hokim, hokimiyat, devon, vazir,
qoʻmita, tuman, viloyat, muallif, tahririyat, muharrir, mavzu, reja
soʻzlari oʻsha davrda qayta
faollashtirilgan soʻzlardir. Oʻz navbatida, bunday faollashish shu soʻzlarning avvalgi muqobillari
–
raykom, apparat, ministr, komitet, rayon, oblast, avtor, redaksiya, redaktor, tema, plan
soʻzlarining eskirishiga, nofaol qatlamga oʻtishiga olib kelgan.
Globallashuv davri oʻzbek tili terminologiyasini tartibga solishda ham vertikal ta’sir
choralariga ehtiyoj bor, chunki oʻzbek tili terminologiyasida muqobili boʻlgani holda oʻrinsiz
oʻzlashgan, sohaviy leksikaga qabul qilingan chet soʻzlar yigʻilib qolgan. Masalan, yaqin yillarda
kompetensiya
soʻzi paydo boʻldi. Ingliz tilida “competence”, rus tilida “kompetensiya”
shaklidagi bu soʻz asli “mahorat”, “qobiliyat”, umuman esa “layoqat” ma’nosini bildiradi.
Oʻzbek tilida bu olinmani
layoqat
soʻzi toʻla almashtira oladi.
Kompetensiya
soʻzi olinayotganda
oʻzbek tilining ichki imkoniyati e’tiborga olinmagan. Natijada notoʻgʻri oʻzlashma asosida
kompetentlik, kompetensiyaviy
singari terminlar ham yasalgan. Agar chet soʻzga bu qadar oʻchlik
boʻlmaganda, “компетенция”
layoqat
, “компетентность”
layoqatlilik
deb kalkalangan va
kompetensiyaviy tarzidagi gʻalati yasalma “bino boʻlmas” edi.
Muqobili boʻla turib olingan soʻzlardan yana biri
kreativdir.
Ingliz tilida
“creative”, rus
tilida “креативный” shaklidagi bu soʻz har ikki tilda “ijodiy” ma’nosini anglatadi. Bu olinma
oʻzbekcha matnlarda “kreativ fikrlash”, “kreativ yondashish” singari birikuvlarda qoʻllanmoqda.
Endi ushbu olinma oʻrniga
ijodiy
soʻzini qoʻysak,
ijodiy fikrlash, ijodiy yondashish
tarzidagi
magʻzi toʻq birikma hosil boʻladi, chunki
kreativ
ning maqbul muqobili
ijodiy
dir. Davlat tilini
rivojlantirish departamenti huzurida Atamalar komissiyasining tashkil etilishi ayni ehtiyoj
natijasi boʻlib, terminologiyani oʻzbek tilining ichki imkoniyatlaridan foydalanib milliylashtirish,
tartibga solish uning asosiy vazifalaridandir.
Sobiq ittifoq hayotining hamma davrlarida chet tillarga (masalan, nemis, ingliz tillariga)
munosabat bugungidek boʻlmagan, davlat fuqarolarining chet tillarni lozim darajada egallashini
xohlamagan. Bunday til siyosatidan koʻzlangan maqsad esa dunyoga “yopilish”, tashqi dunyoga
qoʻshiluvni cheklash, chegaralash boʻlgan. Oʻtgan asrning birinchi yarmi sobiq ittifoq til siyosati
haqida tilshunos A.Ogursov keltirgan fakt buni tasdiqlaydi: “Stalincha ong ...chet tillarni bilishga
juda shubhali narsa sifatida qaragan. Masalan, Buxarinning sudlov jarayonida Vishinskiy ismli
kishi uning toʻrtta xorijiy tilni bilishini “fosh” qilar ekan, bu ustunlik Buxaringa sovet
hukumatini toʻrt tilda tuhmat qilish imkonini berishini aytadi” [Ogursov, 1989: 177]. Chet
tillarni davlatga, mafkuraga xavf sifatida tushunilgan bunday munosabat shoʻro tuzumining
keyingi davrlarida yumshagan boʻlsa-da, amalda chet tillarni oʻrganishga keng yoʻl ochilmadi,
maktablarda cheklangan dars soatlari ajratildi.
