Homila ichi rivojlanish davri
Bu davrga tez o'sish va ona organizmi hisobiga oziqlanish xarakterlidir. Birinchi 2 oylikni o'z ichiga olgan embrional rivojlanish fazasida organlarning barpo bo'lishi, homilaning shakllanishi va homila qobiqlarining - suvli (amnion), tukli (xorion), sariq pufak va allakteksning rivojlanishi kuzatiladi. Oziq moddalar bilan ta'minlanish sariqlik pufagi ichidan o'tuvchi tomirlar orqali bajariladi. Bu sariqlikdagi qon aylanish deyiladi. Oziq moddalar zahirasi bu yerda ko'p emas va juda tezda yo’qoladi, bu oziqlanish o'rnini yo'ldosh (plasenta) qon aylanishi oladi.
Birinchi oyning oxirida embrion uzunligi 1 sm, vazni 1 grammga teng bo’ladi. Ikkinchi oyning oxiriga kelib, embrion uzunligi 4 smga, vazni 5 grammga oshadi. Birinchi 2 oylikda embrion tashqi ko'rinishi xayvon embrionidan farqlanmaydi, lekin 2-chi oyning oxirida boshchasi aniq bilinadi va homila uzunligining 1/2 ni tashkil qiladi, avval burun, lablari, jag', ko'zlari hosil bo’ladi. Oyo´q - qo'llarida kaftlarni farqlash mumkin va barmoqlarning bilinar - bilinmas shakllanishi kuzatiladi. Embrional davrning oxiriga kelib, homila o'zining tashqi ko'rinishidan odam qiyofasini eslatadi va homila nomini oladi.
3 oylikdan boshlab homila o'sadi, ona organizmidan yo'ldosh orqali olayotgan ozuqa moddalar va kislorod hisobiga rivojlanadi. Yo'ldosh, homila uchun muhim, hayoti uchun kerakli organdir. Yo'ldosh orsali ozuqa moddalarni yetarli darajada kelmasligi homilaning normal o'sish va rivojiga ta'sir ko'rsatadi. Shuningdek, yo'ldoshda gaz almashuvining buzilishi ona va homilaning holatiga ta'sir qiladi. Misol uchun, homiladorlikda anemiya, isitma holatlari, shuningdek o'pka to'qimasi funksiyasi pasayishi kasalligi (pnevmoniya) oksidlanish jarayoni va normal gaz almashinuvi buzilishiga sabab bo’ladi, bu esa homilada rivojlanishni buzilishiga olib keladi, homila ichi asfiksiyasiga va homila nobud bo'lishiga sabab bo’ladi.
Uchinchi oyning oxiriga kelib, homila uzunligi 8 - 9 sm, vazni 20 - 25 grammga yetadi. Oyog- qo'l barmoqlari aniq farqlanadi, tashqi jinsiy a'zolar bilinadi.
To'rtinchi oyning oxirida homila 15 - 16 smga, vazni 100 - 120 grammga kattalashadi, homilaning jinsi aniq bilinadi. 4 oylikda kalla suyagi shakllana boshlaydi. Oyog - qo'llarida aktiv harakatlar paydo bo’ladi, 4-5 oyligidan boshlab, harakatlar kuchli bo’ladi, onasi sezadi - bu homilaning birinchi harakati deyiladi. Teri osti yog' qatlami bu vaqtda hali bo'lmaydi, terisi yupqa, tiniq, mushak va tomirlar teridan bilinib turadi. Homila ichagida birinchi najas - mekoniy to'plana boshlaydi.
Beshinchi oyning oxiriga kelib, homila uzunligi 25 sm, vazni ortacha 300 grammga yetadi. Bu vaqtda boshida sochlar va tanasida tukchalar paydo bo’ladi. Yog to'planishi boshlanadi va asosan bo'yin va dumbada teri osti yog' qavati hosil bo’ladi. Yog' bezlari faoliyati boshlanadi va homila terisi asta - sekin yog'simon qoplamga ega bo’ladi. Ona qorni devori orqali homila yurak urishini eshitish mumkin.
Homiladorlikning oltinchi oyi oxiriga kelib, homila uzunligi 30 sm, vazni 600 - 700 grammga yetadi. Agar homila bu muddatda tirik tug'ilsa, oyog - qo'llari harakatlanadi, lekin tezda nobud bo’ladi. Ba'zi hollarda 750 - 800 gramm vaznda chala tug'ilgan chaqaloqlar yaxshi muhit, alohida parvarish bo'lsa yashashi mumkin.
