Tez o‘qish san’ati o‘quvchilarda qanday shakllantiriladi?
O‘qish va yozish malakasini o‘zlashtirish maktabga endi kelgan o‘quvchi uchun murakkab jarayon. Ayni davrda ayrim bolalar muvaffaqiyatli o‘qishni uddalashsa, ba’zilari qiynaladi. Ayniqsa, alifboni o‘rganib bo‘lgan bola bo‘g‘inlarni qo‘shib o‘qish mashaqqatini yengib o‘tishdek muammoga duch keladi. Bola matnni sekin o‘qiganidan nima o‘qiganini tushunmaydi. U asosiy fikrlarini jamlashga qiynalgani uchun savollarga javob berolmaydi. Shu bois matnni ko‘p marta (uyga vazifa sifatida bitta matnni 20 marta o‘qib kelish buyuriladi) o‘qishga majburlaymiz. Natijada bola uyga vazifani soatlab bajarib charchaydi va qo‘liga kitob olishni istamay qoladi.
Xo‘sh, bolada tez o‘qish malakalarini qanday hosil qilish mumkin?
Avvalo, ravon o‘qishini talab etishdan o‘zingizni tiying. Aksincha, kichik va sodda matnlarni o‘qib eshittirib, diqqat va xotirani, nutqini rivojlantiring. Tez o‘qish bu nafaqat matnni o‘qish tezligi, balki idrok etish, tushunish hamdir. Tez o‘qishga tayyorlanish bola maktabga borishdan ancha oldin boshlanishi lozim. O‘qish ko‘nikmalarini rivojlantirish o‘qish tezligini oshirishdagi birinchi talabdir. Bola o‘qiyotgan matni mazmuniga tushunsa, so‘zlarni xato o‘qishdek muammoga duch kelmaydi. Bu uchun oddiy texnikalar mavjud. Tez o‘qishga o‘rgatuvchi mashqlardan foydalanar ekanmiz, bu o‘quvchining nafaqat o‘qish qobilyatini oshirish, balki xotira, diqqat, tafakkuri, xayol va nutqini rivojlantirishga imkon berishini tajribada kuzatdik.
1-mashqda bola o‘rtaga qarab yonidagi sonlarni ham ko‘ra olishga o‘rgatiladi. Bunda asta-sekin tezlik bilan bajarish talab qilinadi, katakchalar va sonlar ko‘paytirilishi mumkin. Keyingi mashqlarimizdan yana biri klenovid jadvali hisoblanib, bola ko‘z bilan ikki chetdagi sonlarni o‘qib keta olishi kerak. Mashqlar bola yoshiga mos ravishda murakkablashtirib boriladi. Bundan tashqari, ko‘plab qiziqarli, yangi mashqlarimiz borki, ular orqali o‘quvchining diqqat va xotirasi tez rivojlantirilib boriladi.
Metodikamiz O‘zbekistonda ilk bor sinovdan o‘tkazildi. Natijalarimiz quvonarli. O‘quvchilarimiz hozir 1000–1200 ta so‘zdan(1 minutda) o‘qib, ma’nosini so‘zlab bera olyaptilar, matnni tushunish 95–98 foiz.
Tez o‘qish bizga nimalarni beradi?
1. O‘qish tezligini oshiradi.
2. Matnni anglash darajasi ortadi.
3. Eslab qolish imkonini rivojlantiradi.
4. Xotirani mustahkamlaydi.
5. Qabul qilish tezligi ortadi.
6. Diqqatni jamlaydi.
7. Kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshiradi.
8. Vaqtni tejaydi.
O‘qish tezligini oshirish uchun oddiy texnikalar mavjud. Masalan, tekshirish usuli. Bunda bola matnni batafsil aytib berishi kerak. Matn elementlarini qo‘shish orqali vazifani murakkablashtirish mumkin. Matnga oid savollar ham yordam beradi.
Semantik taxmin qilish usulida muallif nima demoqchi ekanligini tushunish, har doim ham matnni boshidan oxirigacha o‘qish shart emas. Jismoniy mashqlar sifatida bolalardan yo‘qolgan harflarni, teskari so‘zlarni tiklashlarini so‘rang. Bo‘g‘inlarni tez o‘qish va ularni bir-biriga qo‘shib, so‘zni hosil qilishda ochiq va yopiq bo‘g‘inlar ketma-ketligini takror o‘qitish texnikasi ham unumli sanaladi. Bunda o‘quvchi avvalo bog‘inlarni to‘g‘ri va tez o‘qiydi. Shundan keyin so‘zlarni va matnni tez o‘qishga o‘rganadi.
Tarixga yuzlanadigan bo‘lsak, Abu Rayhon Beruniy matematikaga oid 22 ta, astronomiya asboblariga oid 10 ta, astrologik asboblarga oid 21 ta, turli fanlarga oid 38 ta kitob yozgan. 21 ta kitobni tarjima qilgan. Astronomik izlanishlarni 16 yoshida boshlagan. Tibbiyotga oid kitoblarida dorivor giyohlar nomini 30 tilga tarjima qilib yozib qoldirgan. Allomalarimiz bu qadar ko‘p ilmiy meros qoldirish uchun qancha kitob mutolaa qilgan deb o‘ylaysiz? Ha, ular juda ko‘p kitob o‘qishgan va ma’lumotlarni katta tezlikda qabul qilishni uddalashgan.
XIX–XX asrda yashab o‘tgan ko‘plab ilm-fan namoyandalari ham tez o‘qish san’atidan boxabar bo‘lganligini tarixiy dalillar isbotlab turibdi.
Masalan, Maksim Gorkiy ham shunday qobiliyat egasi bo‘lgan. S.Nobikov o‘z xotiralarida shunday deydi: “Maksim qo‘lidagi jurnalga qarardi-da, tepadan pastga qarab ko‘z yugurtirib chiqardi. Birozdan keyin navbatdagi sahifaga o‘tardi va bu harakatini bir necha soniya davom ettirardi. Ko‘z oldimda bir necha daqiqa ichida jurnalni yopib qo‘yardi.
AQSH prezidenti Ruzvelt ham ertalab uyqudan turib nonushtaga qadar bitta kitobni o‘qib tamomlardi. Bu ro‘yxat ko‘plab mutolaa san’atkorlarini o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda farzandlarimiz o‘z bobolariga xos bo‘lgan ilm-ma’rifat yo‘lidan borishlari uchun bugundan kitobga, mutolaaga muhabbat ruhida tarbiyalanishlari zarur. Ilmsiz hech qanday taraqqiyot bo‘lmaydi.
Mana shu fikrlardan kelib chiqib O‘zbekistonda ilk bor “Tez o‘qish san’ati” metodikasini ishlab chiqib o‘quvchilarimizga taqdim etdik. Metodikamiz natijasida o‘quvchilarimiz 1 minutda 1000–2000 tadan so‘z o‘qib, matnni tushunib so‘zlab bermoqdalar. Ularda kitobga, mutolaaga qiziqish ortib borayotganligidan xursandmiz.
Isroil TILLABOYEV, Yaypan shahridagi 65-IDUMI matematika fani o‘qituvchisi, “AlfaPro” o‘quv markazi rahbari
Hulkaroy QOSIMOVA, Baliqchi tumanidagi 2-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi
Do'stlaringiz bilan baham: |