Sobiq ittifoq inqirozga uchragach, mustaqil respublikalarda chet tillarni oʻrganishga keng
yoʻl ochildi, til siyosati moʻtadillashdi, chunki milliy respublikalarning oʻzi dunyoga
“ochilish”ni, qoʻshilishni istardi. Oʻzbekistonda ham chet tillarni, ayniqsa, jahon tillarini
oʻqitishga katta e’tibor qaratildi. 1992-yilda sobiq Rus tili va adabiyoti instituti va Toshkent chet
tillari pedagogika institutlarining Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetiga aylantirilishi
zarur amaliy ishlardan biri boʻldi. Shunday keyin chet tillarni oʻqitish samaradorligini oshirishga
qaratilgan davlat darajasidagi hujjatlar qabul qilindi. Endi chet tillarni bilish zararli emas, foydali
odat deb qaraladigan boʻldi.
Chet tillarni oʻrganish – yaxshi va juda zaruriy yumush. Chet tillardan birini egallagan
mutaxassisga bugun talab ham, ehtiyoj ham katta. Ammo “xorijiy tillarni ona tilini esdan
chiqarish hisobiga oʻrganish nodurust. Chunki ona tilini unutish hisobiga oʻrganilgan xorijiy til
ona tilining oʻrnini bosib olishi muqarrarki, bunda milliy tafakkur va milliy idrok butunlay
boshqa, begona tafakkur va begona idrokka aylanadi” [Mahmudov, 2006]. Afsuski, bugun
ijtimoiy tarmoqlar tilida inglizlashuv, inglizcha unsurlar (boshqasini qoʻya turaylik) koʻpayib
31
bormoqda. Masalan, taajjublanganlikni bildirishda
voy, oʻ-oʻ
undov soʻzlarii oʻrnida,
vau
;
ma’qul, boʻpti, yaxshi
soʻzlari oʻrnida
ok
;
tashabbus, chaqiriq, da’vat
degan soʻzlar boʻla turib
chellenj
ommalashmoqda, ommalashtirilmoqda;
layk (bos), xeshteg, teg, blogpost, post,
kolumnist
ga oʻxshash varvarizmlar bisyor. Bunday oʻzlashmalarni tezda aniqlab, tilda “qotib”
qolmasdan tegishli muqobillariga almashtirish kerak. Chunonchi,
layk (bos)
soʻzini
ma’qulla
bilan bemalol almashtirsa boʻladi. Bitta
chelenj
soʻziga oʻzbek tilida uchta muqobil bor:
tashabbus, chaqiriq, da’vat
va ularning har biridan oʻrni bilan foydalansa boʻladi. Shuningdek,
tilni yaxshi bilmaslik oqibatida kelib chiqqan “kompyuterlarga xizmat koʻrsatish”,
“mashinalarga xizmat koʻrsatish” kabi notoʻgʻri tarjimalar urchib bormoqda. Asli bunda
kompterlarni tuzatish, mashinalarni ta’mirlash
deyilsa, ifoda oʻzbekchalashadi va toʻgʻriroq
chiqadi. Til va jamiyat munosabatidagi bunday muammolarning kelib chiqishi esa globallashuv
ta’siri, kitob oʻqimaslik, til sezgisining gʻariblashayotgani bilan bogʻliqdir.
