BUYRAK VA SIYDIK AYIRUV YO’LLARI KASALLIKILARI BILAN KASALLANGAN BEMORLARNING PARVARISHI VA ULARNING NAZORATI
Nefrologiya (yunoncha nephros - buyrak, logos – ta’limot) ichki kasallilar bo’limi bo’lib, buyrak kasalliklari etiologiyasi, patogenezi va klinikasi, tashxislash usullari, davolash va profilaktikasini o’rganadi. Urologiya (yunoncha uron- siydik, logos-ta’limot) siydik ayiruv tizimi (erkaklarda – jinsiy a’zolar) xirurgik kasallilarini o’rganadi.
Buyrak va siydik chiqaruv nayi kasalliklari bilan kasallangan bemorlarning parvarishi va nazorati 2 yo’nalishda olib boriladi.
Umumiy chora-tadbirlar – turli a’zolar va tizimlar kasalliklari bilan og’rigan bemorlarni ko’zdan kechirish va tekshirish: bemorni umumiy ko’zdan kechirish, termometriya, puls va arteriya bosimini tekshirish, harorat varaqasini to’ldirish, bemor shaxsiy gigiyenasi va boshqalar.
Maxsus chora-tadbirlar – siydik ayiruv a’zolari kasalliklardagi simptomlar asosida tekshirish va ko’zdan kechirish: shish, beldagi og’riq, arterial gipertenziya va boshqalar.
Buyrak va siydik yo'llalari kasalliklari bilan og`rigan bemorlarni kuzatish ehtiyotkorlik va muntazam parvarishlashni talab qiladi. Qachonki bemorning: siydik rangi o'zgarishi, qon bosimining ko’tarilishi, dispeptik buzilishlar sodir bo’lganda, umumiy ahvoli yomonlashganda darhol shifokorga xabar berish kerak bo’ladi.
Buyraklar asosiy vazifasi – ajratish. Buyraklar organizmdan siydik, suvda erigan tuz, metabolizm mahsulotlarini ajratadi (xususan, protein metabolizm mahsulotlari – “azot-qoldig`I” bo'ladi). Bundan tashqari, buyraklar oqsillar, uglevodlar va yog'lar almashinuv jarayonlarida, gemodinamikani tartibga solishda ishtirok etadigan biologik faol moddalar (eritropoietin, renin, prostaglandinlar va boshqalar) ishlab chiqaradi.
Har 5-10 minutda buyraklar orqali tanamizdagi barcha qon oqib o'tadi, sutkada buyraklarda 1000 litr gacha qon aylanadi. Buyrakdagi siydik doimiy asta-sekinlik bilan siydik pufagida to`planadi. Keng ma'noda, "diurez" so’zi siydik shakllanishi va siydik ajratish ma’nosini bildiradi, lekin u ko'pincha siydik chiqishi miqdorini tavsiflash uchun ishlatiladi (yunoncha diureo - siydik ajratmoq). Kun davomida ajratiladigan umumiy siydik miqdori sutkalik diurez deyiladi. Bir daqiqadagi o’rtacha diurez minutlik diurez deyiladi ( bu buyrak funksiyasini ifodalaydi ). Katta yoshli odamlarda siydik ajratish kundalik miqdori odatda, qabul qilingan suyuqlikning 50-80% ini tashkil qiladi, ya’ni 1000 dan 2000 ml orasida o'zgarib turadi. Suyuqlikning qolgan hajmi teri orqali (300-400 ml / kuniga) o`pka orqali (300-400 mlgacha, jismoniy zo’riqish paytida 500 ml gacha) ajraladi. Ichaklar orqali 100 ml gacha suyuqlik ajraladi. Jismoniy, og`ir ish bajarganda va issiq havoda haddan tashqari terlash, qayt qilish, ich ketishi paytida siydik ajralishi kamayadi va aksincha, ko’p suyuqlik qabul qilinganda siydik ajralishi ko’payadi.
Buyrak va siydik yo'llari kasalliklari bilan og`rigan bemorlarda turli xil shikoyotlar kuzatiladi. Bunda bel sohasida shish, dizuriya, og'riq, siydik ajralishini buzilishi, qon bosimini oshishi kabi alomatlar nisbatan ko’p kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |