‘ir shabada turli-tuman giyohlarning hidlarini olib keladi. (O.). Oqil va donolar bilan suhbatdosh bo‘ling. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).
2. Qo‘shma gap mazmun va grammatik jihatdan birikkan ikki va undan ortiq predikativ birliklardan tuzilib, uning tarkibi ikki va undan ortiq gaplarga bo‘linadi. Masalan: Hali daraxtlar barg chiqarmagan-u, pushti guldastaga o‘xshab gullagan bir tup bodom qo‘shni hovlining devori osha yashnab turibdi. (P.Q.). Haqiqiy do‘stlik suvdek zilol, qalbaki do‘stlik – tuz qo‘shilgan asal. (Maqol).
Sodda gap turlari
Sodda gaplar grammatik asosining tarkibiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: 1) ikki bosh bo‘lakli gaplar; 2) bir bosh bo‘lakli gaplar.
Grammatik asosi ikki bosh bo‘lakdan: ega va kesimdan iborat bo‘lgan gaplar ikki bosh bo‘lakli gaplar deyiladi. Masalan: Mehnatdan do‘st ortar. (Maqol).
Grammatik asosi bir bosh bo‘lakdan iborat bo‘lgan gaplar bir bosh bo‘lakli gap deb yuritiladi. Masalan: Gapni gapir uqqanga, jonni jonga suqqanga. (Maqol).
Sodda gaplar ikkinchi darajali bo‘laklarning qatnashishi-qatnashmasligiga ko‘ra ikki xid bo‘ladi: yig‘iq gaplar va yoyiq gaplar.
Bosh bo‘laklardangina yoki bir bosh bo‘lakdan tashkil topgan gap yig‘iq gap, ikkinchi darajali bo‘laklar ham ishtirok etgan gap yoyiq gap deyiladi. Masalan: Yomg‘ir tindi. Bulutlar hamon qaysarlik bilan quyosh yuzini to‘sib turardi. (S.Karomatov). Birinchi gap yig‘iq gap bo‘lib, faqat bosh bo‘laklardan tuzilgan. Ikkinchi gapda bosh bo‘laklar (bulutlar – ega, to‘sib turardi – kesim)dan tashqari, ikkinchi darajali bo‘laklar ham (hamon, qaysarlik bilan - hollar, quyosh - aniqlovchi, yuzini – to‘ldiruvchi) qatnashgan. Shuning uchun bu gap yoyiq gapdir.
Bir bosh bo‘lakli gaplar ham, ikki bosh bo‘lakli gaplar ham zarur bo‘laklarning to‘la ifodalanishi yoki tushirilishiga ko‘ra ikki turga ajratiladi: to‘liq gap va to‘liqsiz gap. To‘liq gaplarda fikrni ifodalash uchun zarur bo‘laklarning barchasi qatnashadi, to‘liqsiz gaplarda zarur bo‘laklarning biri yoki bir qismi tushiriladi.
Masalan: - Ilgari qayerda ishlagan edilar? (To‘liq gap). – Dastavval Surxondaryoda, keyin qarshi cho‘lida. (O.Y.) (To‘liqsiz gap).
Sodda gaplar bo‘laklarga ajralish-ajralmasligiga ko‘ra ikki xil bo‘ladi: bo‘laklarga ajraladigan gaplar va bo‘laklarga ajralmaydigan gaplar. So‘zlar bog‘lanmasidan yoki yakka so‘zdan tuzilib, gap bo‘laklarini aniqlash (ajratish) mumkin bo‘lgan gaplar bo‘laklarga ajraladigan gaplar deb yuritiladi. Masalan: Mashina darvoza oldida to‘xtadi. (O.Y.). Bir so‘zdan tashkil topib, tarkibi bo‘laklarga ajratilmaydigan gaplar bo‘laklarga ajralmaydigan gaplar yoki so‘z-gaplar deyiladi. Masalan: - Assalomu alaykum, dada. (P.Q.).
Do'stlaringiz bilan baham: |