Jamiyat a’zolarining tilga munosabatida ikki jihatni – umuman, tilga munosabat hamda
ona tiliga munosabatni farqlab olish lozim. Birinchi holatda – tilning xalqni birlashtirishdek
vazifani bajarishini anglab munosabat koʻrsatilishi, “Davlat tili haqida”gi qonun talablariga rioya
etilishi, ish yuritishda adabiy til meyorlariga amal qilinishi zarur. Ikkinchi holatda – ona tili oʻta
milliy, etnomadaniy hodisa deb tushunilishi, ona tili taqdiriga millat taqdiri deb qaralishi, ona tili
boricha qabul qilinishi kerak.
Bugungi oʻzbek jamiyatida har ikki munosabatga aloqador muammolar yetarli. Bu
“Davlat tili haqida”gi qonun talablarining koʻp hollarda bajarilmayotgani, davlat tilining
amaliyotga keng joriy etilmayotgani, ta’limning turli boʻgʻinlari va ish yuritishda lisoniy
layoqatlilik darajasining pastligi, davlat tiliga ham, ona tiliga ham bepisand munosabatning
uchrayotgani, til madaniyatining lozim darajada shakllanmayotganida koʻrinadi. Oʻzbek
sotsiolingvistikasi jamiyatda davlat tiliga munosabatning ahvolini, jamiyat hayotining qaysi
jabhalarida til bilan faol ta’sirlashuv kechayotganini, til siyosatida nimalarga e’tibor berish
lozimligini aniqlashi va davlat tilini amaliyotga toʻliq joriy etish hamda terminologiyani tartibga
solish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqishi zarur.
Til va jamiyat ta’sirlashuvi haqida soʻz borar ekan, tilning jamiyatga qanday ta’sir
etishini ham tushuntirmoq lozim. Mutaxassislar toʻgʻri ta’kidlaganidek, tilning jamiyatga ta’siri
jamiyatning tilga ta’siriga nisbatan kam oʻrganilgan, hatto bunday ta’sirlashuvga shubha bilan
qarash ham bor. Bizningcha, tafakkur quroli boʻlgan vositaning jamiyatga ta’sir
koʻrsatmasligining oʻzi shubhali, chunki til jamiyatni muntazam harakatlantirib turadi va bu tarz
ta’sirlashuvning eng ibtidoiy aksi uning axborotni shakllantirish hamda uzatish vazifasida
koʻrinadi. Jamiyatning tilga ta’siri naqd lisoniy natijalarda koʻrinadi, shu sababli bu tarz
ta’sirlashuv shubha uygʻotmaydi, bir qarashdayoq ta’sirlashuv natijalarini ilgʻash mumkin
boʻladi. Tilning jamiyatga ta’siri natijalari tilshunos qayd qila biladigan til materiallarida ifoda
topmaydi, balki ijtimoiy hayotning oʻzida boʻy koʻrsatadi. Aniq lisoniy material orqali dalillay
olinmaganligi tilning ja’miyatga ta’siri mexanizmlarining ochilmay qolishiga olib kelgan.
Masalan, adabiy tilning jamiyatga ta’siri, avvalo, milliy birlikni ta’minlashida, qolaversa,
ommaviy savodxonlikni shakllantirish va yaxshilashda, ilm-fanni rivojlantirish va madaniyatni
yuksaltirishida, ta’lim-tarbiyada koʻrinadi. Sanoqni yana davom ettirish mumkin. Umuman,
jamiyatda axborot uzatilar ekan, unda tilning ishtirok qilmasligi, ta’siri boʻlmasligi mumkin
emas.
Xullas, til va jamiyat oʻrtasida doimiy ta’sirlashuv kechadi. Fan va ta’lim, madaniyat va
san’at, texnika va davlatchilikning taraqqiyoti til va jamiyat ta’sirlashuvining asosiy omillaridir.
Bunday ta’sirlashuv jarayonini harakatlantiruvchi kuchi, albatta, inson va u mansub jamiyat.
Jamiyat ehtiyojlari esa tilning vazifa doirasida kengayish, usluban toʻlib-toʻliqib borishiga sabab
boʻladi.
32
Do'stlaringiz bilan baham: |