Homiladorlikning yettinchi oyi oxirida homila uzunligi 35 sm, vazni 1200 grammga yetadi. Terisi xali bujmaygan, homila ko'rinishi qariyaga o'xshaydi. Bu muddatda homila tirik tug'ilishi mumkin, nafas oladi va sekin ovozda yig'laydi. Bu yoshda homila yashashi mumkin, lekin yaxshi rivojlanmaganligi sababli, tashqi muhitga moslashinishi qiyin, alohida parvarish qilinishiga qaramasdan, homilaning ko'pchiligi nobud bo´ladi.
Sakkizinchi oyning oxiriga kelib, homila uzunligi 40 sm vazni - 1800 g - 2100g. Bu oyda tug'ilgan homila chala bo'lishiga haramay, yaxshi parvarish qilinsa yashaydi.
To'qqizinchi oyning oxirida homila uzunligi 45 sm, vazni 2500 g. O'ninchi oyning oxiriga kelib, homila yetuk, bo'yi 48-52 sm, vazni 3200-3600 g. Bosh aylanasi 33-34 sm, ko'krak aylanasi 32-33 sm, teri osti qatlamining yaxshi rivojlanishi hisobiga, teri bujmayishi yo'qoladi va homila qariya ko'rinishini yo'qotadi. Qizg'ish rangdagi teri oqaradi va pushti - qizil yoki pushti rangda bo’ladi. Yelkada, ko'kragining yuqori qismida tuklar saqlanadi.
Boshining balandligi tana uzunligining ¼ qismini tashkil qiladi. Homila ichi rivojlanishida tana vazni 6,000 marta (0,6 mg dan 3500 g gacha), tana uzunligi esa 5000 marta (0,1mm dan 50 sm gacha) ko'payadi. Homilaning to'g'ri rivojlanishiga onaning sog'ligi, ovqatlanishi, hayoti, ruhiy va jismoniy zo'riqshi, homiladorlik kechish davri, homiladorlik toksikozi ona va bola rezus - omili mos kelmasligi ta'sir qiladi.
Embrionning nuqsonlari homiladorlikning birinchi 3 oyligiga rivojlanadi, bu embrional rivojlanish fazasiga to'g'ri keladi va embriomutasiya deyiladi.
Embriomutasiya infeksiya ta'sirida, oziqlanishning buzilishi, moddalar almashinuvi buzilishi, immun jarayonlar gipoksiyasi, nurlanish ta'sirida vujudga keladi. Misol, ona homiladorlikning birinchi uch oyligida virusli infeksiya bilan kasallansa, masalan qizilcha, u xolda embrionda tug'ma nuqsonlar paydo bo’ladi. Bola qorinchalararo va bo'lmachalararo to'siqning nuqsoni, ichki quloq zararlanishi va sut tishlari shakllanishi nuqsoni bilan tug'iladi.
Homila ichi rivojlanishining 4-oyligidan boshlab, homilaning kasalligi fetopatiya deb ataladi. Fetopatiya nasliy bo'lishi mumkin.
Orttirilgan fetopatiyada patogen agentlar bevosita homilaga ta'sir ko'rsatadi yoki yo'ldoshni zararlaydi, homila nobud bo'lishiga olib keladi, homila gipoksiyasi yoki muddatidan oldin tug'ruqqa sabab bo’ladi. Infeksion fetopatiyalar vujudga kelishiga suv chechak virusi, Koksaki, bakteriyalar sabab bo’ladi. Nasliy fetopatiyalarga mukovissidoz, fibroelastoz va boshqalar kiradi. Barcha homila ichi kasalliklari, embrio va fetopatiyalar ham, kimotopatiyalar deb ataladi.
Homilaning to'g'ri rivojlanishi uchun tuqruqgacha (antenatal) davrda homilani muhofaza qilish katta ahamiyatga ega. Umuman ayollar sog'liqini muhofaza qilishga to'g'ri keladi. Shunday qilib, homila ichi rivojlanish davrida bir qancha profilaktik tadbirlar qo'llanilishi mumkin. Natijada homiladorlik normal o'tgan sog'lom ayoldan 10 - oylikning oxirida sog'lom yetuk bola tug'iladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |