O'2bek tilining imo qoidalari va soha egalarining savodxonligi. "Til bilgan
El biladi" mavzusida ijodiy matn varatish
Bajardi: Ijtimoiy fanlar fakulteti
II kurs, IV semester
Amaliy psixologiya yonalishi talabasi
Fayzullayeva Nilufar
Qabul qildi: O'zbek tilshunosligi kafedrasi o'qituvchisi Topildiyeva F.R. va Abdusagatova F.X.
.Til bilgan – el biladi
Har bir millatning o`ziga xos udumlari, qadriyatlari, bayramlari bo`lganidek, o`z tili ham bor. Shu millatlarning aholisi bir-biriga o`zaro til orqali fikrini bayon etadi va gaplashadi. Fikr almashish ya`ni tafakkur uchun ham eng asosiy qurol – til hisoblanadi. Tafakkur va til bir-biri bilan chambarchas bog`liq ijtimoiy hodisadir. Inson nutqi, til vositalari bo`lmasa, fikrlash ham gumon. Qisqacha qilib aytganda, til va tafakkur doimo bir-birini taqozo qiladi, bir-birining yashashi va rivojlanishiga ham yordam beradi. Shuning uchun ham til jamiyatdagi eng muhim vositalardan biridir. Har bir mustaqil davlatning o`z tili bor. Davlat tili haqida esa har bir davlatning Konstitutsiyasida aytib o`tilgan. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4- moddasida “ O`zbekiston Respublikasining davlat tili o`zbek tilidir”, - deb belgilab qo`yilgan. Bundan tashqari, Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug`aniyevich Karimov 1989-yil 21-oktabrda o`zbek tiliga davlat tili maqomini bergan edilar. Xuddi shu yildan e`tiboran, har yili 21-oktabrda “ Til bayrami” keng nishonlanadigan bo`ldi. Birinchi Prezidentimiz til haqida o`zlarining “ Yuksak ma`naviyat – yengilmas kuch” asarlarida shunday xitob qiladilar: “ Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir”. Til haqida yana ko`pgina shoir va yozuvchilar ham o`z fikrlarini bayon etganlar:
_ Til fikrni yaratuvchi organdir. Aqliy faoliyat va til yaxlit butunlikni tashkil etadi. ( V. Fon Gumbolt)
_ So`zlash qobiliyati – hodisalar ichiga kirishning yagona va bebaho vositasi. Ushbu fikrlarni L.N. Tolstoy aytib o`tgan. Til tufayli eng qadimgi ma`lumotlarga ega bo`lamiz, hatto kelgusiga oid ma`lumotlarni olamiz. Til tufayli sezgi a`zolarimiz bilan bilib bo`lmaydigan narsalarni ham o`rganamiz. Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek: “ Ko`ngil mahzanining qulfi til va ul mahzanning kalitin so`z bil”.
Hayotda o`z ona tilini bilmaydigan, sevmaydigan, uni qadrlamaydigan inson bo`lmasa kerak. Chunki har bir inson o`z tilini sevadi, uni asraydi, avaylaydi. Barchamiz ilk marotaba onajonlarimizdan alla eshitamiz. Xuddi shu payt quloqlarimiz ostida ona tilimiz jaranglaydi. Har bir inson o`z ona tiliga ulkan mehr qo`yadi. Hattoki, shoir, yozuvchilarimiz ham o`z ona tillarini boyitishga qo`llaridan kelgunicha harakat qiladilar. Abdulla Oripov aytganidek, Sohibqiron Amir Temur tig`i bilan olomagan joyni Alisher Navoiy qalam bilan tilga oladi. Alisher Navoiy ona tilimizning bizgacha yetib kelishi, uning yo`qolib ketmasligi uchun ulkan hissa qo`shgan. Hozirgi o`zbek adabiyotida ham til haqida yozilgan she`r va asarlar behisob. Abdulla Oripov, ayniqsa, ona tilini yuksaklarga ko`targan va shunday bir she`r yozgan:
Ona tilim sen borsan, shaksiz
Bulbul kuyin she`rga solaman.
