Keywords: war, refuge, hero, hope, paternity, duty
Yer kurrasida chumolidek mehnat qilayotganlardan ko‘ra, tuproq
tagida yotganlar ko‘p. Yer qatlami odam suyaklariga to‘lib ketgan. Ammo hech
bir inson oyoq tagiga qarab yashamaydi. Olis ufqlarni mo‘ljalga olib yo‘l
yuradi. Said Ahmadning trilogiyasi qahramonlari ham “UFQ”qa intilish orqali
Til va adabiyot:
ilmiy va amaliy izlanishlar yoʻlidagi ilk odimlar
2020-yil 30-aprel
879
hayotning chigil sahifalaridan porloq sahifalariga o‘tishdi. Ufqqa intilish
odamlarning ertangi kun, yashash, yasharish, yaratish ishtiyoqidir. Mana shu
ishtiyoq sababli “Ufq” trilogiyasi yuzaga keldi. Yozuvchi roman orqali
urushdan oldingi, urush va urushdan keyigi hayotni o‘z qalami bilan kitobxon
ko‘z o‘ngida gavdalantira olgan. Said Ahmadning psixologik tasvir
mahoratining kuchliligi, ixcham va teran fikrlashi, qahramonlar nutqida
o‘zidagi yumorni singdira olganligi asarning yashovchanligini taminlagan. Oz
so‘zda ko‘p ma’no bera olgan yozuvchi A.Qahhor asarga shunday ta’rif bergan:
“Bu kitobni (“Ufq” romanini) kitobxon boshdan-oyoq shavq bilan, hech
qayerga tutilmasdan, diqqati susaymasdan, ishtahasi bo‘g‘ilmasdan o‘qib
chiqadi… Kitobda qimirlagan har bir jonning qayg‘usi, quvonchi, qilish-
qilmishi, muhabbati, g‘azabi, og‘zidan chiqadigan har bir so‘zi rost…”
Darhaqiqat, ushbu asar “…odamga quvvat beradigan umid, uning boshini
“toshdan” qiladigan ishonch barq urib turgan haqiqiy hayot manzarasidir.”
Bir asarga bundan ortiq baho berish mumkin-mi!?
Romanda qishloq hayoti manzarasi bo‘yab-bejamasdan, haqqoniy
tasvirlangan. Buni birinchi jumladanoq anglash qiyin emas. “Zirillama
guzaridan sal nari o‘tib chap tarafga tor ko‘cha ketadi. Qalin tollar soya
tashlagan, chetida tinimsiz jildirab suv oqadigan bu ko‘cha ayniqsa saraton
kezlarida juda jimjit bo‘ladi. Guvala devorlar orqasida bekingan chang bosgan
behi g‘o‘ralari, terakka chirmashgan aymoqi uzumlar bu ko‘chaga ajib bir
husn bag‘ishlaydi.” Asarning birinchi qismi “Qirq besh kun” deb nomlangan.
Bu romanda Azizxon va Lutfinisaning sevgi motivi atrofida tarixiy haqiqatlar
badiiy talqin etilib o‘zbek xalqining fidokorligi aks ettirilgan. Xalqimizning
qirq besh kunlik og‘ir kunni to‘ydek qarshi olishi, garchi bezgakdan
qiynalsada, kunduzi saraton issig‘ida tani kuyib, kechasi chivin azobidan
qashinib uxlay olmasada sabr qilishi, erkaklar qatori ayollarning ham jasorat
ko‘rsatishi, haq to‘lanib buzulishi kerak bo‘lgan yeri, tomorqasi, bog‘ini
“Hukumat bizga suv olib keladi-yu, arzimagan chorbog‘imizga pul olamizmi”,
deb, bu ham kamlik qilgandek, bittasi g‘unajinni, ikkitasi bittadan qo‘yni
880
so‘yib, uyini buzgan traktorchilarga yedirib yuborishi va yana qanchadan-
qancha shu kabi jonli tasvirlar orqali yozuvchi xalqning qanday ekanligini
o‘qirmanga ifodalab bera olgan. Romanga asos bo‘lgan voqelikning davlat
siyosati darajasida amalga oshirilganligi U. Yusupovning Stalin bilan telefon
suhbati orqali ham anglashimiz mumkin. Asarda keltirilgan majlis va
yig‘ilishlar tasviri orqali yozuvchi o‘zining muhim fikrlarini va davrning
dolzarb masalalarini yoritish bilan birga shu majlislarni qahramonlar taqdiri
bilan bog‘lagan holda uni o‘qiyotgan har bir kitobxonni asar muhitiga olib kira
olgan. Siyosiy va tarixiy faktlar asarga mohirona singdirilganligidan kitobxon
asarning hech bir joyida to‘xtamasdan o‘qiydi. Masalan, kanal qurilib bo‘lgach,
U. Yusupovning muxbirlar iltimosiga ko‘ra matbuot konferensiyasi o‘tkazishi
va bu konferensiyada Azizxon va Ikromjonlarning ham ishtirok etishi va u
yerdagi kanallar o‘rtasidagi qiyoslar haqidagi faktlar va qizg‘in savol-
javoblarni o‘qirman o‘zini Azizxonning yonida o‘tirib majlisda ishtirok
etayotgandek his qiladi. Yozuvchining yana bir mahorati kitobxonda tug‘ilishi
mumkin bo‘lgan har qanday savolga javobni asarning o‘zida aks ettira
olishida ko‘rinadi. Masalan, Butun dunyo tanigan kinorejissor Eyzenshteyn
hammadan ko‘p yer qazishda jonbozlik ko‘rsatgan Do‘stmatovga shunday
savol beradi: “…siz oddiy bir dehqon odamsiz. Hammadan ko‘p yer qazishga,
hammadan ko‘p tuproq tashib chiqishga sizni nima majbur qildi? Boshqalar
qatori kunlik topshiriqni bir me’yorda bajarib yuraversangiz bo‘lmasmidi?..”
Shu savolga Do‘stmatovning javobi kanalning xalq hayoti uchun qanchalik
zarurligi va kanalga bo‘lgan ehtiyoj bilan birgalikda qanchadan qancha
do‘stmatovlarning yuragidagi g‘urur, yonib turgan o‘tni ko‘rsatib bera olgan.
“…Ota-bobolarim Norin bo‘yida yashashgan. Butun umr yelkalaridan obkash
tushmagan. Eshikka yarim bo‘yra eni o‘sma ekkan bo‘lsalar shuni ham
obkashda suv tashib sug‘orishgan. Hammamiz daryo bo‘yiga tashna
yashaganmiz… Agar boshqalardan ko‘p ishlayotgan bo‘lsam, bu
sevinganimdan, bolalarimning rizqini o‘ylaganimdan, dalalarimga suv
chiqishiga quvonganimdan bo‘lsa, ajabmas. Mening-ku bitta jonim bor agar
881
o‘nta jonim bo‘lganida ham yurtga suv beraman deganga bag‘ishlavoraman…”
Azizxon, Esh polvon, O‘sar polvon va Ali polvonlar orqali yozuvchi polvonlar
hayoti, kurashdagi halollikni ham aks ettirgan. Kurashdagi bu tasvirlarni
Tog‘ay Murodning “Yulduzlar mangu yonadi” asarida ham uchratishimiz
mumkin. Ali polvonning Esh polvonga aytgan maslahati zamirida yozuvchi
Esh polvondek polvonning holdan toyishini kutib, so‘ng kurashga tushadigan
ayrim polvonlarga kurash qoidalarini uqtirib ham o‘tgan. “…Men hech qachon
arzon obro‘ olishga intilmaganman. Yengilishiga ko‘zim yetgan polvonning
belini tutmayman. Chog‘im kelmaydigani bilan bellashaman. Eshitganmisan:
osilsang baland dorga osil, degan gapni. Sen boshqa, men boshqa. Sen
polvonning holdan toyganini qidirasan. Men kuchga to‘lganini. …Charchagan
polvonni yiqitish mening taomilimda yo‘q…”Ali polvonning otasining
maslahati orqali o‘zbekona tarbiyaning bir ko‘rinishi ham aks ettirilgan. “Ey
nodon,ular sendan yiqiladigan anoyi polvonlardan emas, atayin yiqilib
berishgan. Azbaroyi oramizga bitta navqiron polvon kirsin, deganlaridan
shundoq qilishgan.” Trilogiyaning qismlarini Ikromjon Usmonov obrazi
o‘zaro bog‘lab turadi. Birinchi kitobda Ikromjon, Jannat xola va ularning
arzanda farzandi Tursunboy haqida kichik lavhalar keltirilgan bo‘lsa, ikkinchi
kitobda esa taqdir charxpalagining bir ko‘zasi oila boshiga singanligi aks
ettiriladi. Birinchi qismda Azizxon va Tursunboyning teng yosh ekanligi,
ikkalasi ham oilada bir farzand ekanligi tasvirlanib bir muhitda voyaga
yetganligi kontrast tarzda tasvirlanib, bu tasvir asarning oxirigacha davom
etgan. Birinchi qismning o‘zidayoq yozuvchi bolalarning o‘yin jarayonida
ularning taqdiriga ishora qilib, ikkinchi kitobdagi voqealar rivojiga urg‘u
berib qo‘ygan. “Ummatali bir kuni uyiga kelsa, Azizxon Tursunboyni ostonaga
yotqizib, qorniga “qilich” tirab, gapir xoin, deb do‘q uryapti.” Romanning
ikkinchi qismida bolalik o‘yinidagi xoin asl haqiqatga aylanadi va ikkinchi
qism syujeti shu motiv atrofida birlashtirilgan. “Hijron kunlarida” romanida
urush yillari xalqimizning boshiga kelgan fojealar, front ortidagi og‘ir mehnat,
qanchadan-qancha Do‘stmatovlardek polvonlarning uyiga qoraxat kelib aza
882
ochilsa, yana qanchadan-qancha Ikromjonlar yarim jon bo‘lib qaytishi,
qanchadan-qancha Karimjonlar garchi urush tugasada, qayta urushga
safarbar etilsada, qanchadan-qancha Xolmatjonlar o‘lgan buvisi nomidan
yozilgan xatlardan ilhomlanib urushda qahramonlik ko‘rsatishi,qanchadan-
qancha Nizomjonlar urushga ketganlarning o‘rnini bildirmay yangi yerlar
ochishi, qanchadan-qancha Dildorlarning hijron kechalarini o‘tkazishi,
qanchadan-qancha Asroralarning ayollik nafosatini erkaklardek shijoatga
almashuvi … aks ettirilgan. Bu tasvirlar orasidan Ikromjon va Jannat xolaning
hayot yo‘li o‘zgacha mehr bilan yoritilgan. Ular to‘qqiz farzandning ota-onasi
edi. Ammo ularning taqdiriga bitilgani faqatgina Tursunboy edi. Shu
sababdan bolani shunday tarbiya qilishdiki, bir og‘iz yomon so‘z aytishsa,
xuddi bolasidan ayrilib qoladigandek, qo‘rqib, ko‘zlaridagi qorachiqdek
asrashdi. Ammo oqibatda oson hayotga ko‘nikkan bola qiyin kundan oson yo‘l
bilan chiqmoqchi bo‘lib, dunyoni o‘z qarichi bilan o‘lchadi. Bu qarich aksincha
uning o‘z hayotini o‘lchagan edi. “Zirillama qishlog‘i bu tong uch voqeaning
shohidi bo‘lib uyg‘ondi: Azizxon Sovet Ittifoqi Qahramoni, Tursunboy qochoq,
o‘ttiz xo‘jalik naymanga ko‘chadi. Ikromjon bolasini mard bo‘ladi deb o‘ylardi,
yuzini yerga qaratadi deb hech o‘ylamagan edi. U Tursunboyni shunchalar
yaxshi ko‘rar ediki, Tursunboy uning ko‘rar ko‘zi edi. Hatto oyog‘ini
kesayotganda ham bolasini o‘ylagan, o‘z jonini unutgan ota edi. “Qirt-qirt
kesyaptiyamki, tentak Tursunboyim ko‘zimga ko‘rinadi. Xuddi meni kimga
tashlab ketyapsan, deyayotganga o‘xshayveradi. Yo‘q yolg‘izimning toleyiga
o‘lmadim omon qoldim.” Ammo Tursunboyning qochoq ekanligini eshitishi
uning butun otalik mehrini qahrga aylantirdi. Hatto “Bunaqa o‘g‘lim yo‘q!
Befarzand odamman!” deya farzandidan kechdi. Yor-do‘stlarining yuziga
qarolmay qoldi. Uy ostonasidan hatlab ko‘chaga chiqolmay qoldi. Hatto
oshxona devoriga Tursunboyning loy chaplaganidan qolgan besh panjasining
izini ham buzib, uning izini ham o‘z uyidan sidirib tashladi. Ammo alami
bosilmaganidan sandal ustida turgan Tursunboyning suratiga yig‘lagancha
tikilib, suratning yuz tomoni bilan yog‘och oyog‘ining tizzasiga bir urib oynali
883
ramkani chil-chil sindirdi. Uning ichki iztirobini yozuvchi shunday mahorat
bilan ta’riflaganki, kitobxon bu tuyg‘uni o‘z vujudida his qila oladi. “Sen uchun,
sen uchun yaramas bola! Sen juvonmargni bolaligingda akalaring qatori dard
olib ketsa bo‘lmasmidi! Seni opichlab ko‘targan otangning bellari qarsillab
sinib ketsa bo‘lmasmidi! Qandoq qiladi, qandoq qiladi. Endi qandoq yashaydi!