Sen yo`qolgan kuning, shubhasiz
Men ham to`ti bo`lib qolaman.
Xurshid Davron esa insonlarni o`z tilini unutmaslikka chorlaydi:
O`z tilini unutgan xalqning
Bog`larida o`sgan gullarin
Chirmab olar zaharli ilon
O`z tilini unutgan xalqning
Osmonida porlamas quyosh –
Nur o`rniga to`kiladi tosh.
Har birimiz ona tilimizga hurmat bajo keltirib, uning yuksalishi uchun o`z hissamizni qo`shishimiz kerak.
Inson faqatgina ona tili bilan kifoyatlanib qolmaydi. Iloji boricha til o`rganishga harakat qiladi. Til bilgan inson, hech qachon xor bo`lmaydi. Nafaqat xor bo`lmaydi, balki insonlar orasida o`z o`riga ega bo`ladi, ishlari o`ngidan keladi. Mamlakatimiz ravnaq topayotgan bir paytda til o`rganish ustuvor masalalardan biriga aylandi. Chunki har bir soha vakillari uchun chet tilini bilish shartdir. Misol qilib aytadigan bo`lsak, shifokorlik kasbi – o`ta murakkab kasb. Ular inson salomatligi, uning hayoti bilan shug`ullanishadi. Birgina xato qo`yilgan tashxis u insonning o`limiga sabab bo`lishi mumkin. Shifokorlar ingliz yoki rus tilini bilmasa, bu tillardagi nodir qo`lyozmalardan foydalana olishmaydi yoki chet eldagi hamkasblari bilan tajriba almasha olmaydi. Qarabsizki, shifokorlar qancha bilim-u tajribadan xabarsiz qolishadi. O`qituvchilar ham chet tilini bilishi kerak. Chunki o`quvchiga o`rgan deyishdan oldin o`zi o`rganib, o`quvchiga o`rnak bo`lishi kerak. Bugungi kunda o`qituvchining obro`si oshdi, o`qituvchiga bo`lgan hurmat yanada kuchaydi. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan o`qituvchilarga juda keng imkoniyatlar, sharoitlar yaratib berildi. Bunday imkoniyatlardan foydalanmaslik bu –nomardning ishi deb o`ylayman. Bugungi tahlikali zamonda, butun dunyoga rahna solayotgan koronavirus balosi tufayli bizning jonajon yurtimizda ham karantin davri davom etmoqda. Shunday bo`lishiga qaramay, maktablarda, oliy o`quv yurtlarida o`quv jarayoni davom etmoqda. Darslar online, masofadan olib borilmoqda. Maktab o`quvchilari va o`qituvchilari, jamiki ta`lim sohasi vakillari uchun turli xil tanlovlar e`lon qilingan. Bunday tanlovlarning tashkil etilishidan maqsad esa talaba- yoshlarning bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazish hamda o`z iqtidorini namoyon qilishga imkoniyat yaratishdir. Darhaqiqat, bizning uyda qolishimiz yurtimiz tinchligi va ravnaqi uchun foyda keltiradigan bir paytda uyda qolib foydali va kerakli mashg`ulot bilan foydalansak, bu o`zimiz uchun ham, yurtimiz uchun ham ayni muddao bo`lardi. Shunday ekan til o`rganib, bilimimizni boyitaylik va vaqtimizni mazmunli o`tkazaylik! Xulosa o`rnida ma`rifatparvar bobomiz Avaz O`tarning “ Til” g`azalini keltirmoqchiman. Zero, “ Til bilgan – el biladi”. Ushbu g`azal ham kelajak avlodni til o`rganishga undaydi.
Har tilni biluv emdi bani odama jondur,
Til vositai robitai olamiyondur.
G`ayri tilni sa`y qiling bilgani yoshlar,
Kim ilm-u hunarlar bilonki ondin ayondur.
Do'stlaringiz bilan baham: |