Sen juvormargni yaxshi yashasin, deb urush ko‘chalariga bir oyog‘ini tashlab
keldi! Laxta-laxta qon yutdi. Muzlar ustida emaklab dushmanning yelkasidan
bo‘g‘di! Sen juvonmarg tug‘ilgan kuningdan boshlab nimaiki qilgan bo‘lsa
hammasi sen uchun, seni odam qilish uchun urindi. Har bir tomchi peshona
teri sen juvonmargning baxting bo‘larmikan deb qilindi. Mana
mehnatlarining mukofoti! Ikromjon ich-ichidan, ovozini chiqarmay yig‘lardi.
Yig‘lardi-yu bu bedavo darddan qutulish yo‘lini izlardi. Bu yo‘l unga
naymanga ko‘chishdek bo‘lib ko‘rindi. Qancha o‘zini ish band etishga harakat
qilmasin, Ikromjonning yuragi kuyardi. “Ota o‘z bolasini ming marta oq
qilganda ham yuragining bir chekkasida shu bolaga atab ardoqlagan, uning
kamolini ko‘rishga asragan mehrning zarralari yotadi. Bu zarralar vaqti-vaqti
bilan alanga olib, yana so‘nadi. Hozir Ikromjon yigirma bir yil qalbidan nari
ketkizmagan, har bir daqiqasi katta umidlar va’da qilgan niyatlari bilan
keyingi bir hafta orasida bolasini olislarga olib ketgan, porloq niyatlarini
kuydirib jizg‘anak qilgan hodisalar orasida o‘rtanardi. Ikromjonni bir narsa
ko‘proq qiynardi.
Nega shunday bo‘ldi? Nega uning bolasi qo‘rqoq chiqdi?
U o‘ylab-o‘ylab o‘yiga yetolmasdi.
Yemay yedirdi, kiymay kiydirdi…
Ikromjonning birdan ko‘zlari ochilib ketdi.
Ha, ha hamma gap ana shunda. Qo‘lini sovuq suvga urdirmadi. Og‘ir ish
qildirmadi. Yig‘laganda qo‘shilib yig‘ladi. Kalishini ham yuvib qo‘yardi. Kasal
paytida ham uni tayloqdek qilib opichib yurardi. Betini yuvganda o‘zi suv
qo‘yib turardi…
Ikromjon peshonasiga shatillatib bir tushirdi.
884
Jazangni tort, jazangni tort, Ikrom. Uni o‘zing shu ko‘yga solding. Endi
ming yig‘la befoyda. Senga bu jazo kam!
Ikromjon o‘g‘lining shu ko‘yga tushishini sira o‘zidan ko‘rmagan edi.
Endi bunga iqror bo‘ldi. Iqror bo‘ldi-yu, alamiga chidolmay ingrab yubordi.
Shunday iztiroblar girdobida qolgan kishini hech narsa bilan yupatib
bo‘lmaydi.”
Oppoq bo‘lib otayotgan bir tongda ota o‘z bolasini o‘limda hukm qildi.
Boshiga shuncha falokatlarni solgan nomard bola qani endi shu topda oldida
bo‘lsa… O‘ldirardi! Qariligini harom qilgan, dunyoni ko‘ziga qorong‘u qilgan
bolaning bahridan o‘tardi! U qanday bola boqdi o‘zi? O‘z boshiga balo qilib
bola boqdi. Endi uni qo‘liga tushgan kuni it bolasidek o‘ldiradi. Shunday bo‘ldi
ham, Ikromjon Tursunboyni to‘qayda uchratdi. Uchratdi-yu shuncha qahr
o‘rnini yana otalik mehri egalladi. Ikromjon bora solib uning bo‘yniga osildi.
Ammo onasining o‘limini to‘qaydagi bo‘ridek kuzatib turganini eshitgan
Ikromjon ortiq chiday olmay qarshisida o‘tirgan bolasini yagona oyog‘i bilan
tepib yubordi. Shu kungacha yuragini tirnayotgan, yig‘ilib ketgan so‘zlarni
(xoin, qochoq, nomard, hezalak, iflos, it) aytishiga qaramasdan, uni insofga
chorlamoqchi bo‘ladi. Bu ham otalik mehrini ko‘rsatadi. Ayniqsa tepkini
bosgach hamon qamishlarni qayirib chopib ketayotgan o‘g‘lini ko‘rgach
“Xayriyat, tegmabdi” deyishi, oradan vaqt o‘tib uni “bolam, bolam” deya
qidirishidan kitobxon Ikromjonning qahri otalik mehri bilan aralashib uni o‘zi
anglamagan holda ko‘ngil buyrug‘i bilan ish tutayotganligini tushunadi. Said
Ahmad shu o‘rinda qochoqning taqdirini o‘z qalam bilan yorqin aks ettirgan.
U “… ota diyoridan, ona mehridan, yor-birodarlari davrasidan olisda, chaqirsa
ovoz yetadigan joyda quvg‘in bo‘lib, olamdan o‘tadi.” Bu ham kamlik
qilgandek uning qabrini o‘t-alangalarda qoldirdi. Shu o‘rinda Ikromjon va
Jannat xolaning o‘zaro munosabati, bir-birini avaylashi zamonaviy
adabiyotimiz namoyondasi U. Hamdamning “Ota” romanidagi Po‘latjon va
Yog‘dularning ham bir-birini asrashiga qiyoslasa bo‘ladi. Yana o‘xshash jihati
shundaki, Ikromjon va Po‘latjonlarning otalik mehri bir-biridan qolishmaydi.
885
Ammo Ikromjonning irodasi o‘z farzandini o‘ldirishga yetmadi. Po‘latjonda
aksincha. U. Hamdamning “Ota “ romanida tasavvufiy ramzlar
yashiringandek. Jaloliddin Rumiy “Ichingdagi ichingdadir” asarida
mohiyatdan so‘z ochib quyidagi savol-javobni keltiradi:
Dediki: Onangni nechun o‘ldirding?
Dedi: Unga yarashmagan bir ishni ko‘rdim.
Dediki: Ammo onangni emas, yeti yot begonani o‘ldirsang bo‘lmasmidi?
Dedi: Har kuni bittadan o‘ldiraymi?
Mavlono bu yerda qilmishlarni berkitish emas, barchasiga asos nafsni
(onani) jilovlash kerakligini uqtiradi.
Po‘lat ota o‘z qizi Sevinchni o‘ldirgach, asarning hech bir o‘rnida qilgan
ishidan afsuslanishni his qilmaydi, toki Yodgorni nikoh bilan tug‘ilganini
eshitmaguncha.
“Ufq” romanida yozuvchi har bir qahramonga ma’lum bir vazifa
yuklagan. Masalan, har gapiga maqol yoki matal qo‘shib gapiradigan
To‘lanboyga xalq og‘zaki ijodi durdonalarini vaziyatga moslab aytish
yuklatilgan. Yozuvchi qiyoslash-zidlash usulidan unumli foydalana olgan.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, Tursunboy va Azizxonni qiyoslagan bo‘lsa, asar
davomida A’zamjon va Xolmatjonlarning manmanlik va kamtarlik fazilatlari,
bir o‘rinda Ikromjonning farzand dog‘iga kuyishi-yu, shunday bo‘lsada
xalqiga qo‘lidan kelgancha yordam berib, hatto uyini bog‘cha qilishga ruxsat
berishi, Inoyat (Jinoyat) oqsoqolning esa farzandini oq qilishi, xalqning og‘ir
kunidan foydalanib, arzon narxda narsalarni sotib olib, dunyo boyligiga uchib,
o‘zligini unutishi kabi tasvirlar orqali qora rang bo‘lmasa oq rangni his qilib
bo‘lmasligini anglagan yozuvchi hayotning oq va qora tomonlarini kitobxonga
yaqqol aks ettira olgan. Ikromjonni yengilmaslik timsolida tasvirlagan
yozuvchi asarning oxirida ham uning matonatini ko‘rsatib bera olgan. “O‘lish
oson, o‘lib ketish oson. Yashash qiyin. O‘lish nomardning ham qo‘lidan keladi.
Mard yashaydi... Ufqni naymanga olib kelamiz. Yo‘q, yo‘q naymanni ufqqa olib
boramiz.” Hatto uning oxirgi so‘zlarida ham, yashashga, yasharishga,
886
yangilikka intilish borligi har bir kitobxonga vasiyatdek bo‘lib qolgan. “Endi
sen Ikromjon bo‘lib yasha! Hayotdan Ikromjonning haqini ol!” deya uni yangi
marralarga chorlayveradi…
Do'stlaringiz bilan baham: |